Vasiylik va homiylik organlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilinadi. Jiddiy o‘zgarishlar kutilyapti

  • 14:30 / 12.07.2019
  • 136

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Vasiylik va homiylik organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar vasiylik va homiylik organlari faoliyatini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilanishi mumkin:

vasiylik va homiylik organlarining vazifa, funksiya va vakolatlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyati samaradorligini ta'minlash maqsadida ular o‘rtasida idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta'minlash, ularning mas'uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur o‘rganish va tahlil qilish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorij tajriba asosida takliflar tayyorlash;

vasiylik va homiylik organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash hamda xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish choralarini ko‘rish;

vasiylik va homiylik sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini samarali tashkil qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

nazoratidagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar soni 200 tadan ortiq bo‘lgan tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari tuzilmalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi 1 nafardan jami qo‘shimcha 97 nafar shtat birliklarini ajratish;

vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi shtat birliklariga qoida tariqasida birinchi navbatda “psixologiya”, “yurisprudensiya” va “ijtimoiy ish” sohalari bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolar tayinlanishi;

2019 yil 1 sentyabrdan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari tuzilmalarida vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 2 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llanilishi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bevosita joylarga chiqqan holda vasiylik va homiylik organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur o‘rganadi, o‘rganish natijalari va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Bunda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

vasiylik va homiylik sohasida davlat siyosatini belgilovchi yagona tizimni shakllantirish;

vasiylik va homiylik organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifa, funksiya va vakolatlarini aniq chegaralash;

vasiylik va homiylik organlari o‘rtasida ular faoliyati samaradorligini ta'minlash maqsadida idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish;

vasiylik va homiylikdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari ustunligi va daxlsizligini ta'minlash;

vasiylik va homiylik organlarining, ularga yuklatilgan vazifalarni bajarilishi va vakolatlarini amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan qonuniy talablarini umuman yoki lozim darajada bajarmaslik yoxud ularning qonuniy faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlikni belgilash;

ayrim toifadagi ma'muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha vasiylik va homiylik organlari mansabdor shaxslari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalarni rasmiylashtirish va sudga yuborish;

vasiylik va homiylik organlarining xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini samarali tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda quyidagi o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi Qonun loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, unga ko‘ra:

ota-onaning o‘zi bevosita vasiylik va homiylik organlariga o‘z voyaga yetmagan farzandlariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi ariza bilan bevosita murojaat qilganlarida arizaning notarial tasdiqlangan bo‘lishiga oid talab bekor qilinadi. Bunda, ota-onaning o‘z voyaga yetmagan farzandlariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi vasiylik va homiylik organlari tomonidan tasdiqlanadi;

ota-ona, ulardan biri vafot etgan taqdirda ota yoki ona xorijiy davlatga chiqishi munosabati bilan ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun, ularning arizasi asosida voyaga yetmagan farzandlariga ularning o‘zaro kelishuviga muvofiq tanlangan qarindoshlaridan biri yoki oila qurgan voyaga yetgan farzandi vasiy yoki homiy etib tayinlanadi. Bunda, vasiy yoki homiy etib, bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, tayinlanayotgan shaxsning arizasi, uning shaxsini hamda qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlar talab qilinishi mumkin emas;

xorijiy davlatga chiqib ketgan va uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatdan qaytmagan ota-onaning, ulardan biri vafot etgan taqdirda ota
yoki onaning voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lib, ularga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlanmagan bo‘lsa yoxud ota-onaning, ulardan biri vafot etgan taqdirda ota yoki onaning voyaga yetmagan farzandiga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlash to‘g‘risidagi arizasi bo‘lmasa, vasiylik va homiylik organining tashabbusiga asosan ota-onaning roziligi mavjud bo‘lishidan qatiy nazar bolaga nisbatan vaqtincha vasiy yoki homiy tayinlanadi. Bunda, vasiy yoki homiyga o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ta'minoti, unga tarbiya, ta'lim berish va uning sog‘lig‘ini saqlash majburiyati yuklatiladi;

vasiylik va homiylik organlariga ularga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi va vakolatlarni amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan axborot va ma'lumotlarni davlat organlari, tashkilotlari va boshqa idoralardan talab qilib oladi, Qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar bundan mustasno.