Toshkentda yana 12 nafar “Hizb-ut Tahrir” aʼzolari qo‘lga olindi

  • 14:37 / 17.09.2021
  • 162

Joriy yilning 17-sentyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida istiqomat qiluvchi 12 nafar “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi deya xabar bermoqda IIV.
Qayd etilishicha, tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olingan gumondor shaxslarning barchasi ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelishgan. Bundan tashqari, ular O‘zbekistonda “Xalifalik” davlatini qurish haqidagi g‘oyalarni doimiy ravishda targ‘ib qilib kelishgan.
Mazkur shaxslarning yashash manzillari va uyali aloqa vositalaridan “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining adabiyotlari va materiallari topilgan.
“Hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bir hafta avval Toshkent shahrining Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirgʻali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti” jamoasi jinoiy faoliyatiga chek qoʻyilgandi.