Uy bekalari uchun: Kiyimni to‘g‘ri dazmollash siri

  • 15:27 / 14.02.2020
  • 427

Kiyim dazmollashni ko‘pchilik xush ko‘rmasa kerak. Bir uyum kiyimni tekis qilib dazmollash uchun eh-he, qancha vaqt, qancha mehnat ketadi. Qancha dazmol ursangiz ham, burmalar hech tekislanavermasa-ku, asabingiz ham ketib qoladi. Xo‘sh, kiyimni osongina, qisqa vaqtda dazmollash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

1-tavsiya: Yuvilgan kiyim kir mashinasida qolib ketmasin
Kir mashinadan yuvilib, qurigan kiyimni darhol olib qo‘ying. Aks holda, ulardagi g‘ijimlikni tekislash uchun ko‘p vaqt sarflanadi. Vaqt tig‘iz paytda kir mashinasining “yengil dazmollash” funksiyasidan foydalaning. Bunda kir mashina kiyimni kamroq chayadi va chayish vaqtida ko‘proq suv qo‘shadi. Bu esa kiyimdagi g‘ijimlar sonini kamaytirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, qurilmaning “kechiktirilgan start” funksiyasidan ham foydalanishingiz mumkin. Bunda mashina kirni siz ishdan kelgan vaqtingizga yaqin vaqtda yuvib qo‘yadi. 

2-tavsiya: Kiyimni dazmollashdan oldin silkiting
Yuvilgan kirga dazmol urishdan avval uni yaxshilab silkitib, dazmol taxtasiga yoyib, kiyim yuzasini qo‘lingiz bilan tekislashni unutmang. Bunda kiyim bir tekisda dazmollanadi.

3-tavsiya: Kiyim matosiga e’tibor bering
Yumshoq matoli, ipak, neylon, poliesterdan tikilgan kiyimlarni dazmollashdan so‘ng, albatta, ilgichga osib qo‘ying. To‘qilgan kiyim va sviterlar ham yengilgina tekis bo‘ladi. Ularni dazmollab bo‘lgach, bemalol taxlab qo‘yishingiz mumkin.

4-tavsiya: Paypoqlarni yumaloqlamang
Paypoqlarga dazmol urish shart emas. Ammo, ularni bir-biriga kiydirib, yumaloqlash ham mumkin emas. Chunki, bu holatda paypoqning rezinkasi cho‘zilib ketadi. Yaxshisi, ularni o‘rtasidan buklab qo‘yib qo‘ying.

5-tavsiya: Kiyimni to‘g‘ri taxlang
Har bir kiyim o‘ziga xos tarzda tikiladi. Uni kiyim javonga taxlashdan oldin burma chizig‘i uning qayeriga  tushib qolishini ham inobatga oling.
 
Masalan, yupqa yung matoli sviterni yoki ko‘ylakni uzunligi bo‘yicha, o‘rtasidan buklab qo‘ysangiz, chiziq uning o‘rtasiga tushib qoladi. Xuddi shu holat klassik uslubidagi shimlarga ham taalluqlidir. Ularni taxlamay, ilgichga ilib qo‘ying.

6-tavsiya: Taxlangan kiyimlarni javonning eng yuqorisida saqlash
Javonning eng yuqorisiga qo‘yilgan kiyimni olaman deb, qo‘lingiz bilan unga uzalasiz. Oqibatda, kiyimlarning bir nechtasini yerga tushirib yuborasiz. Bu holatning oldini olish uchun javonning eng yuqorisiga mavsumiy kiyimlar, ortiqcha yostiq, odeyal, yopinchiqlarni qog‘oz qutilarga solgan holda joylashtiring.