“World Influencers Congress” ishtirokchilari Xiva, Buxoro va Samarqandga sayohat qilishdi

  • 11:45 / 28.08.2019
  • 117

Foto: uzbektourism

23-27-avgust kunlari Oʻzbekistonda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan “World Influencers Congress” (WIC) I Xalqaro inflyuyenserlar kongressi boʻlib oʻtdi.

Ishtirokchilarning yoʻnalishi Toshkent shahridagi I Xalqaro inflyuyenserlar kongressi ochilishidan boshlandi. Rasmiy ochilish marosimida taniqli inflyuyenserlar, fikrlar yetakchilari, siyosiy doiralar va diplomatik korpuslar vakillari, shuningdek, xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari qatnashdilar.

Xorijiy mamlakatlar blogerlari tashrifining ikkinchi kuni qadimiy Xorazmdan boshlandi. Dunyoning 40 dan ortiq davlatidan kelgan 100 ga yaqin bloger tarixiy Xiva shahriga yoʻl oldi.

Taʼkidlash joizki, bu Xorazm tarixida, tarkibiga koʻra, jahon blogosfera vakillarining eng yirik delegatsiyasidir va bu viloyat turizmini rivojlantirishda muhim rol oʻynashi shubhasiz.

WIC ishtirokchilari Xiva shahrida Ichan Qalʼaga sayohat qilishdi hamda video va foto-materiallar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali boʻlishishdi. Shu tariqa YouTube, Instagram va Facebook ijtimoiy platformalaridagi obunachilar eʼtiborini Oʻzbekistonga jalb qilishdi.

Shunisi diqqatga sazovorki, 40 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan 100 ga yaqin inflyuyenserning umumiy auditoriyasi 1 milliardga yaqinni tashkil qiladi.

Tashrifning uchinchi kuni, yaʼni 25-avgustda xorijiy blogerlar delegatsiyasi Buxoro viloyatida boʻldi. Buxoro xalqaro aeroportida ularni viloyat hokimi oʻrinbosari Botirjon Shahriyorov, Buxoro shahri hokimi Karim Kamolov, viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi rahbariyati kutib oldi.

“Ishonchim komilki, Kongress ishtirokchilarining viloyatimizga tashrifi nafaqat navqiron Buxoroning, balki Oʻzbekistonning ajoyib tarixiy-madaniy merosini ham keng targʻib qilinishi yoʻlida xizmat qiladi”, - dedi Buxoro shahri hokimi.

Kongress ishtirokchilari Buxoroning tarixiy maskanlari, shaharning tarixiy qismi durdonalari hisoblangan Poyi Kalon ansambli, Sitorayi Mohi Xosa, qadimiy masjid va minoralar, Toqi Zargaron bozorida boʻlishdi, soʻngra Buxoro oshxonasining turli-tuman taomlaridan tatib koʻrdilar. Ertasiga kongressmenlar Samarqand shahri tomon yoʻl olishdi.