Xitoyda bemor hantavirusdan vafot etdi

  • 09:32 / 25.03.2020
  • 632

Xitoyda koronavirus pandemiyasi sekinlashayotgan bir paytda boshqa yuqumli kasallik – hantavirusdan bir kishi vafot etdi, deb xabar bermoqda Anadolu Agency mahalliy The Global Times gazetasiga tayanib.

“Hantavirusga chalingan erkak dushanba kuni Yunnan provinsiyasidan Shandong provinsiyasiga avtobusda qaytayotgan paytda vafot etgan”, deyiladi gazetaning Twitter'dagi sahifasida.

Shundan so‘ng avtobusdagi 32 nafar yo‘lovchi ham sinovdan o‘tkazilgan. Biroq ularning test natijasi haqida ma’lumot berilmagan.

Ushbu virusli kasallik to‘g‘risida birinchi marta 1993-yil AQShda xabar berilgan. U odamlarga sichqon, kalamush kabi kemiruvchilar orqali yuqadi.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi xabariga ko‘ra, ushbu virusning odamdan odamga yuqishi faqatgina 1996-yil Argentinada uchragan.  

Koronavirus alomatlaridan farqli o‘laroq, hantavirus tanadagi charchoq, mushaklar va bosh og‘rig‘iga olib keladi.