Toshkentga yana 20 ta zamonaviy metro vagonlari olib kelinmoqda

  • 15:57 / 13.10.2021
  • 92

Rossiyaning "Transmashxolding" kompaniyasi Toshkentga yangi metro vagonlarining navbatdagi partiyasini yubordi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun, 13-oktyabr kuni "Transmashxolding" AJ tarkibiga kiruvchi "Metrovagonmash" AJ 20 ta zamonaviy metro vagonlarini Toshkentga jo‘natdi va “Toshkent metropoliteni” bilan imzolangan shartnoma majburiyatlarini to‘liq yakunladi.

Yuborilgan vagonlardan Toshkentda to‘rt vagonli beshta metro poyezdi shakllantiriladi. Qayd etilishicha, ushbu modifikatsiyadagi harakatlanuvchi tarkiblar yetkazilishi bilan Toshkent metropolitenida zamonaviy poyezdlar soni jami 60 vagonni, yaʼni 15 ta to‘rt vagonli poyezdlarni tashkil etdi. 

Avvalroq, "Metrovagonmash" AJ tomonidan Toshkentga 2019-yilda metropolitenning 20 ta vagondan iborat birinchi partiyasi, 2021-yil avgust oyida esa yana 20 ta metro vagoni jo‘natilgani haqida ma'lum qilingan edi.

Yangi metro vagonlarining barchasi Toshkent metrosining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqarilgan. Mazkur metro vagonlarining xizmat qilish muddati 30 yil. Metro poyezdining konstruksion tezligi soatiga 90 km.

Ma’lumot uchun, “Toshkent metropoliteni” va “Metrovagonmash” poytaxtda metro tashkil etilganidan buyon, yaʼni 1977-yildan hamkorlik qilib keladi.