Xitoyning agrar sohadagi innovatsion tajribasi O‘zbekistonga tatbiq etiladi

  • 14:06 / 11.09.2019
  • 97

Foto : O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Joriy yilning 10-sentyabr kuni “Qishloq xo‘jaligini isloh qilishda Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi va uni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash imkoniyati” mavzusidagi o‘zbek-xitoy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xitoyning ochiqlik islohotlari siyosati 40 yilligiga va O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasi doirasida yangilangan ichki va tashqi siyosatini ilgari surish tajribasiga bag‘ishlangan.

Xalq vakillari umumxitoy majlisi Qishloq xo‘jaligi va qishloqlarda ishlash bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Li Chun'shen boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegasiyasining yurtimizga tashrifi doirasida bo‘lgan mazkur tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev raislik qildi.

Konferensiya ishida ishtirok etgan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning iqtisodiy rivojlanish darajasi, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi rivojlanishi darajasi dunyodagi yetakchi o‘rinlarni egallashini ta'kidlarkan, Xitoyning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilishga jiddiy e'tibor qaratilayotganini qayd etdi.

— Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi bilan ekinlarni ekish va parvarishlashning yangi zamonaviy usullarini joriy etish, qishloq xo‘jaligiga doir ilmiy texnologiyalar bilan o‘rtoqlashish borasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, – dedi vazir. – Shuningdek, O‘zbekistonga dori substansiyalari xorijdan olib kelinayotganini inobatga olib, ularni o‘zimizda ishlab chiqarish zaruriyati yuzaga keldi. XXR Fanlar Akademiyasining Shanxay farmakologiya instituti hamkorligida “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida Xitoyning “Topharman & Vigonvita & CADDC-CASS” konsorsiumi bilan dorivor moddalarni sintez qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy tibbiyot texnologik parkini tashkil etilmoqda.

Agrar siyosat muammolarini xalqaro darajada muhokama qilish ushbu masalaning dolzarbligi va bu borada turli davlatlarning tajribalarini qo‘llash imkoniyatlari mavjudligidan dalolat berayotgani ta'kidlandi. Zero, oziq-ovqat xavfsizligi muhim strategik omillardan biridir.Qishloq xo‘jaligi Xitoy iqtisodiyotining salmoqli bo‘g‘ini ekanligi sabab ham Chin mamlakatining qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribasini o‘rganish va uni yurtimizda tatbiq etish o‘ta muhim sanaladi. Xitoy agrar sohasida dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Xitoy agrar sohani islohot etarkan, sohani tubdan o‘zgartirish emas, balki uning kamchiliklarini bartaraf etishga e'tibor qaratdi. Bugunda Xitoyda dehqonlar ko‘plab soliqlar ozod qilingan, ularga turli ehtiyojlari uchun davlat tomonidan subsidiyalar taqdim etiladi. Don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun minimal xarid narxlari siyosati yuritiladi, dotasiyalar, kreditlar beriladi, beg‘araz yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanadigan qishloq ahliga sug‘urta tizimi orqali bepul tibbiyot xizmatlari tashkil etilgan.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Xitoyning agrar sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati bu dehqonlarda mulkchilik tuyg‘usini rivojlantirishga bog‘liqligini, shaxsiy manfaatdorlikni rag‘batlantirish va shuningdek, dehqonlarning mas'uliyatini oshirishga qaratilganiga e'tibor qaratdilar. O‘zbekistonda ilg‘or tajribalarni joriy etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatimiz agrar sohada ulkan salohiyatga ega ekanligi ta'kidlandi. So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mahsulotni qayta ishlash tizimi va qo‘shilgan qiymat zanjirini yanada takomillashtirishda yutuqlarga erishilgani qayd etildi.