Xitoy va Polsha bilan parrandachilik sohasidagi hamkorlik kengayadi

  • 15:27 / 07.11.2019
  • 57

O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisida “Parrandasanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda Xitoyning Chjenszyan provinsiyasi Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi hamda Polshaning Investitsiya va savdo agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O‘zsanoatqurilishbank matbuot xizmati Xabardor.uz’ga ma’lum qildi. 

 Xitoy va polshalik qishloq xo‘jaligi vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish istiqbollari xususida ma’lumot berildi. 

“Biz dunyoning ko‘pgina davlatlari bilan hamkorlik qilib kelamiz. Biroq, shu kungacha hech bir mamlakatda agrosanoat tarmoqlarini rivojlantirishda banklar alohida tashabbus ko‘rsatishiga guvoh bo‘lmagandik”, deydi Xitoyning Chjenszyan provinsiyasi Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi vitse-prezidenti janob Vu Szinxua.

Xitoy – O‘zbekiston parrandachilik hamkorlikning yangicha uslubi 

 Xabarda keltirilishicha, Vu Szinxua boshchiligidagi xitoylik mutaxassislar delegatsiyasi ishtirokidagi uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangicha uslubda olib borishga kelishib olingan.  

Polsha Investitsiya va savdo agentligi O‘zbekistonda vakolatxona ochadi

Polsha Investitsiya va savdo agentligi mutaxassislari bilan muloqotda ham parrandachilik korxonalaridagi boshqaruv tizimi muhokamalar markazida bo‘lgan. Xususan, qo‘shma korxonalar tashkil etish va ularni zarur uskuna va texnologiyalar bilan ta’minlashga kelishib olingan. Buning uchun Polsha agentligi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni mo‘ljallaganini ma’lum qilgan. 

Mehmonlar, shuningdek, parranda parvarishlash, tuxum va go‘sht yetishtiruvchi obyektlarda bo‘lib, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishgan. 
  Ma’lumot uchun: 
– Xitoyning Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi 1957 yilda tashkil etilgan.  Akademiya Bosh ofisi Pekin shahrida joylashgan. Uning tarkibiga 42 ta institut kirib, ularda 5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi;
– Polsha Investisiya va savdo agentligi mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb qilish, investorlarga huquqiy maslahat xizmatini ko‘rsatish, shuningdek, chet elda polshalik kompaniyalar faoliyatini targ‘ib qilish va rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi. 
Xabardor.uz