Toshkentda noqonuniy muomaladan musodara qilingan narkotik moddalarning 1,5 tonnaga yaqini yoqib yuborildi

  • 10:59 / 24.08.2021
  • 232

Bugun, 24-avgust kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi zavodlardan birida respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan narkotik moddalarning navbatdagi turkumi yo‘q qilindi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi narkovaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omil - qo‘shni Afg‘onistonning hanuzgacha giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda yetishitirilishi, dunyoning turli mintaqalariga O‘zbekiston hududi orqali eksport qilinishidir. Tahlillarga ko‘ra, bu yerda o‘tgan yilda  224 ming gektar maydonlarda 6,3 ming tonna opiy yetishtirilgan.

O‘zbekistonda 2020-yilda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq  6032 ta jinoyat fosh etilgan. Natijada,  1 tonna  542,6 kg. narkotik moddalar musodara qilingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 28,5 foizga ko‘paygan.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilda 28,4 kg. geroin, 124,1 kg. opiy, 127,3 kg. gashish moyi,  323,9 kg. ko‘knor, 692,8 kg. marixuana, 223,9 kg. gashish va boshqa narkotik moddalar ushlab qolingan.

Bugun Davlat bojxona qo‘mitasi, DXX hamda qator tegishli idoralar nazorati ostida jami 1 tonna 350 kg.ga yaqin giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi.