Toshkentda ilk bor Usmon Qur'oni va Katta Langar Qur'oni namoyish qilinadi

  • 08:26 / 13.08.2019
  • 449

Foto: Usmon Qur'oni

 “O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari 23-avgustda Islom madaniyati markaziga tashrif buyurib, dunyodagi birinchi Qur'onlardan birlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Haftalik mehmonlari O‘zbekiston musulmonlar idorasiga tashrif buyurib, u yerda butun islom dunyosining ulkan boyligi – Usmon Qur'oni va Katta Langar Qur'oni bilan tanishishadi. 

Usmon Qur'oni
Usmon Qur'onini ko‘rgani Toshkentga har yili dunyoning ko‘plab davlatlaridan yuz minglab musulmonlar va sayyohlar kelishadi. Usmon Qur'oni Qur'oni Karimning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxasi hisoblanadi. 1997-yilda YuNESKO uni “Dunyo xotirasi” ro‘yxatiga kiritgan. 

Shuningdek, Katta Langar Qur'oni ham islom dini va musulmonlar uchun ulkan diniy ahamiyatga ega. Bu qadimiy kitob butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil qiluvchi qadriyatlarga kiradi.

Mutaxassislarning baholashicha, Katta Langar Qur'onining umumiy hajmi 206 sahifadan iborat bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda uning faqatgina 97 sahifasi saqlanib qolgan. Ayni vaqtda ushbu noyob qadimgi qo‘lyozmaning qolgan yarmi taqdiri noma'lum qolmoqda.