Toshkentda tibbiy niqob uchun to‘xtatilgan fuqaro IIB xodimiga tan jarohati yetkazdi

  • 17:51 / 03.09.2021
  • 229

Joriy yil 28-avgust kuni Yangihayot tumani IIO FMB patrul-post xizmati xodimlari safdor Hikmatilla I. va Farxodjon X.lar Yangihayot tumani Sputnik 15 massividagi 12-son avtobus parki yaqinida tungi vaqtdagi piyoda patrullash davomida xatti harakatlari bilan shubha uyg‘otgan ikki nafar fuqaro – 27 yoshli Tursunboy N. va 30 yoshli Ulug‘bek G.larni ko‘rib qolishadi. 

Xodimlar fuqarolarning yoniga kelib, o‘zlarini tanishtirgach, jamoat joyida niqobsiz yurish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishi haqida ogohlantirishadi. So‘ng fuqarolarning shaxslarini aniqlash maqsadida ular tuman IIO FMB ichki ishlar bo‘limiga taklif qilinadilar. 

Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, yigitlar bu iltimosga javoban qo‘pol tarzda qarshilik ko‘rsatib, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysinmaganlar. Tursunboy N. boshi bilan safdor Hikmatilla I.ning burun qismiga zarba berib, unga tan jarohati yetkazgan. Tursunboy N. va Ulug‘bek G. lar voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

“Mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Yangihayot tumani prokuraturasiga yo‘naltirildi.

Yangihayot tumani prokuraturasi Tursunboy N.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, – deyiladi poytaxt IIBB Matbuot xizmati xabarida.