Ularni yo‘qotyapmiz: qurt-qumursqalar yo‘qolib ketsa, sayyoramiz qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

  • 10:15 / 28.02.2019
  • 2685

 

Hasharotlar yoki ularning yarmi yo‘qolib ketsa, sayyoramiz qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Ko‘pchiligimiz bu haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmaganmiz yoki shunday holat yuz berganida ham hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz. Olamda chivin va pashshalar biroz kamaysa, insoniyat yengil tin oladi. Biroq chivin va pashshalar hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘q. Ammo sayyoraning boshqa hasharotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Yaqinda e'lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yevropa va Shimoliy Amerika hududlaridagi hasharotlarning barcha turlarining 40 foiziga yaqini to‘liq yo‘qolish yoqasida turibdi.

Hasharotlar sayyoramiz ekotizimida qanday o‘rin egallaydi va ularning yo‘qolishi qanday tahdid soladi? O‘zining juda kichik o‘lchamlari sabab ular bizga u qadar zarur bo‘lib ko‘rinmaydi. Biroq umurtqasizlarning ushbu turi vakillari Yerda eng qadimgi davrlardan beri yashaydi va sayyoraning deyarli barcha ekotizimlariga singib ketgan, shuning uchun ularning ta'siri juda yuqori.

Ularning o‘lchamlari kishini hayratga solmasa-da, hasharotlar sayyoradagi bizga ma'lum tirik organizmlarning 90 foizini tashkil etishi bizni o‘ylashga majbur qiladi. Ular o‘simliklarni changlantiradi, tuproqni hosil qilishda muhim halqa sanaladi, sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar va baliqlar uchun ozuqa vazifasini bajaradi va boshqa ko‘plab foydali vazifalarni bajaradi.

Uchadigan, sudraladigan va suzadigan jonzotlarning g‘aroyib mikroolami yo‘qolish xavfi ostida qolmoqda. Hasharotlarning bir qismi yo‘qolsa, sayyora qay holatga kelishini tasavvur etish mushkul. Hozircha faqat Yevropa va Shimoliy Amerika bo‘yicha ishonchli ma'lumotlar olingan, biroq entomologlar dunyoning boshqa qismlarida ham ana shunday vaziyat yuzaga kelgan degan fikrda. Hasharotlar olami ayanchli holatining asosiy sababi bu – inson faoliyati. Yerga ishlov berish va ularni pestitsidlar bilan to‘yintirish so‘nggi o‘n yillarda sayyoradagi hasharotlar miqdori keskin qisqarishining asosiy sabablaridan biri sifatida qayd etilgan. Zaharlovchi moddalar nafaqat zararkunanda hasharotlar, balki dorilar ta'sirida qolgan barcha hasharotlarni ham o‘ldiradi. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi va iqlim o‘zgarishi ham hasharotlarning yo‘qolishiga «o‘z hissasini qo‘shadi».

Hasharotlar bir qismining yo‘qolishi bilan odatiy olam qay darajada o‘zgarishiga ularning ekotizimdagi o‘rnidan kelib chiqqan holda baho berish mumkin.

Insoniyat sivilizatsiyasi qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining asosiy changlantiruvchisi - ari va tukli arilarni sun'iy ravishda ko‘paytirish bilan shug‘ullanmoqda. Chunki ularning soni kam. Biroq u hasharotlar bir qismining nobud bo‘lishini yuzaga keltiradigan salbiy ta'sirni bartaraf eta olishi yoki aksincha ekanini yaqin kelajakda bilib olamiz.