Bermud uchburchagi ba’zan “Iblis uchburchagi” deb ham ataladi. Salbiy nom bilan tanilgan bu hudud Atlantika okeanining shimolida – Florida, Puerto-Riko va Bermuda orollarining o‘rtasida joylashgan. Agar ushbu uch nuqtani birlashtirsangiz, ulkan uchburchak shakli hosil bo‘ladi. U taxminan 500 ming kvadrat mil, ya’ni 804 672 kvadrat km. hududni egallagan. Sirli Bermudning dahshatlari haqda eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Shuning uchun u odamlarni bir vaqtning o‘zida ham qo‘rquvga soladi, ham o‘ziga tortadi. Bermud uchburchagida 300 ta kema izsiz yo‘qolgan. Uning ustidan uchib o‘tgan 75 ta samolyot havoning o‘zida g‘oyib bo‘lgan hamda 1000 dan ortiq qurbon oilasi bag‘riga qaytmagan. Har yili “Iblis uchburchagi”ning sirini tushuntiradigan turli nazariyalar paydo bo‘ladi, ammo haligacha u aslida qanday joy ekanini aniq bilmaymiz.

Ba’zilar uni qarg‘ish tekkan joy desa, boshqalar g‘ayritabiiy deydi. Bermud uchburchagiga o‘zga sayyoraliklarning aloqasi bor, deb ishonadiganlar ham topiladi. Nima bo‘lganda ham, birorta olim Bermud uchburchagida sodir bo‘lgan fojialar sababini to‘liq anglab yetmagan. Hozir uning hududida sodir bo‘lgan 5 ta eng sirli hodisalarni e’tiboringizga taqdim etamiz. Ularning ba’zilari bir necha yuz yillar avval yuz bergan bo‘lsa, ayrimlari esa yaqindagina bo‘lgan. Diqqat bilan tomosha qiling va o‘zingiz xulosa chiqaring.
Meri Selest (The Mary Celeste)
Xoh ishoning, xoh ishonmang, Bermud uchburchagi Xristofor Kolumb davridayoq nom chiqarishga ulgurgan. Yangi Dunyoga sayohati davomida tadqiqotchi osmondan olovli tayoqchalar tushib, okean yuziga urilayotganini ko‘rgan. U paytlar aloqa tizimi yaxshi rivojlanmagani uchun 20-asrgacha odamlar uchburchak haqida bilishmagan. Ammo ungacha bo‘lgan davrda ham sirli makon doimiy ravishda o‘z qa’riga qurbonlarni yig‘ib borgan. Mana shunday yo‘qotishlardan biri Amerikaning “The Mary Celeste” nomli savdo kemasi bo‘lgan. Kema 1872-yil 7-noyabr kuni yo‘lga chiqqan.

Bortda kapitan Benjamin Brigs, uning rafiqasi, 2 yoshli bolasi hamda 7 nafar dengizchi bo‘lgan. Kema Nyu Yorkdan Italiyaning Genuya shahriga 1700 barrel alkogol olib ketayotgandi. Oxirgi marta 25-noyabr kuni kema boshqa bir bandargohga kirib kelgani ro‘yxatga olingan. Safar boshlanganiga 1 oy ham to‘lmasidan Britaniyaning de Gratsiya kemasi suv yuzasida suzib yurgan The Mary Celeste’ga duch kelgan, ammo uning bortida odam yo‘q edi. Qutqaruv qayiqlari ham ko‘rinmasdi. Palubada esa faqatgina bir dona shamshir yotgani esa g‘alati tuyulgan. Dengizchilarning buyumlari, 6 oyga yetadigan oziq-ovqatlar va sotish uchun olib ketilayotgan alkogol mahsulotlarga tegilmagan. Demak, dengiz osti zilzilasi, ulkan Kalmar hujum qilgani yoki tabiiy ofat kabi taxminlar to‘g‘ri kelmaydi. Chunki kemaga umuman zarar yetmagan. Havo yaxshi bo‘lgan, kema ham risoladagidek suzgan. Unda odamlar qayerga g‘oyib bo‘lgan? Qizig‘i, dengizchilar ham, qutqaruv qayiqlari ham qayta topilmagan. Bu holatning Bermud uchburchagiga bevosita aloqasi borligi isbotlanmagan. Ba’zi tadqiqotchilar odamlarning yo‘qolishini ushbu hududga qarg‘ish tekkan degan taxminlarga bog‘laydi.
Ellen Ostinning g‘alati topilmasi
1881-yil 64 metr uzunlikdagi Amerika shxunasi Ellen Ostin Nyu-Yorkdan Londonga ketayotganida bortdagi dengizchilar Bermud uchburchagining shimoliy qismidagi Sargasso dengizida yo‘ldan adashgan noma’lum kemani ko‘rgan. Kemaning palubasida hech kim yo‘q bo‘lgani uchun qandaydir noxush hol ro‘y bergani sezilardi.

Shuning uchun Ellen Ostinning kapitani Beyker ushbu tashlandiq kemani 2 kun kuzatishga qaror qildi. Chunki u qopqon emasligiga ishonch hosil qilish kerak edi. 2 kun o‘tgach, dengizchilariga ushbu kemaga chiqishni buyurdi. Ular hech narsaga tegilmaganini, kemaga ortilgan yuk qadoqlangan holicha turganini, ammo bortda hech kimsa yo‘qligini ko‘rib, hayron qolishdi. Kapitan Beyker sirli kemaga o‘zining eng yaxshi dengizchilarini qo‘yib, uni arqon bilan tortib Nyu-Yorkka olib ketadi. Dastlab ikki kema sokin dengizda yonma-yon suzib bordi. Ammo oradan 2 kun o‘tib, to‘satdan yuz bergan bo‘ron ularni ajratib yubordi. Ellen Ostin tashlandiq kemani ko‘zdan yo‘qotib qo‘ydi. Bo‘ron tugab, dengiz tinchlangach, kapitan Beyker kimsasiz kemaning dengiz yuzasida suzib yurganini ko‘rdi. Kema ichidagi buyumlar hali ham mukammal holatda turgani, biroq ichida biror jon yo‘qligini ko‘rgan kapitan hayratdan yoqa ushladi. Shundan so‘ng nima sodir bo‘lgani haqida turli hikoyalar paydo bo‘ldi. Birida kapitan Beyker kemani olib ketishga yana bir bor uringani va ikkinchi marta ham avvalgi voqealar takrorlanavergach, ushbu la’natlangan kemani qoldirib ketgani aytilsa, boshqasida boshqa ekipaj kemani yana ko‘rgani ta’kidlanadi. Aslida, nima bo‘lgani esa faqatgina “Iblis uchburchagi”ga ayon.
USS Sayklops (The USS Cyclops)

AQSh dengiz-harbiy kuchlari tarixida 1918-yil mart oyida yuz bergan “The USS Cyclops” nomli ulkan yoqilg‘i kemasi fojiasidan ham qayg‘uliroq hodisa bo‘lmagan. Kema 10 800 tonna marganets rudasini Braziliyadan Baltimorga olib borishi kerak bo‘lgan. Ya’ni u uchburchakning qoq markazini kesib o‘tishi kerak edi. Kema yo‘lga chiqqanida havo yaxshi edi. 309 kishini olib ketgan kema keyin dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan. Undan kelgan eng so‘nggi va yagona xabarda ekipaj ularga hech nima xavf solmayotganini aytgan. Sayklopsning kapitani hech qachon halokat signali orqali yordam so‘ramagan. U shunchaki yo‘q bo‘lgan. Hatto hudud yaxshilab ko‘zdan kechirilganda ham kemadan nom-nishon topilmagan. Buning sababini esa tadqiqotchilar aniqlay olmagan.
Grammen Kugar reaktiv samolyoti (The Grumman Cougar jet)

Bermud uchburchagida yaqinda sodir bo‘lgan yo‘qotishlardan biri – Grammen Kugar reaktiv samolyoti. 1991-yil Hellovin bayrami arafasida uchuvchi Jon Verde va Paul Lukaris boshqargan reaktiv samolyot Meksika bo‘g‘ozi ustidan Talahassiga qarab uchib o‘tayotgan edi. Ob-havo yaxshi emasdi, biroz chaqmoq chaqib, osmonni qora bulut egallagandi. Turbulent hududdan o‘tib olish uchun Verde parvoz markazidan balandlikni oshirishga ruxsat so‘ragan. Ruxsat olgach, samolyot bulutlar orasidan quyosh nurlariga qarab ko‘tarilgan va radardan yo‘qolib qolgan. Nazoratchilar ko‘zlariga ishonishmagan. Bir soniya avval samolyot uchayotgan maydon endi bo‘m-bo‘sh edi. Ular uchuvchilar bilan aloqaga chiqishga uringan, ammo javob bo‘lmagan. Samolyot g‘oyib bo‘lishidan avval hech qanday halokat signali ham bo‘lmagan. U okeanga qulab tushmagan, aksincha yuqorilikka ko‘tarilayotgan edi. Bir lahzada shunchaki yo‘qqa chiqqan. O‘zidan biror bir iz qoldirmagan.
MU-2B (The MU-2B)

Endi esa eng so‘nggi sirli yo‘qolish haqida gaplashamiz. 2017-yil 15-mayda “Skylight group” tadbir tashkilotchi kompaniyasi asoschisi va rahbari Jennifer Blumin hamda uning 2 nafar yosh bolasini Floridaga olib ketayotgan egizak dvigatelli samolyot kunduzgi 11:30 da havoga ko‘tarilgan. Ob-havo yaxshi edi, parvoz ham risoladagidek. Halokatga ishora qiladigan birorta hol ro‘y bermagandi. Ammo samolyot 7,3 kilometr balandlikka erishganda, u radardan g‘oyib bo‘ldi. Mayami parvoz nazoratchilari ham samolyot bilan radioaloqani yo‘qotib qo‘ydi. Ertasi kuni Elyutera orolidan 24 kilometr uzoqlikda bedarak yo‘qolgan samolyotning qoldiqlari topilgan. Lekin undagi yo‘lovchilar ham, uchuvchi Naten Ulrik ham topilmagan.
Bermud uchburchagida yillar davomida juda ko‘p g‘aroyib yo‘qolishlar bo‘lgan. 1941-yil “The USS Proteus” va “USS Nereus” ham aynan shu yerda yo‘qolgan. 1945-yil “Flight 19” uchog‘i Bermud hududi uzra uchib o‘tayotganda g‘oyib bo‘lgan. Uni qidirib borgan qutqaruvchi samolyotlardan biri ham ortga qaytmagan. Bunday voqealar aslida son-sanoqsiz. Ammo hech biriga aniq izoh yo‘q. Bugun sanab o‘tganlarimiz “Iblis uchburchagi” o‘z domiga tortgan minglab qurbonlarga bir nechta misollar edi, xolos.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!