Tramp saylovlarda yutqazsa, mag‘lubiyatini tan olishga va’da berdi 

  • 13:08 / 13.06.2020
  • 1067

Oq uy rahbari Donald Tramp agar noyabr oyida o‘tkazilishi kutilayotgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonmasa, mag‘lubiyatini tan olishini aytdi, deya xabar berdi  Fox News telekanali. Amerika rahbari, shuningdek, agar bu bellashuvda Demokratik partiyaning nomzodi Jozef Bayden g‘alaba qozonsa,  “bu mamlakat uchun juda achinarli bo‘ladi”, degan.  
Bundan tashqari, u Baydenda Rossiya va boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borish qobiliyati borligiga shubha qilmoqda. Tramp bu fikrlarini o‘zining  Twitter’dagi sahifasida bayon qilgan.   

“Sizning fikringizcha, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va boshqalar u bilan muzokaralarda nima qiladi? Bizda hech qanday mamlakat qolmaydi!” – deya fikrini bildirgan Tramp. Shu tariqa davlat boshlig‘i Baydenning o‘z tezislarini tahrir qilayotganda qiynalayotgan holatlari aks etgan videoyozuvni sharhlab bergan. Bayden bir kun oldin agar Tramp o‘z mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortsa, harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirishidan ogohlantirgan edi. 
 
Sobiq vitse-prezident agar Tramp saylovlarda yutqazsa-yu, o‘z o‘rnini tark etishni istamasa, harbiylar Trampni Oq uydan kuzatib qo‘yishlariga “mutlaqo ishonmoqda”. Tramp “bu saylovlarni o‘g‘irlashga harakat qiladi”, dedi Bayden. “Bu mening eng katta muammom – mening muammom. Bu prezident saylovlarni o‘g‘irlashga harakat qiladi”, – dedi siyosatshunos yaqinda Trampni tanqid qilgan harbiylar bilan “faxrlanishi”ni bildirgan holda.
Oy uy matbuot kotibi Keyli Makinani Baydenning so‘zlarini “Bema’ni gap” ekanligini aytdi, deya xabar beradi CNN.

Vakillar palatasining a’zosi, Luizianalik demokrat, Baydenning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Sedrik Richmond ham agar Tramp saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olishni istamasa, hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashishini ta’minlash uchun harbiylar aralashuvi ehtimoli borligini bildirgan. Richmond “Men yuqori martabali harbiylar hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashinuvini ta’minlashiga ishonaman”, – degan. Fransiyaning Le Figaro gazetasi sharhlovchisi Nikolya Bavrening taxminicha, AQSh fuqarolar urushi chegarasida turibdi: “Gʻazab AQShni parchalab, uning yetakchiligiga barham beradi”, – deya yozadi u. Uning fikricha, Tramp “Amerikani yangitdan buyuk qilamiz” shioriga amal qilganicha “o‘zini o‘zi o‘limga mahkum qiluvchi” siyosatni yurgizmoqda. Buning o‘rniga Oq uy xo‘jayini “Amerikani yana birlashtiraylik” shioriga ahamiyat bergani ma’qulmidi, deya fikr bildiradi Bavre.  

Maqolada, shuningdek, AQSh hozir boshidan kechirayotgan tizimli inqiroz oxirgi o‘n yilliklar ichida eng o‘tkiridir, degan so‘zlar mavjud. Koronavirus pandemiyasi Amerika iqtisodiga jiddiy zarba beradi – AQSh yalpi ichki mahsulot aylanmasi yil oxirigacha 6,5 foizga tushib ketadi, deb taxmin qiladi Bavre. Har qanday davlatning ijtimoiy asosi – o‘rta sinf va u AQShda katta tezlik bilan kambag‘allashib bormoqda.  Bunga yana retsessiya va ishsizlik qo‘shiladi. Bavrening so‘zlariga ko‘ra, 3 oy ichida 45 millionga yaqin odam ishsiz qolgan.
“Millatning parchalanishi”ga Trampning ommaviy namoyishlar va tartibsizlarga munosabati ham sabab bo‘lishi mumkin. Ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar Minneapolisda politsiya zo‘ravonligi qurboni bo‘lgan afroamerikalik Jorj Floyd o‘limidan keyin deyarli butun mamlakatni qamrab olgandi. Fransuz jurnalistining ta’kidlashicha, Trampning namoyishni bostirishga va olomonga bo‘lgan munosabati tufayli mamlakatda “qo‘rquv va nafrat” saqlanib turibdi. Bundan tashqari, Amerikani “demagogiya” buzmoqda, amerikaliklarning milliy o‘zlikni anglashi esa “individualizmning haddan tashqari kuchayib borishi” oqibatida zaiflashmoqda”.

Bavrening taxminicha, kelayotgan kuzdagi saylovlarda Tramp g‘alaba qozona oladi – uning asosiy raqibi juda ham ishonchli emas. Biroq Trampning g‘alabasi “Shtatlarni xarobaga aylantirali”. Trampning o‘zi agar demokratlar uning “Rossiya bilan aloqalari”ni taftish qilishmasa, elektoral reytinggi Baydenga qaraganda 25 foiz yuqori bo‘lishi mumkinligi haqida Twitter’dagi sahifasida yozgan. “Agar 3 yil mobaynida doimiy ravishda yolg‘on va noqonuniy taftishlarga uchramaganimda edi, men uyquchi Jo va hech ish qilmaydigan demokratlardan 25 punkt yuqorida bo‘lardim”, – deya yozadi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaziyat adolatsiz, biroq uni hech qanaqasiga o‘zgartirib bo‘lmaydi. AQShda prezident saylovlari joriy yilning 3-noyabrida bo‘lib o‘tadi. Amaldagi baholarga qaraganda, Jo Baydenning elektoral reytingi Donaldnikidan taxminan 5.5 foizga yuqori.