“Uzbekistan Airways” bayram munosabati bilan 50 foizgacha chegirmalar e’lon qildi

  • 14:43 / 02.12.2019
  • 202

Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan aksiya doirasida 2019-yil 28-dekabrdan 2020-yil 3-yanvargacha respublika bo‘yicha avia qatnovlar uchun 30 foizdan 50 foizgacha chegirmalar e’lon qilindi. 

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu aksiya doirasida chegirmalar quyidagicha ishlab chiqildi: 

- individual yo‘lovchilar uchun – 30 foiz,

- sayyohlik guruhlari (5 va undan ortiq kishi), litsey va oliy o‘quv yurtlari va kollej talabalari, maktab o‘quvchilari, O‘zbekiston Respublikasi IIV, MV, DXX, DSQ, DBQ tizimlaridagi maxsus ta’lim muassasalari va boshqa idoralarning tinglovchi va o‘quvchilari uchun – 40 foiz,

- oila uchun (2 yoki undan ko‘p odam, shuningdek, er va xotin, er, xotin va ularning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, 18 yoshgacha bo‘lgan farzandini kuzatib boradigan ota-onalar) – 50 foiz,

- nafaqaxo‘r va nogironlar uchun – 50 foiz,

- 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davridagi fidokorona mehnati va harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar uchun – 50 foiz,

- Chernobil AES fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolar uchun – 50 foiz.  

Aviachiptalarni barcha kassalarda chegirmalarni olish huquqini beruvchi tegishli hujjatlarni taqdim etgan holda xarid qilish mumkin. Chegirmalar nafaqat O‘zbekiston fuqarolariga, balki chet elliklarga ham taqdim etiladi.