Kun davomida tanamizning og‘irligi oyoqlarga tushadi. Natijada ular zo‘riqib, og‘riydi. Agar bu holat tez-tez va doimiy kuzatilsa, qandaydir kasallik belgisi bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, ular qanday xastaliklar?
Quyida ular haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Endarteriit
Bu xastalik payti boldirdagi o‘tkir og‘riq yurganda boshlanadi. Dastlabki 50-70 metr yengil o‘tsa-da, undan keyingi yurish jarayoni og‘riq va uvishish bilan kechadi. Shu sababli bemor dam olib, so‘ng qadam bosishga majbur bo‘ladi.
Mazkur kasallikda, hatto, yotgan holatda ham oyoq kafti va son sohasida og‘riq bezovta qilishi mumkin. Bunda oyoq pastga osiltirilganda zo‘riqish biroz pasayadi. Og‘riq juda kuchayganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Chunki bu yirik arteriya berkilib qolganining belgisi bo‘lishi mumkin.
Arteriyalar aterosklerozi
Ushbu xastalikda boldirlarni siquvchi og‘riq va tirishishlar yurganda, yugurganda, zinadan ko‘tarilganda kuchayadi. Oyoq kafti qish va yozda birdek sovuq bo‘lib, og‘riq tunda zo‘rayishi, erkaklarda ko‘pincha jinsiy muammolar kuzatilishi mumkin.
Bel-dumg‘aza osteoxondrozi
Kasallik oyoqlardagi sanchuvchi og‘riqning tinch paytda ham bezovta qilishi bilan boshlanadi. Keskin harakatlar payti va zo‘riqqanda yana-da kuchayib, dam olganda ham yo‘qolmaydi. Oyoqning kaftidan to yonboshgacha bo‘lgan qismining orqa va yon tomonlari ham og‘riyotgan bo‘lsa, bu bo‘yin qismi nervi yallig‘lanishidan dalolat beradi.
Tromboflebit
Ushbu xastalikda boldir mushaklarida puls kabi urib turuvchi og‘riq kuzatilib, ko‘pincha achishishga o‘tib ketadi. Oyoq qizaradi, shishadi, tomirlar bo‘ylab og‘riqli bo‘rtmalar paydo bo‘ladi.
Saramas (roja)
Bu kasallikda bemorni tinch holatda ham boldirdagi kuchli og‘riq bezovta qiladi. Teri qizarib, tana harorati ko‘tariladi, qaltiroq bosadi. Mazkur xastalik yuqumli bo‘lgani bois, uni infeksionist shifokor davolaydi.
Artroz yoki artrit
Bemor yurganida yoki uzoq vaqt bir joyda turganida bo‘g‘imlarda o‘tkir burovchi og‘riq paydo bo‘lishi bilan kechadi. Bo‘g‘imlarning shakli o‘zgarib, ular qisirlay boshlaydi. Ob-havo o‘zgarganida og‘riq yana-da kuchayadi. Bo‘g‘im sohasi shishadi, qizaradi, qiziydi.
Qandli diabet
Bu xastalikda oyoq tomirlari tortishishi, shish, og‘riq kuzatiladi. Boldir terisi quruqshab, po‘st tashlaydi va qichishadi. Oyoq ko‘pincha uvishib, terida chumoli o‘rmalagandek bo‘ladi. Bu kasallikka tashxis qo‘yish uchun qand miqdorini aniqlovchi tahlil topshirish kerak.
Osteoporoz
Bemorni boldir sohasida tomir tortishishi va kuchli og‘riq bezovta qiladi. Muammo asosan 40 yoshdan oshgan ayollarga xos.
Podagra
Bu kasallik tufayli oyoqning bosh barmog‘ida o‘tkir, puls kabi urib turuvchi og‘riq kuzatiladi. Barmoq qizaradi, shishadi, issiqqa juda sezgir bo‘lib qoladi.
Mialgiya
Son mushaklarida og‘riq bilan boshlanib, u jismoniy zo‘riqishlar va nam yoki sovuqda zo‘rayadi.
Shuningdek, varikoz tomirlarning kengayishi, yassioyoqlik va tovon pixi kabi kasalliklarda ham oyoq sohasida og‘riqlar kuzatiladi. Ularni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash uchun o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!