Xitoy Gonkongni qoʻllab-quvvatlagani uchun AQShga qarshi sanksiyalar kiritmoqda

  • 15:01 / 02.12.2019
  • 639

Pekin Gonkong qonunining qabul qilinishiga javoban AQShning bir qator nodavlat tashkilotlariga qarshi sanksiyalar kiritmoqda. Bu haqida dushanba kuni boʻlib oʻtgan brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xua Chunin maʼlum qildi.

Sanksiya ostida qolgan amerika kompaniyalari orasida inson huquqlarini himoya qiluvchi “Human Rights Watch“ nodavlat tashkiloti ham bor.

“Yaqinda AQSh “Gonkongda inson huquqlari va demokratiyani himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunni qabul qildi. Xitoyning noroziligini inobatga olmagan holda qabul qilingan qonun xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy normalarini jiddiy buzish, shuningdek, Xitoyning ichki ishlariga aralashishdir. Pekin bu borada qattiq norozilik bildirdi. Bunga javoban, Xitoy AQShning bir qator nodavlat tashkilotlariga, jumladan NDI (National Democratic Institute), HRW, Freedom Houseʼga qarshi sanksiyalarni joriy etishga qaror qildi”, dedi xitoylik diplomat brifing davomida.

Eslatib oʻtamiz, AQSh Prezidenti Donald Tramp bundan oldin Gonkongga tegishli ikkita qonunni imzolagandi. Unda “Gonkongda inson huquqlari va demokratiyani himoya qilish toʻgʻrisida”gi hujjat va maxsus maʼmuriy hududga politsiya jihozlarini yetkazib berishni taqiqlash koʻzda tutilgan.