Uy sharoitida tayyorlash tavsiya etiladigan 5 mahsulot

  • 09:32 / 21.09.2021
  • 132

Zamonaviy odamlarning turmush tarzi bundan 100-200 yil avval hayot kechirgan odamlarning turmush tarzidan anchayin oson va yengilroq. Kir liboslar mashina yordamida yuviladi, idish yuvish, uydagi tartibni saqlash vazifalarini ham zamonaviy texnika vositalari oʻz zimmasiga olgan. Biror mahsulotni sotib olish uchun istalgan doʻkonga kirib xaridni amalga oshirish va sanoqli daqiqalar ichida ochlik hissidan qutulish mumkin.

Tayyor mahsulotlar hayotimizni osonlashtirishga yordam berishi rost, ammo ushbu qulayliklar ortida xavf-xatar ham borligini hisobga olmasak boʻlmaydi. Tayyor mahsulotlarning aksariyati tarkibiga kimyoviy moddalar qoʻshiladi, pishirish texnologiyasida turli xatolarga yoʻl qoʻyiladi, ayrim korxonalardagi sharoitlar sanitariya talablariga javob bermaydi. Bunday mahsulotlarni doʻkonlardan sotib olish emas, uy sharoitida tayyorlash tavsiya etiladi.

Pishloq

Ushbu mahsulot odam organizm uchun oʻta foydali, uning tarkibida katta miqdorda oqsil, kaltsiy, vitaminlar va mikroelementlar mavjud. Pishloqni istalgan doʻkondan topish mumkin, ammo ularning sifatini talabga javob beradi deb boʻlmaydi. Ishlab chiqaruvchilarning aksariyati pishloqlar tarkibiga mahsulotning yaroqlilik muddatini oshirishga yordam beradigan fosfat hamda nitritlar qoʻshishadi. Ular esa salomatlikka katta zarar yetkazadi.

Kolbasa va sosiska

Kolbasa mahsulotlarining aksariyati tarkibida katta miqdorda yogʻ va tuz saqlanadi. Uning ishtahaochar boʻlishi uchun tarkibga turli konservantlar va boʻyoqlar qoʻshib yuborishadi. Uni qanday goʻshtdan tayyorlashlari ham, aslida mahsulot tarkibida goʻshtning bor-yoʻqligi ham nomaʼlum. Nima demoqchi ekanligimizni tushundingiz-a?

Tayyor chuchvara

Tayyor chuchvarani sanoqli daqiqalar ichida qaynatib, issiqqina holatda tanovul qilib olish qanday yaxshi... Ammo, doʻkonlarda sotiladigan chuchvaralarning aksariyati tarkibiga nimalar qoʻshilgani nomaʼlum. Shuning uchun chuchvarani oʻz qoʻllaringiz bilan tugishga aslo erinmang. Vaqt ketsa ketsin, salomatlikka zarar yetmasin!

Qaylalar

Doʻkonlarda sotiladigan qaylalar (mayonez, ketchup) tarkibiga qanday mahsulotlar qoʻshilganini ishlab chiqaruvchilardan boshqa hech kim bilmaydi. Shunisi aniqki, bunday qaylalar asosini kraxmal tashkil qiladi. Uy sharoitida tayyorlangan mayonez yoki ketchup tayyor mahsulotdan bir necha barobar mazaliroq boʻladi.

Tvorog va sut mahsulotlari

Tvorog – parhezbop mahsulotlarning eng mashhurlaridan biri. U organizmga kaltsiy va oqsil yetkazib beradi. Koʻp hollarda tvorog ishlab chiqarish jarayonini arzonlashtirish uchun uning tarkibiga kraxmal va oʻsimlik yogʻlarini qoʻshib yuborishadi. Doʻkonlarda sotiladigan yogurtlar va sut mahsulotlarining tarkibi ham xuddi shunday. Yogurt tarkibida katta miqdorda shakar, boʻyoqlar va konservantlar saqlanadi.