«Uchta parallel daryo» - Xitoyning eng chiroyli milliy bog‘i

  • 06:40 / 22.04.2019
  • 1337

Xitoyning janubi-g‘arbiy qismida go‘zalligi jihatidan g‘aroyib joy bor. U yerda Osiyoning eng katta uchta daryosi bir-biriga parallel oqadi, ularning hayratli vodiylari bir-biriga juda yaqin joylashgan. Bu Yanszi, Mekong va Saluin daryolarining yuqori o‘zanlari bo‘lib, ular Xitoyning «Uchta parallel daryo» nomli milliy bog‘ida birlashgan.

Sino-Tibet tog‘lari ko‘pincha Sichuan Alpi deb ataladi, ular Tibet tog‘ tizmalaridan sharqqa cho‘zilgan. Uch daryo aynan shu yerdan boshlanadi va 170 kilometr davomida janub yo‘nalishida oqib tushadi. Bu kabi tabiat fenomeni dunyoning boshqa hech bir yerida uchramaydi. Past tog‘li hududga chiqqanida uch daryo ajraladi va boshqa hech yerda uchrashmaydi.

Sharqqa buriladigan Yanszi nafaqat Xitoydagi eng ulkan daryo, balki qit'aning eng uzun va sersuv daryosi sanaladi. Mekong esa o‘zining janubiy yo‘nalishini davom ettiradi va bir vaqtning o‘zida uchta mamlakat – Tailand, Kamboja va Laosning asosiy daryosiga aylanadi. Saluin ham suvini janubga, Andaman dengiziga olib boradi.

Tibet tog‘lari sharqiy qismlarining absolyut balandligi 5-6 ming metrga yetgani sababli janub tomon harakatlangan daryolar ham ayrim hududlarda 3 ming metrga yetadigan chuqur vodiylarni shakllantirgan. Bog‘da go‘zal manzarali dara va vodiylar ko‘p. Ularga olib boruvchi sayyohlik marshrutlari yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq bu joy nafaqat uchta parallel daryolari bilangina qiziq, undagi bioxilma-xillik kishini o‘ziga jalb etadi. Mamlakat maydoni bilan qiyoslaganda u qadar katta bo‘lmagan hududda Xitoyda kuzatilgan jami tirik organizmlarning chorak qismidan ortig‘i uchraydi. Albatta, o‘simliklar ham xilma-xil – bog‘ hududida ularning 6 mingdan ortiq turlari qayd etilgan. Biologik nuqtai nazardan bu kabi to‘kinlik nafaqat relef va iqlim xususiyatlarining xilma-xilligi, balki mintaqaga yetib kelishning qiyinligiga bog‘liq. Yunnan provinsiyasining bu qismida aholi zich joylashmagan, odamlarning xo‘jalik faoliyati bir necha qishloqlarning hayoti va turizmni tashkil etish bilan cheklanadi.

Teglar