$
12720.00 UZS
-7.96
140.04 UZS
0.58
13827.91 UZS
46.07
18° Kechasi 12°

Qadimiy mahallalar, “tomoshagoh” hovlilar...

14:39 / 23.12.2021

O‘zbekistonda shaharsozlik sohasida o‘ziga xos jarayon boshlangandek – mahallalar ichida “dom”lar qad ko‘tarayapti. Uy-joylar ko‘paygani-ku, yaxshi. Lekin aynan mahallalar ichidagi “dom”lar shaharsozlik talablariga qanchalik muvofiq keladi? Qadriyatlarimizga-chi?

“Yuqoridan suratga yoki videoga olmasin-da…”

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bir guruh olimlarining fikricha, shahardagi meʼmoriy yodgorliklar tarixiy muhiti hisoblangan uy joylar, infrastruktura sifatidagi qurilishlar bir-ikki qavatdan oshmasligi va, shuningdek, shaklan tarixiylikka muvofiq bo‘lishi kerak. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchidan, mahallalarda allaqachon foydalanishga topshirilgan 3 qavatli bo‘lsin, 9 qavatli bo‘lsin “dom” lar (mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va hokazolar ham) atrof hovlilarda yashovchi aholi hayotiga qanchalik taʼsir ko‘rsatayapti, degan savol ham paydo bo‘layapti. Zero, bu borada murojaatlar, eʼtirozlar kam emas.

O‘tgan yillarda Samarqandning tarixiy qismida noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar atrofida shov-shuv yetarlicha bo‘ldi. Ikki qavatli imorat loyihalashtirib, 7 qavatli qurilgan “dom”lardan biri odamlar ko‘chib kirmasdanoq tekislandi. Tadbirokr Umar Rajabovning o‘zi esa jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Eski gapni yangilamoqchi emasmiz. Lekin, aynan shu tadbirkorning ikkinchi “dom”lar majmuasi bugun ham yon atrofdagilar noqulaylik yaratayotgani  bor gap.

Bu yerda gap Shohi Zinda va Dahbed ko‘chalari kesishgan joydagi 12 qavatli ulkan majmua haqida ketmoqda. Bu yerda oltinchi, yettinchi qavatlargacha aholi ko‘chib kirishgan.

“Yoz kunlari derazalarini ochib qo‘yishadi, uy egasi sifatida haqlari bor, lekin yarim kechasi baland musiqasimi, oilaviy janjali ovozimi baralla bizgacha keladi. Deraza shuncha ko‘pki, aynan qaysi derazadan ovoz kelayapti, bilolmaysiz” deydi pastdagi hovlilardan birida yashaydigan ayol. Uning aytishicha, domdagi ayrim xonadonlarga talaba yigitlarni ijaraga qo‘yishgan.

“Ayrimlari kun bo‘yi deraza yonida o‘tirib olib kimlargadir hushtak chalishadi, hatto ko‘chadan o‘tayotganga bo‘lsa ham, biz ayollar, qizlarimiz ham o‘z hovlimizda bir ish qilolmaymiz. Chorpoyada oyog‘ingni uzatib ham o‘tirolmaysan, noqulay. Xo‘jayinim faqat “Birortasi suratga yoki videoga olsa qaydan bilasan?” deb vahima qilaveradilar” deydi ayol. Bunday “nomahram”likdan aziyat chekayotganlar murojaatning foydasi yo‘q deb hisoblashadi. “Ko‘rinib tursak ham metr jihatdan uzoq ekanmiz” yoki ”180 darajada emas, biz ko‘ndalang tomondan ko‘rinarkanmiz” deganlari bo‘ldi.

“Hokimni uyimda yashashga taklif qilaman!”

Samarqandda “dom”dan qaralganda pastdagi hovlilar ko‘rinadigan binolar shundan keyin ham qurildi, qurilmoqda. Faqat endi qavatda sal ehtiyotkorlik qilinayapti. (2018 yilda Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev noqonuniy qurilishlar haqida “Uch qavatdan baland binolarning yuqori qavati buziladi” deganini aksariyat 3 qavatli bino ko‘tarishga ruxsat deb tushunishgan).

Yuqorida tilga olingan 12 qavatli majmua joylashgan “Afrosiyob” mahallasidagi yana bir “dom” bilan yaqindan tanishdik. Bu “Shohi Zinda” ko‘chasi, 83-uy manzilidagi 3 yarim qavatli (3 qavat + yerto‘lasi yerdan 2 metr baland) bitayotgan bino. Bu uyning o‘rnida 2 qavatli chog‘roq kottej bo‘lgan. Yo‘l kengaytirilishi asnosida eski bino buzilib, egalari ko‘chirilgan. Ularning bu borada daʼvolari yo‘qdir, ehtimol. Lekin yon-atrofdagi qo‘shnilar, “Shohi Zinda” ko‘chasi 3-o‘tish yo‘li, 32-A, B, V uylarda yashovchilar hasratlari eʼtiborga loyiq. Ularning aytishicha, qurilishga bosh-qosh bo‘lganlar avvaliga derazalar hovlilarga qaratilmaydi, deb aytgan. Lekin bu vaʼda bajarilmagan. O‘rtadagi bolalar maydonchasi, unga qo‘shilgan hudud ham keyinchalik o‘zlashtirib olinishi maʼlum qilinmagan.

“Dom”ga eng yaqin joylashgan hovli sohibi Baxtiyor Jabborov bitayotgan bino va o‘z uyi orasidagi masofani qadamlaydi. “6 metr yo chiqadi, yo chiqmaydi” deydi u.

Baxtiyor hovlisi qarshidagi derazalardan “tomoshagoh” bo‘lib ko‘rishidan jig‘ibiyron bo‘ladi: “Ayolim bor. O‘g‘illarimga qo‘sh kelin tushirmoqchimiz. Uying bunday tomoshagoh bo‘lib turishi shariatga ham to‘g‘ri kelmaydi, qonunchilikka ham” deydi u.  Buning ustiga “dom” quyoshni ham to‘sarkan.

Baxtiyorning yon qo‘shnisi Anvar Donaboyev 1-guruh nogironi. Oilali, farzandlari bor. Ular mana shu kamtarona hovlida yashashadi. Anvar buzilgan televizor, tikuv mashinasi va turli texnika vositalarini tuzatishdan topgan daromadini bolalari o‘qishiga sarflaydi.

“Xo‘p, pullari bor ekan, sotib olishibdi, tarixiy hudud bo‘lsa ham balandlatib ko‘taribdilar. Lekin bu degani puldorning o‘z kunida yurgan oddiy odamlarni xo‘rlashi mumkin degani emas-ku” ehtirosga berilib gapiradi u.

Anvarga “Tez yordam” xizmati kerak bo‘lib turarkan. Uning aytishicha, so‘nggi marta “Tez yordam” chaqirilganda mashina ichkariga kirolmagan. Oraliqda qolayotgan xonadonlarga kirish yo‘lidan ham “tadbirkor” yangi qo‘shnilar o‘z hududlariga qo‘shib olishgan. Buning ustiga kirish yo‘li yana boshqa “tadbirkor” (85 uy-o‘rnida) kavlattirayotgan ulkan chuqurlik bir necha joyidan o‘pirilib tushganidan o‘tish joyi yana torayib qolgan.

Yerto‘la deb qazilayotgan ulkan handaqni ham ko‘rdik. Butun boshli hovli o‘rni qazib tashlangan.Uning chuqurligi 8 metrcha keladi. Ajablanarlisi, mahalla ichkarisi qo‘shnilari uyining shundoqqina orqasidan, ulardan ruxsat so‘ramay ana shunday chuqurlik qazilgan. Qo‘shnilar bu “katlavan” o‘rnida qanaqa “tadbirkor”lik qilinishi va binoning balandligi qanday bo‘lishini ham bilishmaydi. Tabiiyki, yon atrofdagilar imoratiga tirkalgan ishlab chiqarish sexi yoki boshqa bir “ishbilarmonlik” qo‘shnilar tinchgina hayotiga taʼsir qilmasligiga kim kafolot beradi?

Anvar bilan yonma-yon yashaydigan Oloviddin Sanaqulov na bolalar maydonchasi, na bir o‘rindiq qo‘yiladigan joyi, na bir bog‘ rayhon ekiladigan parcha yeri va na mashina “parkovka”si bo‘lmagan bu dom bilan qo‘shnichilikni tasavvur qilolmaydi.

“Darvozamiz oldigacha mashinalarini qo‘yishadimi? Yomg‘ir suvlarini olib chiqaradigan ariqni ham yopib tashlashdi. Qorli-yomg‘irli kunlarda botqoqda qolayapmiz”, deydi u.

“Dom” ning haqiqiy egasini esa ko‘rish, suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

Anvar esa alamzada gapiradi: “Prezident portaliga yozdik. Agar portaldan hal qilisholmasa, aholi joylashib olgach, bo‘shatib beraman, hokim uch kungina xotin, bola-chaqasi bilan mening uyimda yashab ko‘rsin...”

Rasmiylar nima deydi?..

Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ozodjon Rahmatov “Shaharsozlik norma va qoidalari” (SHNK)da aynan bu vaziyat ko‘zda tutilmaganini aytadi.

“Meʼyorda, masalan,3 qavatli va 3 qavatli yoki 3 qavatli va 5 qavatli (va hokazo 5x5, 7x3, 7x5 ...) uylar orasidagi masofa ko‘rsatilgan, biroq 3 qavatli yoki 5 qavatli uyning 1 qavatli uyga nisbatan masofasi meʼyori haqida hech narsa yo‘q” dedi u.

Yuqoridagi holatning SHNKda nazarda tutilmagani bu normaning noqislimi? Aslida  mahalla ichida “dom” qurishning o‘zi noqislik, meʼyorning o‘ziga sig‘maydigan holat emasmi? Samarqand shahri kengaytirilayapti: yangi qismlarda nega shu “dom”larni qatorlashtirib qurib tashlashmaydi?

Ozodjon Rahmatov hovlida yashovchilar sudga murojaat qilganda, masalani sud hal qilinishini aytdi.

Yuqorida tilga olgan hujjatda 2 va 3 qavatli uylar oralig‘idagi masofa kamida 15 metr bo‘lishi kerakligi uqtirilgan. SHNKda, shuningdek, yaqqol ko‘rinmaslik va yong‘inga qarshi ehtiyot choralari talablari ham bor. Jumladan, tomorqa uchastkalari bo‘lgan qo‘shnichilikda mana shunday talablar qo‘yilganki, bular o‘rganayotganimiz “dom”  va hovlilar nisbatiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadordir.

Har qanday bino qurilishi qo‘shni uchastka egalari bilan kelishilishi, turar joy uyi va xo‘jalik binolarining qo‘shni uchastkalardan ko‘rinish panaligini hamda qo‘shnining turar joy uyiga quyosh tushishi normalarini taʼminlashi lozim.

Bu yerda turar joy uyiga quyosh tushishi normalari deganda, istiqomat binolariga 22-martdan 22-sentyabrgacha bo‘lgan davrda kuniga 2,5 soat davomida, yotoqxona, o‘yin va bolalar maktabgacha tarbiya muassasalarida 3 soat davomida uzluksiz quyosh tushib turishini taʼminlanishi ko‘zda tutilgan.

O‘zlarini jabrdiyda hisoblayotgan qo‘shnilar suddan ko‘ra Prezident portaliga murojaat qilishni afzal bilishgan.

Aftidan, hatto sudga murojaat qilinganda ham tadbirkor muammoning yechimi sifatida mana shu qo‘shnilar hovlilarini sotib olishni taklif qilishi ehtimoli katta. Shunda loyihaga kiritmagan “parkovka”, bolalar maydonchasi, ko‘kalamzor, o‘rindiqlar uchun ham joy paydo bo‘ladi. Aksar hollarda bu kabi ssenariylar oldindan rejalashtirilishi aytiladi. Maqsadga erishilganda, yaʼni yaqin qo‘shnilar ko‘chirilganda ham “tomoshagoh”lar ortidagi o‘nlab boshqa hovlilar panaligi taʼminlanmay qolaveradi.

Hovlidagilarning aytishicha, qurilish va obodonlashtirish ishlaridan xabar olgani kelgan shahar hokimi va qator mutasaddilarga ular murojaat qilishgan, mulozimlar tinglashgan. Lekin muammo muammoligicha qolmoqda.

Samarqandning boshqa mahallalarida ham hovlilar panaligi ta’minlanmagan binolar ko‘paymoqda. Ayni kunlarda Samarqandning Gʻiyosiddin Jamshed mahallasida 5 va 6 qavatli binolar ko‘tarilayapti. Viloyat hokimining so‘nggi qabulida “Kavarzor” mahallasida 5 qavatli “dom” qurish taklifi ma’qullandi.

Mustahkam Tangriyorova

P/S: Maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham mahallalar ichida “dom”lar qurilmoqda ekan. Shunday “dom”lar manzili, suratlari, qulayligi yoki noqulayligi haqida fikringizni yozib tahririyatga jo‘nating. Albatta, manzil va shaxsingizni tanishtiring (shaxsingiz sir saqalandi, -tahr.)!

Mavzu atrofidagi tahlilga o‘z hissasini qo‘shayotganlarga oldindan minnatdorchilik bildiramiz.


Bu ham qiziq

19-may kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi

19-may kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligining xabar berishicha, 19-may kuni Toshkentda havo bulutli bo‘l…
18:17 / 18.05.2024
Go‘dakka qo‘shimcha ovqat tayyorlash talablari

Go‘dakka qo‘shimcha ovqat tayyorlash talablari

Natijada unga qo‘shimcha ovqat berish zarurati tug‘iladi.
10:22 / 19.05.2024
Bishkekdagi vaziyat barqarorlashdi

Bishkekdagi vaziyat barqarorlashdi

Qirg‘iziston poytaxtidagi bir qator tumanlarda chet elliklar, asosan osiyoliklar ommaviy yashaydigan joylarda mahalliy aholi…
11:08 / 18.05.2024
Qaysi hududda qurilish korxonalari ko‘proq faoliyat yuritmoqda?

Qaysi hududda qurilish korxonalari ko‘proq faoliyat yuritmoqda?

Bu haqda, Statistika agentligi ma'lumot berdi.
10:15 / 19.05.2024
Malayziya Bosh vaziri Samarqandga jo‘nab ketdi

Malayziya Bosh vaziri Samarqandga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim rasmiy tashr…
10:49 / 18.05.2024
Lavlagining foydali jihatlari

Lavlagining foydali jihatlari

Lavlagi tarkibidagi shakar tezda qonga so‘riladi, natijada uning keskin ko‘tarilishi kuzatiladi.
14:53 / 18.05.2024
Tramp Bayden bilan debatdan oldin doping testini talab qilmoqchi

Tramp Bayden bilan debatdan oldin doping testini talab qilmoqchi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, uning raqibi Jo Bayden bilan munozaradan oldin doping sinovlarini talab qilishini ay…
11:11 / 18.05.2024
Angrenda relsdan chiqib ketgan yuk vagonlari haqida rasmiy izoh berildi

Angrenda relsdan chiqib ketgan yuk vagonlari haqida rasmiy izoh berildi

Angrenda relsdan chiqib ketgani 7 ta yuk vagoni  haqidagi videoga “O‘zbekiston temiryo‘llari” izoh berdi.
16:36 / 19.05.2024
Buyrak kasalligining alomatlari va belgilari

Buyrak kasalligining alomatlari va belgilari

Internetda topish mumkin bo‘lgan eng keng tarqalgan maslahatlardan biri bu ko‘proq suv ichish va ko‘p dam olishdir.
14:58 / 18.05.2024
Endi bizda ham krevetka yetishtiriladi

Endi bizda ham krevetka yetishtiriladi

Bu bo‘yicha Janubiy Koreya bilan kelishuvga erishildi.
09:45 / 18.05.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!