Uloqtirilgan o‘quv qurollari, o‘t o‘chiruvchi mashinalar: Bitiruv kechasi turli mamlakatlarda qay tarzda nishonlashadi?

  • 14:03 / 25.05.2020
  • 189

Maktabni tamomlash yoshlarga yana bir yangi, mustaqil hayotga qadamni ta’minlab beradi. Turli mamlakatlarda quvonch va hayajonga boy bitiruv kechalari turlicha nishonlanadi. Quyida shular haqida...

Germaniya

Germaniya maktablarida bayram yakuniy imtihonlar va testlardan bir oy oldin boshlanadi. Shunda, birdan maktabdagi rollar o‘zgaradi: bo‘lg‘usi bitiruvchilar o‘qituvchilari bilan ko‘proq norasmiy va ko‘pincha darsdan tashqari mavzularda muloqot qilishni boshlaydi. Bu mutlaq ravishda tabiiy sodir bo‘ladigan jarayon bo‘lib, rollarning o‘zgarishining ham o‘z ma’nolari bor. Ya’ni, bu o‘quvchilarga “bolalik zanjirlarini” uzib yuborishga, mustaqil hayotga kirishga ruhiy tayyorgarlik ko‘rishga, kattalar va tengdoshlari bilan erkin muloqot o‘rnatishga yordam beradi, deb ishoniladi. Barcha imtihonlar tugaganidan so‘ng, bayram sifatida katta kechki taom dasturxoni yoziladi. Unda odatda, bitiruvchining barcha yaqin qarindoshlari ham ishtirok etishadi.

Xitoy

Xitoyda bitiruvchilar ularga maktabni eslatadigan barcha narsalar: daftar, forma, ruchka, o‘quv qurollari, darsliklardan qutulishga harakat qilishadi. Bunday “bitiruv”dan keyin ko‘chalarni tozalashga anchagina vaqt va kuch sarflanadi.

Avstraliya

Avstraliyada bitiruv kechasiga o‘zgacha transportda kelish an’anasi mavjud. Bunda siz, o‘t o‘chiruvchi mashina, traktor, kombayn yoki boshqa har qanday o‘zgacha transport vositasida kechaga kelishingiz mumkin.

Italiya

Italiyada “сena con i professori”, ya’ni, o‘qituvchilar bilan kechki ovqatni tashkil qilish odati bor. Bu marosimda o‘quvchilar o‘z o‘qituvchilarini biror restoranga taklif qilishadi va hisobni o‘zlari to‘lashadi. Ammo italiyaliklarda ushbu marosim uchun ota-onasidan pul so‘ralmaydi. Bitiruvchilar allaqachon katta bo‘lishganini va mustaqil hayotga tayyor ekanliklarini isbotlash uchun o‘zlari ishlab topgan pul hisobidan ularni restoranga taklif qilishadi. Pul topish uchun esa, qo‘lda ishlangan buyumlar yarmarkalarini tashkil etish, tomoshalar ko‘rsatish va o‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish odatiy holdir. Biroq ba’zi hollarda o‘quvchilar yetarli darajada pul topa olishmasa, arzonroq joyga yoki shunchaki pikniklarga chiqishadi. Shuningdek, italiyaliklarda oyoq kiyim iplarini bog‘lash va shu holda sakrash kabi odatlar bor.

AQSh
AQShda barcha o‘ziga juft tanlab, jufti bilan boriladigan bal tashkil qilinadi. Yigit o‘zi tanlagan hamrohiga uning ko‘ylagi rangida gul sovg‘a qilishi kerak bo‘ladi. Ushbu balda kechaning “qirol va qirolichasi” aniqlanadi. Balda alkogol iste’mol qilish taqiqlangan.

Argentina

Argentinada bitiruvchilar ketchup, sirop va yogurtlar sepib kutib olinadi. Shuningdek, bitiruvchilar kiyimlari qaychilarda kesiladi. Shuning uchun ham bitiruvchilar ushbu kunda oddiy jinsi va futbolkalar kiyishadi.

Norvegiya

Norvegiyada bayram maktabni tamomlashdan ikki hafta oldin boshlanadi. Bitiruvchilar kulgili kombinezonlar kiyishadi va 14 kun davomida xursandchilik qilishadi. 1-may kuni tunda ular bir-birlarining kiyimlariga o‘z tilak va fikrlarini yozishadi. Ularning kombinezonlarining rangi esa, bo‘lajak kasblariga qarab tanlanadi.

Ushbu bayram qayerda va qanday nishonlanishidan qat’i nazar, barcha an’ana va odatlar mustaqil hayotga qadam qo‘yish hamda hayajonli damlarni xotirada saqlab qolish uchun o‘tkaziladi.

Guljahon Sanjarbekova tayyorladi