Tuzni ko‘p iste'mol qilishning zarari

  • 11:29 / 11.12.2015
  • 23223

Tuz taom ta'mini yaxshilashdan tashqari inson organizmi uchun muhim hamdir. Osh tuzi tarkibidagi asosiy unsurlardan biri bo‘lgan natriy qon aylanishi va bosimini me'yorlashtiradi, shuningdek, asab tolalari va muskul to‘qimalari orasidagi signal almashinuvida yordam beradi. Osh tuzi tarkibidagi ikkinchi unsur bo‘lgan xlor esa ovqat hazm bo‘lishiga yordamlashadi. 

Biroq ko‘p miqdorda iste'mol qilingan tuz zararlidir. Yarim fabrikatlar tarkibida tuz me'yoridan ortiq bo‘ladi; restoranlarda ovqat shirin bo‘lishi uchun tuzni ko‘p solishadi. Sho‘r taomlarning iste'mol qilinishi esa inson organizmiga  salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Ko‘p tuz iste'mol qilish oqibatida tanada ko‘p suv to‘planadi. Buning sababi esa quyidagicha: qondagi chiqindilarni filtrlovchi buyraklar elektrolitlarning (natriy va kaliy) suvga nisbatan qat'iy muvozanatini tutib turadi. Tuzning organizmga ko‘p miqdorda kirishi natijasida buyraklar tanada mos ravishda ko‘proq suvni ushlashga majbur bo‘ladi. Organizmda ko‘p miqdorda suv to‘planishi esa vena va arteriya tomirlarini kengaytirishga sabab bo‘luvchi ko‘proq qon aylanishiga, bu esa qon bosimining ko‘tarilishiga olib keladi.

Bilamizki, sho‘r ovqat yeganimizdan keyin chanqaymiz – organizmimiz shu tarzda natriyning suvga bo‘lgan nisbatini tiklashga urinadi. Agar sho‘r taom iste'mol qilib ko‘p suv ichaversangiz, qon bosimiga duchor bo‘lasiz. Agar kam suv ichsangiz — tanangizning o‘zi kerakli miqdordagi suvni hujayralardan oladi, bu esa tananing suvsizlanishiga sabab bo‘ladi.

Tuzni ko‘p iste'mol qiladigan kishilar hojatxonaga tez-tez borishadi. Bu esa har safar suyak va tishlarimiz mustahkamligini ta'minlaydigan kalsiyning tanamizdan chiqib ketishini bildiradi. Kalsiyning tanadan ko‘p miqdorda chiqib ketishi osteoporozni keltirib chiqaradi.

Ayrim tadqiqotlarda aniqlanishicha, tuzni ko‘p miqdorda iste'mol qilish oshqozon yarasi va oshqozon rakiga ham olib kelishi mumkin ekan.

Iste'mol qilayotgan taomlaringizdagi tuz miqdoriga e'tibor bering: har holda o‘ta sho‘r mahsulotlardan voz kechish foydadan xoli emas.

 

 

Teglar