Xitoy nimani istayapti? «Bir makon, bir yo‘l» loyihasidan umidlar va xavotirlar

  • 18:21 / 29.04.2019
  • 629

Sinologlarimiz (xitoyshunos) yetishmasligidanmi, ilmiy hamda ommabop nashrlarimizda Xitoy haqida tahliliy maqolalar juda kam. Vaholanki, O‘zbekiston-Xitoy vektori mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun tobora katta ahamiyat kasb etmoqda va hamkorimiz Xitoy Xalq Respublikasi haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Shu bois, ushbu mamlakat haqida Kun.uz uchun ikki qismdan iborat mazkur maqolani yozishni niyat qildim.  

O‘zbekiston-Xitoy aloqalari

Prezidentimiz 2017 yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi davomida 22 milliard AQSh dollariga teng shartnomalarni imzolab qaytgandi. Mazkur multi-milliard loyihalarning bir qismi amalga oshdi, qolganlari ham amalga oshishi kutilmoqda.

Xitoy haqida ko‘p eshitamiz. Aksar savdogarlarimiz uchun Xitoy «ikkinchi vatan»ga aylangan bo‘lsa ajabmas. Kundalik hayotimizda «Made in China» doimiy iste'molimizda. Ammo ushbu mamlakat haqida, Xitoy jamiyati haqida atroflicha bilimimiz yo‘q. Holbuki, Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi iqtisodiy va ijtimoiy hayotimizni yaqin kelajakda o‘zgartirib yuborishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q. 

«Bir makon, bir yo‘l» doirasida yurtimizga keltirilgan Xitoy texnologiyasi va investitsiyalari haqida xabarlar biz uchun oddiy holga aylandi. Ammo ushbu tashabbus kelgusida qanday ko‘rinish oladi – bu haqdagi maqolalarni o‘zbek tilidagi nashrlarda uchratmadim.

Xitoy – qanday mamlakat u?

— Xitoy bu – dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti. 2030-yillardan keyin esa katta ehtimol bilan dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanadi;

— Xitoy bu – dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat;

— Xitoy bu – 30 yil ichida qashshoqlikdan 11 trillion dollarlik iqtisodga ega bo‘lgan, ZTE va Huawei kabi brendlarini jahon bozoriga olib chiqa olgan davlat;

— Xitoy bu – Amerika Qo‘shma Shtatlariga ham harbiy, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ilmiy sohalarda raqobat qila olayotgan sayyoramizdagi yagona davlat;

— Xitoy – dunyodagi eng ko‘p dollar zaxiralariga ega mamlakat;

— Xitoy – son jihatdan dunyodagi eng katta armiyaga ega mamlakat;

— O‘zbekistonga shu paytgacha eng ko‘p xorijiy investitsiya kiritgan davlat ham aynan Xitoy.

Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin, ammo shunisi ham bizga kifoya qiladi.

Xitoy barchani hayratda qoldirib, so‘nggi 30 yil ichida qudratli sanoatlashgan davlatga aylana oldi. Uning aholi boshiga nisbatan milliy mahsuloti 1990-yillar boshida O‘zbekistonnikidan kam bo‘lgan. Hozirga kelib Xitoy yon qo‘shnisi Rossiya Federatsiyasidan yiliga salkam to‘qqiz baravar ko‘p mahsulot ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar nimalardan iborat?

Energetika sohasi. Yangi ming yillikda tabiiy gaz va neftimiz eksporti yo‘nalishiga Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasiga muqobil sifatida CNPC (Xitoy milliy neft kompaniyasi) maydonga chiqdi. 2009 yilda Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-XXR o‘rtasida 2000 kilometrga cho‘zilgan Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvuri qurilishi boshlandi. Dunyodagi eng uzun gaz quvurlaridan biri hisoblangan ushbu quvur biz uchun rus shirkatlari bilan erkin holda muzokara qilish imkonini berdi. Shu sabab O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida energetika sohasidagi hamkorlik eng muhim soha sanaladi. Chunki ayni vaqtda «Markaziy Osiyo Energetika koridori»ni qurishga harakat qilayotgan XXR uchun ushbu gaz quvuri Yaqin Sharq mamlakatlaridan keladigan va AQSh floti nazoratida turadigan Hind okeani energetika yo‘liga muqobil variantdir. XXR bilan gaz sotish bo‘yicha tuzilgan hukumatlararo shartnomamiz 30 yil davomida amal qiladi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan XXR tomon tortilayotgan gaz va neft quvurlari:

Foto: South China Morning Post

Shanxay hamkorlik tashkiloti. O‘zbekiston-XXR davlatlararo xalqaro munosabatlari har ikki tomon uchun manfaatli rivojlanyapti. Biroq bu yerda holatni xira qiladigan nuqtalar ham bor.

Keyingi paytlarda XXR sunniy mazhabidagi musulmonlar, Markaziy Osiyo xalqlariga juda yaqin bo‘lgan milliy kamchilik hisoblanmish uyg‘urlarga nisbatan murosasiz siyosat olib borishi dunyo mamlakatlari tomonidan qattiq tanqidga uchramoqda. 2019 yilning mart oyida XXR hukumati shu masala bo‘yicha davlat hisobotini chiqargan bo‘lsa-da, uni diqqat bilan o‘qigan har bir xalqaro huquq mutaxassisida savollar paydo bo‘ladi. XXR moddiy rivojlanish yo‘lida vijdon erkinligini cheklashda qayergacha boradi – bu ko‘pchilikni qiziqtiryapti.

Savdo va investitsiya. 2001 yilda Jahon savdo tashkilotiga kirishi bilan Xitoy dunyoning yangi iqtisodiy o‘chog‘i (economic powerhouse) bo‘lishi aytila boshlangandi. Ammo 2009 yilda ilk bor Yaponiyani ortda qoldirib, dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyotiga aylangachgina ko‘pchilik Xitoyni jiddiy qabul qila boshladi. Hammada bitta savol paydo bo‘ldi: «qudratga to‘layotgan Xitoy dunyoga qay tarzda ochiladi – kuch bilanmi yoki tinchlik bilanmi?».

2013 yilning noyabr va dekabr oylarida Xitoy rahbari Shi Jinping Xitoyning yangi xalqaro taraqqiyot modelini dunyoga tanishtirdi: «Bir makon, bir yo‘l».

Bu qanday loyiha?

Yaqin-yaqinlargacha g‘arb olamidan keladigan tashabbuslarga ola ko‘z bilan qarab kelgan Xitoy Shi Jinping qudratga kelganidan boshlab faol tashabbuslar bilan dunyoga tanilishni boshladi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, Xitoy shu paytgacha taklif etilgan qarorlarni qabul etuvchi va rozi bo‘luvchi (rule-taker) maqomida bo‘lgan bo‘lsa, 2013 yildan boshlab u «rule-maker», yani qoida tuzuvchi yetakchi maqomiga o‘ta boshladi.

Agar xitoylik mashhur siyosatchi Deng Shaopin o‘z davrida Xitoyni xalqaro aloqalarda «taoguang yanghui», ya'ni «kamtarin bo‘lish va payt poylash» (keep a low profile and bide your time)ga chaqirgan bo‘lsa, Shi Jinping boshqaruvidagi Xitoy hozirda xalqaro me'yorlar va institutlarni shakllantirishga intilmoqda va Xitoyning global mavqega ega bo‘lishini qat'iy ta'kidlamoqda. Uning bosh loyihasi, shubhasiz, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusidir. 

Ushbu loyiha, Xitoy hukumati ta'biri bilan aytganda, tashabbus, Xitoy prezidenti Shi Jinping tomonidan 2013 yilda taklif qilingan rivojlanish strategiyasi bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasini ikki yo‘l bilan Yevroosiyo mintaqasiga bog‘lashni maqsad qilgan: «Ipak yo‘li iqtisodiy makoni» va «21 asr Dengiz ipak yo‘li». Xitoy tashabbusining mohiyati Xitoyni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama mexanizmlar va tuzilmalarni mustahkamlash orqali xalqaro hamkorlik va rivojlanishning yangi modelini topish, shakllantirish va rivojlantirishdir.

Tashabbus doirasiga Yevroosiyo mintaqasidagi 65dan ortiq mamlakat, 4,4 milliard aholi va dunyo yalpi milliy mahsulotining 40 foizi kirib ketadi. Uni Xitoyning kuchli moliya institutlari, misol uchun Eksport-import banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jalik banki, Ipak yo‘li fondi va Osiyo infrastruktura va investitsiya banklari qo‘llab-quvvatlaydi.

Tashabbus negizida Xitoy ichki bozorining to‘yinishi sababidan bozor topa olmay qiynalayotgan Xitoy shirkatlari uchun Yevroosiyo mamlakatlari hududida multi-milliard dollarlik infratuzilma loyihalarini vujudga keltirish, ular Xitoyning ommaviy banklaridan beriladigan imtiyozli kreditlar orqali Xitoydagi firmalar tomonidan barpo etilishi yotadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Agar ushbu multi-millard dollarlik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, qadimiy «Ipak yo‘li» tijorat yo‘lagi haqiqiy ma'noda vujudga keladi. Xitoy ushbu tijoriy yo‘lakni hamma uchun ochiq va erkin savdo qoidalariga asoslangan holda birgalikda barpo qilishga chaqirmoqda. 

Demak, «Xitoy nima maqsadlarni ko‘zlagan?», degan savolga javob tariqasida quyidagilarni keltirsa bo‘ladi:

  1. Xitoyning haddan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga muvofiq qo‘shimcha yangi bozorlarni topish;
  2. 3 trillion AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan davlat potensialidan unumli foydalanish;
  3. Xitoy milliy pul birligi – yuanni xalqaro valuta darajasiga ko‘tarish;
  4. Xitoyning sharqiy sohillariga qaraganda rivojlanishdan ortda qolayotgan g‘arbiy hududlarini rivojlantirish.

Xitoy hukumati 2015 yil mart oyi oxirida ushbu tashabbusni nazariy jihatdan belgilovchi hukumat hisobotini e'lon qilgan. Xitoy hukumatiga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l»ni birgalikda qurish jahon hamjamiyati manfaatlariga xizmat qiladi. Shuningdek, «umumiy g‘oyalarni va inson jamiyatlarini ko‘zlagan holda, xalqaro hamkorlik va global boshqaruvning yangi modellarini izlash yo‘lidagi ijobiy harakat dunyo tinchligiga va rivojlanishiga yangi ijobiy turtki beradi».

Nima bo‘lganda ham, Xitoy o‘z kompaniyalari kelajakda ishlab chiqaradigan mahsulotlarini sotishi uchun Yevropa tomon cho‘zilgan iqtisodiy yo‘lak qurishni rejalashtirayotgani aniq. Buning natijasida Yevroosiyodagi davlatlarning iqtisodiy yuzi g‘arbga emas, Tom Miller o‘zining «Xitoyning Osiyodagi xayoli» kitobida aytganidek, Xitoy tomon buriladi.

Tashabbusning quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishlari mavjud:

  • Chora-tadbirlar koordinatsiyasi (policy coordination);
  • Infrastrukura bog‘lanishi (infrastructure connectivity);
  • To‘sqinliksiz savdo (unimpeded trade);
  • Moliyaviy integratsiya (financial integration);
  • Insonlarni bir-biri bilan bog‘lash (connecting people).

Loyiha qiymati 1 trillion AQSh dollari atrofida baholanib, bu summa asosan port, yo‘llar, aeroportlar, elektr stansiyalari va telekommunikatsiya tarmoqlari kabi infratuzilmalar qurilishiga sarflanishi ko‘zda tutilgan.  

«Bir makon, bir yo‘l» loyihasining dunyo xaritasidagi tasviri:

Foto: euobor.org

BMBY tashabbusining huquqiy shakli, maqomi va ahamiyati haqida

Mazkur tashabbusni to‘g‘ri tushunish lozim: u Jahon savdo tashkiloti kabi qat'iy qoidalar ustiga qurilgan savdo tashkiloti emas. Yoinki, Yaponiya boshchiligidagi erkin savdo yo‘lida tuzilgan Trans-tinch okeani hamkorlik bitimi (Trans-Pacific Partnership Agreement) kabi ko‘p tomonlama iqtisodiy bitim ham emas. Yoki bo‘lmasa, Rossiya Federatsiyasi yetakchiligida qurilgan Yevroosiyo bojxona ittifoqi kabi umumiy bojlar o‘rnatiladigan iqtisodiy hudud hammas. Xitoy qat'iy qoidalardan ko‘ra egiluvchan va yumshoq normalarga (soft law) asoslangan va doimo o‘zgarishlarga osonlik bilan moslashadigan global hamkorlik to‘rini qurishni mo‘ljallayapti.

«Bir makon, bir yo‘l»ning eng katta o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, Xitoy g‘arb mamlakatlari va «Osiyo yo‘lbarslari»dan farqli ravishda barpo etiladigan infratuzilma va boshqa turdagi investitsion loyihalarini katta tezlikda va ko‘zga ko‘rinar shaklda amalga oshirmoqchi. Bu yo‘lda dunyoning boshqa qudratli davlatlaridan farqli o‘laroq, Xitoy milliardlab dollar mablag‘larni sarflashdan cho‘chimayapti. Misol uchun, Xitoy banklari va fondlari BMBY loyihalari uchun 2016 yilgacha jami 292 milliard dollar ajratishdi, birgina 2017 yilning o‘zidayoq bu raqam 20,1 milliard dollarni tashkil etdi.

Ushbu gigant loyihani qanday firmalar amalga oshiryapti, Xitoy banklari qanday firmalar uchun kreditlar ajratyapti, degan savolga javoban shuni aytish kerakki, Xitoy davlat korxonalari (state-owned enterprises) ushbu loyihadan eng manfaatdor tomonlardir. Misol uchun, so‘nggi uch yil ichida Xitoy davlat korxonalari BMBY yoqasida joylashgan mamlakatlardagi 1700dan ortiq investitsiya loyihalarida qatnashgan. Ular qatorida China Communications Construction, China State Construction Engineering, Power China, Sinomach China Railway Construction Corporation, China Railway Group, CNPC va State Grid kabilarni sanab o‘tish mumkin.

E'tiborli jihatlar

Shu bilan birga, mazkur loyihalar «ichida» Xitoyning mahalliy hokimiyatlari tomonidan tashkil etilgan turli ommaviy mulk shaklidagi kompaniyalarni ko‘rish mumkin. Ushbu shirkatlar dunyoning turli joylarida o‘ta uzun ko‘priklar, yirik to‘g‘onlar, quvvati katta elektr stansiyalari, qurilishi g‘oyat qiyin bo‘lgan tog‘ tunnellari, gigant stadionlar va tezyurar temir yo‘llari barpo etishmoqda. Ushbu loyihalar asosan «tied-aid» shaklida, ya'ni bu shirkatlar BMBY yoqasida joylashgan davlat Xitoy banklaridan milliardlab dollar miqdorida kredit olishi mumkin.

Ammo ko‘pgina holatlarda qarzga olingan pullar davlat banklariga qaytarilmaydi, balki o‘sha loyihani amalga oshiruvchi Xitoyning davlat korxonalari hisobiga o‘tkaziladi. Qarz olgan davlatga esa Xitoy texnikasi va infrastrukturasi shaklida kirib keladi. Shu sababli, Xitoy pulni o‘ng cho‘ntagidan (davlat banklaridan yoki «Ipak yo‘li» fondidan) olib, chap cho‘ntagiga (davlat korxonalari yoki boshqa Xitoy shirkatlari hisobiga) solib qo‘yadi, deyish mumkin.

Bunday usul uchun Xitoy davlatini ayblash noto‘g‘ri, chunki bunday qarz berish shaklini nafaqat Xitoy, balki Yevropa, AQSh va Yaponiya davlatlari ham keng qo‘llashadi. Debora Brautigamning «Ajdarhoning hadyasi: Xitoyning Afrikadagi haqiqiy hikoyasi» nomli kitobida bu haqda to‘liq ma'lumot olish mumkin.

Xitoy «Bir makon, bir yo‘l»ni ko‘p tomonlama muzokara emas, balki har bir davlat bilan alohida muzokara o‘tkazish orqali amalga oshirishni afzal ko‘radi. Albatta, bunday holatda tomonlar o‘rtasida muzokara tez va oson bitadi, Xitoy o‘z moddiy kuchini ustalik bilan ishlata olishi uchun shu tarzda zamin tayyorlaydi.

Biz uchun buning e'tiborli tarafi – bunday diplomatik aloqa kichik davlatlar yoki infrastruktura investitsiyasi uchun chanqoq holda bo‘lgan, rivojlanayotgan mamlakatlarni osonlik bilan o‘z qoidalariga og‘dirib olishga imkon yaratadi.

Shunday bo‘lsada, XXRning bunday tashabbus bilan chiqishi rivojlanayotgan dunyo mamlakatlari tomonidan iliqlik bilan kutib olindi. Sababi oddiy: Osiyo Taraqqiyot banki hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda Osiyo mamlakatlarining o‘zida har yili 800 milliard dollarlik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ehtiyoj bor. Ammo bunday katta hajmdagi qurilish ishlari uchun shu paytgacha yetarli moliyalashtirish manbasi bo‘lmay kelayotgandi. Xitoy esa aynan shunday ehtiyojni qondirish uchun «Bir makon, bir yo‘l»da davlatlarning faol ishtirokini so‘rayapti.  

Ba'zi davlatlar uchun «bundan zo‘ri bo‘lmaydi». Chunki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar infratuzilmasi tezlik bilan eskirayotgan davlatlarga «noqulay» shartlarda mablag‘ ajratayotgan bir paytda, Xitoyning deyarli shartlarsiz, faqat hukumat kafolati ostida bunday katta summalarni ajrata boshlashi rivojlanayotgan davlatlar uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi.

Biroq «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda xavotirga sabab bo‘ladigan jihatlari ham yo‘q emas.  

«Bir makon, bir yo‘l» bo‘yicha xavotirlar

1. Mas'uliyatli qarz berish (responsible lending)
BMBY tashabbusi avvalambor AQSh va uning hamkor davlatlari tomonidan ancha salbiy qarshi olindi. Buning eng katta sabablaridan biri – XXR banklari tomonidan beriladigan katta miqdordagi qarzlar rivojlanayotgan, ko‘pincha nodemokratik davlatlarga, Parij yoki London moliyaviy klublari bilan hisoblashmasdan berilishi bo‘lmoqda.

Parij klubi qarzdor va qarz beruvchi davlat orasidagi muammolarni hal etishga ixtisoslashgan bo‘lsa, London klubi esa qarzdor davlatlar va ularga qarz beruvchi xususiy shirkatlar (yoki banklar) o‘rtasidagi aloqalarni boshqarishga ixtisoslashgan. Bu klublarga a'zo davlatlar qarzdor davlat qarzi oshib ketadigan taqdirda ma'lum darajada qarz berishni to‘xtatadi va sog‘lomlashtirish choralarini (qarzni kechib yuborish yoki muddatini uzaytirish kabi) ko‘radi.

Xitoy bu klublarga a'zo emas va aynan shu tufayli ham ma'lum bir mamlakatga qarz berayotganida uning boshqa davlatlar klubidan qancha qarzi borligiga qaramaydi va hisoblashmaydi ham. Natijada, masalan, Afrika va Osiyodagi qoloq davlatlarning qarzdorligi yana ham ortadi. Eng muhimi, o‘zining chet davlat ishlariga aralashmaslik va davlat suverenitetini hurmat qilish tamoyilidan kelib chiqayotganini aytib, Xitoy qarz bergan davlatga nisbatan Jahon banki yoki Xalqaro valuta fondi kabi talablarni qo‘ymaydi, eng asosiysi, «ichki ishlariga aralashmaydi».

Xitoyning ommaviy banklaridan olingan qarzlarning salbiy oqibatlarini qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari misolida ko‘rishimiz mumkin. AQShdagi Global rivojlanish markazi tadqiqotlariga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l» loyihasida ishtirok etayotgan davlatlar orasida 8ta mamlakatning Xitoydan olgan tashqi qarzlari xavotirli miqdorga yetgan, bu mamlakatlar qatorida Qirg‘iziston va Tojikiston ham bor. Xitoy Tojikistonning eng katta tashqi kreditori bo‘lib, bu davlatning 2007-2016 yillarda tashqi qarzlari 80 foizga o‘sgan. Qirg‘izistonning esa eng katta tashqi kreditori Xitoydagi «Exim Bank» bo‘lib, 2016 yilda mamlakat tashqi qarzining 40 foizi shu bank hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bunday holat ekspertlarning ham asosli xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Ularning fikricha, Xitoy va uning shirkatlari rivojlanayotgan davlatlarga uzoq muddatda to‘lay olmaydigan va barqaror bo‘lmagan infrastruktura loyihalarini taklif qilmasligi zarur. Chunki bu holda rivojlanayotgan davlatlar qarzlarini qaytara olmasliklari natijasida «qarz qopqoni»ga (debt trap) ilinib, Xitoy uchun turli yon berishlarga majbur bo‘lishlari mumkin. Tanqidchilarga ko‘ra, Shri-Lankadagi strategik Hambantota porti Xitoy tomonidan qurilgach, milliard dollarlik loyiha pulini to‘lay olmagan Shri-Lanka hukumati o‘sha portni 99 yilga Xitoyga «ijara»ga berishga majbur bo‘ldi.

Xitoy tarafdorlari esa rivojlanayotgan davlatlar hukumatlari Xitoy taklif etayotgan loyihalar to‘lovini kelajakda qaytarish imkoni bo‘lmasa, bunday taklifni qabul qilmasliklari lozimligini aytishmoqda. Qarshi taraf esa Xitoy hukumati va unga aloqador firmalarning o‘ta yopiqligi, shaffof emasligi, ma'lumotlar oshkor etilmasligi, «Bir makon, bir yo‘l» loyihasiga oid infratuzilma loyihalari bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderlarga qatnashish qiyinligi va loyihalarni amalga oshiradigan davlatlar uchun xatarlar yuqoriligini tanqid qiladi.

2. Noshaffoflik va korrupsiya
«Bir makon, bir yo‘l» bo‘yicha eng ko‘p tanqidlar Xitoyning moliyalashtirish loyihalari noshaffof va shubhali qo‘lga kiritilganiga oid. Xitoy hukumati asosan mahalliy kompaniyalardan ham «qoraroq» bo‘lgan yuqori darajadagi davlat boshliqlari bilan, aniqroq aytganda siyosiy elita bilan ishlashni xush ko‘rishi ko‘pchilikka ma'lum.

Infratuzilma loyihalari yopiq eshiklar ortida, aholiga yetarlicha ma'lumot berilmasdan tuzilishi ko‘p kuzatiladi. Loyihalar yetarlicha mashvarat etilmagani oqibatida kelajakda ko‘plab muammolar kelib chiqishi xavfi, xususan korrupsiya urchishi mumkin bo‘ladi.

«Bir makon, bir yo‘l»ga oid katta infratuzilma loyihalari bo‘yicha allaqachon korrupsiya ishlari ko‘zga ko‘rinib qolgan. Misol uchun, Xitoydagi firmalar tomonidan qurilgan elektr stansiyasidagi muammolar yuzasidan Xitoy qurilish firmalaridan pora olganlikda ayblanib Qirg‘izistonning yuqori mansabdagi mulozimlari qamoqqa olingan.

Boshqa misol. Malayziyaning sobiq bosh vaziri Najib Razzoqqa tegishli ekani aytiladigan kompaniyalar «Exim Bank» tomonidan Malayziyadagi BMBY doirasida amalga oshirilayotgan quvur yotqizish loyihasi pullarini noqonuniy o‘zlashtirgani oshkor bo‘ldi va hozirda sobiq bosh vazirga nisbatan jinoyat ishi davom etmoqda.  

3. Ekologiyaga ta'siri
Keyingi masala – Xitoy kompaniyalari tomonidan atrof-muhitga nisbatan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, standartlarga amal qilmaslik. Bu muammo Xitoy shirkatlarining keyingi paytlarda texnologik rivojlanishi natijasida birmuncha kamaygan bo‘lsa-da, xavflar hamon mavjud. XXR shirkatlarining atrof-muhitga nisbatan bunday munosabatini yaxshi anglagan Italiya hukumati 2019 yil mart oyi so‘ngida BMBYga oid memorandumda tabiatga oid alohida modda kiritgani bejiz emas.

4. Raqamli texnologiyalar xavfi
«Bir makon, bir yo‘l» loyihasining diqqatga sazovor joyi shundaki, u nafaqat quruqlik va dengizda, balki dijital sohada ham markazi Xitoy bo‘lgan hamkorlikni taklif etadi. Xitoy bu sohada «Dijital ipak yo‘li» qurilishini barcha birgalikda amal oshirishiga chaqirmoqda. Bu sohada Xitoyning Huawei, ZTE, China Telecom, China Mobile shirkatlari allaqachon dunyoga tanilib ulgurgan.

Huawei shirkatining boshqa ko‘plab shirkatlardan ham o‘zib ketib, 5G mobil aloqa avlodini ishga tushirishga intilishi shu paytgacha raqamli gegemon bo‘lgan AQSh, Yevropa davlatlarini cho‘chitib yubordi. Huawei shirkati tomonidan rivojlangan dunyo mamlakatlariga taqdim etilayotgan raqamli texnologiya orqali ushbu shirkat Xitoy hukumatiga ma'lumot yetkazayotgani haqida tarqalgan xabar olovga kerosin quydi. Huawei shirkati boshlig‘ining qizi hozirda Kanada prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.

Shundan keyin nafaqat AQSh, G‘arbiy Yevropa davlatlari va Yaponiya Huawei texnologiyalari mamlakat ichkarisida qo‘llanilishiga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan cheklovlar joriy etishdi.  

Xitoy shirkatlarining arzon va qulay shartlar asosida telekommunikatsiya texnologiyalari, fiber simlari va ularga oid xizmatlari ko‘rsatilishi dunyoning eng kambag‘al mamlakatlarida katta quvonch bilan kutib olindi. Bu yerlarda Xitoy shirkatlari katta infrastruktura loyihalarini amalga oshirib, aholi turmush darajasini oshirishda hissa qo‘shayotganini insof bilan qayd etish zarur.

Biroq muammo shundaki, rivojlangan g‘arb, Yaponiya va Koreya Respublikasi davlatlaridan farqli o‘laroq Xitoy siyosiy tuzilmasida shirkat va davlat o‘rtasida alohida uzviy aloqa mavjud bo‘lib, Xitoy kommunistik partiyasi shirkatlardan mutlaq sadoqatni talab qiladi.

Natijada dunyo bo‘ylab o‘z biznes faoliyatini yuritayotgan xitoylik tadbirkorlar Xitoy siyosatini qo‘llaydigan harakatlarni amalga oshirishga majbur. Agar bu masala raqamli sohada ham yuz beradigan bo‘lsa, unda dunyodagi millionlab, Xitoy raqamli texnologiyasidan foydalanuvchi aholi haqidagi ma'lumotlar Xitoy hukumati qo‘liga o‘tib ketishi va kommunistik partiya tomonidan nazorat qilinishi xavfi paydo bo‘ladi.

G‘arb, Yaponiya, Koreya shirkatlari esa xususiy hisoblanib, insonning shaxsiy ma'lumotlarini saqlash bo‘yicha qonunlar va ichki me'yorlarga amal qilishadi. Bu shirkatlar qonunni buzsa jamoatchilik bundan xabar topishi ehtimoli yuqori. Ammo Xitoy hukumati bilan hamkorlikda ishlaydigan kompaniyalarning ishlari qattiq yashiriladi.   

Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi dunyo mamlakatlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilyapti. Biz ham bu loyiha tafsilotlarini bilishimiz, voqealar rivojini sinchkovlik bilan kuzatishimiz lozim, deb hisoblayman. Eng muhimi, biz uchun «Bir makon, bir yo‘l» qaysi o‘rinda foyda-yu, qaysi o‘rinda xavf – shularni bilib turishimiz lozim.

(davomi bor...)

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin

Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya), Biznes huquqi fakulteti professori,

«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi.

 

Teglar