Tuxumni qanday iste’mol qilish kerak?

  • 11:43 / 04.10.2019
  • 1384

Amerikalik tadqiqotchilar kuniga ikkitadan ko‘p tuxum iste’mol qiladigan odamlar yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga duchor bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni taqdim etdi. Bu ularda erta o‘lim xavfini oshiradi. Ammo hamma shifokorlar ham bu xulosaga qo‘shilmaydi. Yurak va qon tomirlari sog‘ligi uchun qo‘rqmasdan qancha tuxum yeyish mumkin?

Rossiyaning taniqli shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Margarita Koroleva tuxumni qanday iste’mol qilish haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U haftalik parhezda tuxum 4-5 donadan ko‘p bo‘lmasligi kerak deydi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, tuxumlarni yaxshilab pishirish kerak. Chala pishgan tuxumni iste’mol qilish tovuqdagi mavjud kasalliklarning odamga yuqishiga imkon yaratadi. Faqat bedana tuxumlarini xom iste’mol qilish mumkin, deydi Koroleva. Chunki, yuqori tana harorati tufayli bu qush deyarli kasal bo‘lmaydi.

Nonushtaga tuxum iste’mol qilish tavsiya etiladi

– Nonushta taomlari orasida tvorog, parranda go‘shti va tuxum bo‘lishi kerak. Faqat bularning barchasi o‘zgarib turishi lozim. Keyin ovqatlanish muvozanatli va o‘zgaruvchan bo‘ladi, organizm barcha kerakli elementlarni oladi, – deydi mutaxassis.

Tuxumning qon tomirlari va yurak sog‘ligiga ta’sirini izohlab, shifokor yurak-qon tomir kasalliklarini rivojlanish xavfi nuqtai nazaridan, tuxumga qaraganda shakar va fruktoza iste’mol qilish zararliroq deydi. Margarita Koroleva yurak va qon tomirlarini sog‘lom saqlashni istaganlar parhezda shakar iste’molini cheklash kerakligini maslahat beradi.

Tuxum chindan ham xolesterinni o‘z ichiga oladi, ammo bu mahsulotni iste’mol qilmaslik uchun sabab emas. Tuxum letsitinning muhim manbai bo‘lib, u tanadagi metabolizmga ijobiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, tuxumdagi oqsil inson salomatligi uchun foydali, – deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.