Xitoyda tarqalgan yuqumli kasalliklar O‘zbekistonga kirib kelishi oldi olinmoqda

  • 12:03 / 14.01.2020
  • 108

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosining ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan. Xitoyning Uxan shahar Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi 2019-yil dekabr oyining oxirida Xubey provinsiyasida noma’lum etiologiyali pnevmoniya kasalligi tarqalganligini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2020-yilning 11-yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan. Ulardan bir nafari vafot etgan, 6 nafari sog‘ayib, shifoxonadan chiqarilgan. Bemorlarning ko‘pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Ko‘krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko‘ra, ayrim holatlarda bemorlarning o‘pkalari shikastlangan.

Bugungi kunda kasallikning odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining axborot berishicha, O‘zbekistonda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan:
•  davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda;
•  pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda;
•  gripp, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalarini tayyorgarligini ta’minlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi;
•  Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo‘lovchilar orasida gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda;
•  mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo‘l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.

Yuqumli kasalliklarning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan barcha chora-tadbirlar qat’iy nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Xitoy, xususan, uning Xubey provinsiyasi va Uxan shahrida bo‘lib turgan yoki bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimizni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan edi.