Uydagi tartibsizlikka qarab odam haqida nimalarni bilib olsa bo‘ladi?

  • 10:00 / 15.01.2020
  • 925

Do‘stlaringiznikiga mehmonga borganda, birinchi bo‘lib nimaga e’tibor qaratasiz? Kimdir darrov oshxonaga o‘tib choy ichishga shoshiladi, kimdir interyerni tomosha qiladi, kitoblar va yutuqlarga nazar soladi, kimdir esa dizaynga mutlaqo e’tiborsiz – unga muloqot muhim. Bu to‘g‘ri. Boshqa oila – boshqa qonunlar, uydagi tartibni baholash bizning ishimiz emas. Boshqa tomondan esa, mayda narsalar ham uy egalari haqida ko‘p narsani aytib berishi, psixologik portreti, muammolari, ichki kechinmalarini ochiqlashi mumkin. Sherlok Xolms bo‘lishga va ko‘p narsani bilishga tayyormisiz? Keling, tartibsizlik nimani anglatishini bilib olamiz.

1. Kir idishlar uyumi
Kir likopchalar va tovalar bilan to‘lib ketgan, hamma joyini yog‘ bosgan, bittagina bo‘lsa-da toza piyola bo‘lmagan oshxonani birinchi marta ko‘rayotgan bo‘lsangiz – katta ehtimol bilan xonadon egasi “kerak” va “shart” prinsiplariga amal qilishga o‘rganmagan. Bunday odamlar o‘z istaklarini hamma narsadan yuqori qo‘yadi. Ular hozirgi vaqt bilan yashaydi va arzimas narsalarni deb qayg‘urmaydi. Shiori: “Mening istaklarimdan muhimroq narsa yo‘q!” Boshqa variant – kishi hayotining qiyin davrlarini: stress, asabiyliklarni, stabillik yo‘qligini, vazifalarning haddan ziyod ko‘pligini boshdan kechirmoqda. Ehtimol, depressiyaga tushishiga bir qadam qolgan, shuning uchun idish yuvgani kuchi yo‘qdir. E’tiborli bo‘ling, kerak bo‘lsa, yordam taklif qiling.

2. Ortiqcha buyumlarning ivirsib yotishi 
Ortiqcha narsalarni xonada yoki balkonda saqlash, eski kiyimlar, buzilgan texnika, yaroqsiz mebeldan qutulolmaslik yashashga hech vaqosiz qolishdan qo‘rqish, o‘zini himoya qilish, stabillik illyuziyasini yaratishdir. Bunday xonadon egalari – xavotirli o‘tmishga bog‘lanib qolgan, ehtimol inqirozli yoki butunlay taqchillik davrlarini boshdan kechirgandir. Bir paytlar juda qiynalishgan – o‘ziga ovqat, kiyim sotib ololmagan – endi yig‘ish odatidan xalos bo‘lolmayapti. Aytgancha, bu “kasallik” postsovet makonida yashaydigan odamlarga yaxshi tanish.

3. Kirish joyidagi tartibsizlik
Shunday bo‘ladiki, mehmonga kelasan-u, mehmonxonaga o‘tolmaysan. Eshik oldida tartibsizlik. Hamma joy sumkalar, qutilar, paketlar bilan to‘lgan, oyoqkiyimlar sochilib yotibdi, lekin xonadonning o‘zi toza va shinam. Bu nimani bildiradi? Uy egalari begonalar tashrifini xushlamaydi. Ularga katta davra noqulaylik tug‘diradi, shovqinli bazmlarni, chaqirilmagan mehmonlarni  yoqtirishmaydi, shuning uchun ongsiz ravishda tashqi olamdan himoyalanishadi. Ba’zida ostonadagi tartibsizlikning sababi – surunkali charchoq. Kishi ishdan keladi, ustki kiyimini amallab yechadi – ustidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi va birdan dam olgani xonasiga kirib ketadi, tartibni saqlashga esa vaqti yo‘q.

4. Yozuv stolidagi tartibsizlik
Yozuv stolida chiqindilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, odam katta ehtimol bilan ishlarni keyinga surish odatidan aziyat chekadi va o‘zini foydali ishlar bilan shug‘ullanishga majburlolmaydi. Ko‘pincha ijodkor odamlar bunday diagnozdan aziyat chekadi – chunki ular jadval emas, ilhom bilan ishlaydi. Boshqa tomondan, ortiqcha tozalik va tartibga rioya qilsa, hamma narsa rangi, shakliga ko‘ra tartiblangan bo‘lsa – xavfsirash kerak. O‘ta tozalik obsessiv-kompulsiv sindrom (xayoldan ketmaydigan xatti-harakatlar) yoki epileptik buzilishdan aziyat chekadigan xavotirli shaxslarda bo‘ladi.

5. Tashqi tartibga yashiringan ichki betartiblik 
Bu sindrom deyarli har bir o‘smirga tegishli. Tashqi tomondan xona ideal ko‘rinadi, ammo stol tortmasini yoki shkaf eshigini ochishingiz bilan – boshingizga “syurprizlar” yog‘iladi. Tartibsizlikning bunday ko‘rinishi infantil (bola singari) odamlarga – atrofdagilarning fikriga qaram kishilarga xos. Ular perfeksionist ham bo‘ladi. Aslidagidan-da yaxshiroq ko‘rinishga intiladi, ammo o‘zlari belgilagan cho‘qqiga yetolmaydi va asabiylashib yuradi.

6. Kir derazalar, chang tokchalar 
Tanishingiz bir yildan ortiq vaqt mobaynida xonadonining derazalarini yuvmasa, gullarga yaxshi qaramasa, tokchadagi bir santimetrli changga bee’tibor bo‘lsa – katta ehtimol bilan, u nozik qalbli introvert, illyuziyalarda yashashni ma’qul ko‘radigan orzumanddir. U ijtimoiy maqomga bog‘lanmagan. Hayoti davomida uzoq muddatli rejalar qo‘ymaydi. Ichki olamiga g‘arq bo‘lib, tashqi olam agressiyasidan himoyalanadi. Ba’zida bu depressiyaning, quvonch va hayot mazmuni yo‘qolishining belgisi. Bunday odamlar odatda falsafiy savollar beradi, abadiyat haqida o‘ylaydi. 

7. Ta’mirtalab uy
Qarshingizdagi uy to‘kilay-to‘kilay deb turibdi. Quvurlardan suv chakillaydi. Javonlar eshigi yopilmaydi. Gul qog‘ozlari yirtilib yotibdi. Ikki yildan beri devorga osilmagan ko‘zgu unga suyalgancha turibdi. Ozgina pul bilan ham uyni epaqaga keltirish mumkin bo‘lsa-da, tanishlaringiz yarim asrdan beri shu ahvolda yashaydimi? Bunday total apatiyaning ikki sababi bor.  Uy egalarining irodasizligi – hayot oqimi bo‘ylab suzishga va “jabrdiyda” rolida yashashga o‘rgangani. Yoki bostirilgan agressiya tufayli ta’mirlash ishlariga qo‘l siltagan. Ehtimol, oiladagi munosabatlarda kelishuv yo‘q. Xafagarchiliklar, alamlar yig‘ilib qolgan, natijada – odamlar shunday ayyor usulda bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishdan bosh tortgan: “Hech narsa qilmayman, botqoqda yasha!”