Xitoyga o‘chakishib AQSh mikrosxema sanoatiga 22,8 milliard ajratmoqchi

  • 11:10 / 15.06.2020
  • 780

Mikrosxemalar sanoati AQSH va Xitoy o‘rtasidagi strategik muhim sohalardan hisoblanadi. Pandemiyaga qaramasdan AQSh mikrosxema ishlab chiqaruvchi fabrikalar sonini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini Kongressga taqdim etdi. Amerika sohada ustunligini saqlab qolish maqsadida 22,8 milliard dollar ajratmoqchi
Uchinchi mingyillik taraqqiyotining asosiy unsuri bo‘lib qolayotgan mikrosxemalar sanoatining barqaror bo‘lishi uchun sarflanadigan investitsiyaning yarmidan ko‘pi – 12 milliard dollari tadqiqotlar va yangi loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi. 

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar asta-sekin tiklanayotgan bo‘lsa-da, Tramp hukumati Xitoyga bunday “yog‘li” sohani topshirib qo‘ygisi yo‘q. Shu maqsadda “milliy xavfsizlik” bahonasida Huawei kompaniyasiga Amerika texnologiyalaridan foydalanish taqiqlab qo‘yildi. AQShning maqsadi Xitoy texnologiya kompaniyalarining o‘sishini sekinlashtirish, deb taxmin qilmoqda.

Dunyodagi eng katta texnologiyalar bozoriga ega Xitoyning sohadagi ulushi global ishlab chiqarishning beshdan bir qismiga to‘gri keladi. Milliy sanoatidagi ulkan talabni qondirish maqsadida Xitoy tarkibiy qismlarni import qilishga majbur. Xitoy mikrosxema kompaniyalari butun dunyo daromadining atigi 4 foizga egalik qiladi. Tayvan kompaniyalarida bu ulush 5 foizni, Janubiy Koreya kompaniyalarida esa 24 foizni tashkil qiladi. AQSh ishlab chiqaruvchilari jahon mikrosxema bozorining yarmidan ko‘pini tasarrufiga olgan. 

AQSh siyosatchilari amerikalik ishlab chiqaruvchilarga Xitoyning texnologik giganti Huawei va uning sho‘ba korxonalariga chiplarni yetkazib berishni qiyinlashtirmoqda, shu bilan birga, Xitoy o‘z tashqi sanoatini, ayniqsa, AQShga qaram bo‘lmaslik uchun o‘z mikrosxema sanoatini rivojlantirmoqda. Pekin ma’muriyati 2015-yildan 2025-yilgacha mo‘ljallangan reja ishlab chiqqan bo‘lib, unga ko‘ra, 10 ta texnologik soha, jumladan, mikrosxemalar sanoatida dunyoda yetakchilikni qo‘lga olish mo‘ljallangan. Hozirga qadar milliy ishlab chiqaruvchilar mazkur reja asosida davlatdan 50 milliard yevro yordam olgan, ammo kompaniyalar kutilgan natijani berolganicha yo‘q. 

Aksariyat ekspertlarning ta’kidlashicha, yaqin kelajakda bu sohada  Xitoyning AQSh kompaniyalaridan o‘zib ketishi qiyin. AQShdan mazkur texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi texnologiyalarni sotib olish ham qiyinligicha qolmoqda. 
Mutaxassislar AQShning Xitoy kompaniyalari chip sotib olishiga yo‘l qo‘ymasligi orqali o‘zining ustun mavqeyiga putur yetkazishi haqida ogohlantirmoqda. Masalan, Huawei mikrosxemalar bozorida dunyodagi uchinchi yirik xaridor bo‘lib turibdi. AQSh shunday mijozni o‘z ixtiyori bilan yo‘qotishga qaror qilganga o‘xshaydi. Bu bilan u mobil telefonlar, elektron qurilmalar, sun’iy yo‘ldoshlar va reaktiv samolyot dvigatellarigacha bo‘lgan sanoatda o‘z mahsulotini o‘tkazishni reja qilgan.