$
12694.87 UZS
-25.13
139.48 UZS
-0.56
13766.32 UZS
-61.59
21° Kechasi 13°

Shavkat Mirziyoyev prokuratura xodimlariga tabrik yo‘lladi

20:25 / 08.01.2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigi yo‘lladi. 

 

"Hurmatli prokuratura xodimlari! Muhtaram faxriylar!

 

Avvalo, siz, aziz qonun posbonlarini 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimizda qonun ustuvorligini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

 

Qonun hukmron bo‘lgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va yuksalish bo‘ladi, inson qadri, huquq va manfaatlari taʼminlanadi.

 

Bunday muhim maqsadlarga erishishda prokuratura organlari va ushbu tizimda xizmat qilayotgan, o‘z kasbi va burchiga sodiq, vatanparvar insonlarning roli katta ekanini bugun alohida taʼkidlashimiz o‘rinlidir.

 

Qadrli do‘stlar!

 

Sizlarga maʼlumki, so‘nggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, o‘z nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega bo‘lgan tizimni shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

 

El-yurtimizning Konstitutsiyamizda mustahkamlangan huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishda, qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda prokuratura organlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

 

Ayniqsa, xalq bilan ochiq muloqot qilish, aholi muammolarini chuqur o‘rganish va hal etish, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish soha xodimlarining eng asosiy va kundalik vazifasiga aylandi.

 

Prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borish faoliyati tubdan o‘zgartirildi. Ilgari qonun buzilishi holatlarini aniqlash va jazolashga asosiy o‘rin berilgan bo‘lsa, endi asosiy eʼtibor bunday holatlarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

 

Eng muhimi, prokuratura tizimi ham, odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida “jazolovchi idorani” emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor bo‘lishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani ko‘rmoqda.

 

Buni keyingi yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 148 mingga yaqin tadbirkorning muammolariga yechim topilgani ham tasdiqlaydi.

 

Kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, tergov hamda huquqni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Bosh prokuratura akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

 

Bugungi kunda tadbirkorlik va investitsiya, qurilish yo‘nalishlarida, yer resurslaridan foydalanishda qonun buzilishining oldini olish, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, yoqilg‘i-energetika va ekologiya, madaniy meros va sport sohalarida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan samarali prokuror nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi va o‘z ijobiy natijalarini bermoqda.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 53 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 4,7 trillion so‘m zarar undirildi, 15 mingdan ortiq shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berilib, ularning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi taʼminlandi.

 

Prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi ijro ishini yuritish bo‘yicha mavjud tartibsizliklarga barham berib, qatʼiy intizom o‘rnatishga imkon yaratdi. Birgina o‘tgan yil davomida 36 trillion so‘mlik sud hujjatlarining ijrosi taʼminlandi.

 

Hurmatli soha xodimlari!

 

Mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni taʼminlash borasidagi ishlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda har bir prokuratura xodimi bir haqiqatni chuqur anglab yetishi zarur. Qachon odamlarimiz hayotida xotirjamlik, ro‘zg‘orida farovonlik va halovat bo‘ladi, qachon ularda ertangi kunga ishonch ortadi? Qachonki, yurtimizda qonunlar qog‘ozda emas, balki amalda qatʼiy bajarilgan, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini o‘z kundalik hayotida his etgan taqdirda bu maqsadga to‘la erishish mumkin.

 

Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlarimiz ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, tibbiyot, taʼlim kabi sohalardagi islohotlarimizni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz bo‘lish – prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir. Buni hech kim unutmasligi kerak. Aminmanki, yurtimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish jarayoni umumxalq harakatiga aylanayotgan bugungi kunda prokuratura xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, o‘z tashabbuslari bilan barchaga namuna bo‘ladilar.

 

Ana shu maqsadlarda prokuratura organlari faoliyatiga ilg‘or ish uslublarini va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qonunlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmlarini muntazam takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va tergov ishiga zamonaviy ilm-fan hamda amaliyot yutuqlarini tatbiq etish, xodimlarning bilim darajasi va maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, ularning fidokorona mehnatini munosib qadrlash kelgusida ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

 

Ishonchim komil, prokuratura xodimlari qonun himoyasi – bu xalq va Vatan himoyasi kabi muqaddas burch ekanini chuqur anglab, zimmalaridagi g‘oyat masʼuliyatli va sharafli vazifani bundan buyon ham samarali ado etadilar.

 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka, qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman", deyiladi tabrikda.


Bu ham qiziq

Tramp Bayden bilan debatdan oldin doping testini talab qilmoqchi

Tramp Bayden bilan debatdan oldin doping testini talab qilmoqchi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, uning raqibi Jo Bayden bilan munozaradan oldin doping sinovlarini talab qilishini ay…
11:11 / 18.05.2024
Bishkekdagi vaziyat barqarorlashdi

Bishkekdagi vaziyat barqarorlashdi

Qirg‘iziston poytaxtidagi bir qator tumanlarda chet elliklar, asosan osiyoliklar ommaviy yashaydigan joylarda mahalliy aholi…
11:08 / 18.05.2024
Isroil G‘azoga navbatdagi hujumini uyushtirdi

Isroil G‘azoga navbatdagi hujumini uyushtirdi

Mazkur hujum natijasida 17 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bu haqda, Al Jazeera telekanali xabar bermoqda.
12:17 / 19.05.2024
Namanganda gullar festivali 7 mln nafar mehmon keladi

Namanganda gullar festivali 7 mln nafar mehmon keladi

“Gullar festivali” ni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqav ochib berdi.
16:53 / 19.05.2024
Germaniyada kuchli yog‘ingarchilik suv toshqinlarga olib keldi

Germaniyada kuchli yog‘ingarchilik suv toshqinlarga olib keldi

Ayniqsa, Saar o‘lkasining ma’muriy markazi va xuddi shu nomdagi Saarbryukken shahri zarar ko‘rdi.
17:23 / 18.05.2024
Go‘dakka qo‘shimcha ovqat tayyorlash talablari

Go‘dakka qo‘shimcha ovqat tayyorlash talablari

Natijada unga qo‘shimcha ovqat berish zarurati tug‘iladi.
10:22 / 19.05.2024
Buyrak kasalligining alomatlari va belgilari

Buyrak kasalligining alomatlari va belgilari

Internetda topish mumkin bo‘lgan eng keng tarqalgan maslahatlardan biri bu ko‘proq suv ichish va ko‘p dam olishdir.
14:58 / 18.05.2024
19-may kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi

19-may kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligining xabar berishicha, 19-may kuni Toshkentda havo bulutli bo‘l…
18:17 / 18.05.2024
Chiroyli avtoraqamlar sotuvi 3,2 barobarga oshgan

Chiroyli avtoraqamlar sotuvi 3,2 barobarga oshgan

Joriy yilning 17-may kuni “O‘zbekiston respublikasi tovar-xomashyo birjasi faoliyatining 2024-yil 1-chorak yakunlari” mavzus…
11:06 / 19.05.2024
O‘zbekistonda  Face ID yordamida onlayn xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati kengaytirildi

O‘zbekistonda  Face ID yordamida onlayn xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati kengaytirildi

Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.
13:14 / 18.05.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!