Xo‘ja Nasriddin haykali muallifi Yakov Shapiro vafot etdi

  • 10:10 / 04.04.2021
  • 66

Joriy yilning 3-aprel kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, haykaltarosh Yakov Iosifovich Shapiro 83 yoshida vafot etdi. 

Shapironing ijod namunalari Oʻzbekiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Yaponiya va boshqa davlatlarda oʻrnatilgan. Toshkentda Yakov Shapiro metroning beshta stansiyasi, jumladan "Mustaqillik maydoni" va "Buyuk ipak yoʻli" stansiyalari uchun pannolar tayyorlagan.

Bundan tashqari, haykaltarosh Oʻzbekiston poytaxtidagi Maksim Gorkiy, Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Lal Bahadur Shastri, Botir Zokirov, Buxorodagi Xoʻja Nasriddin Afandi haykallari muallifi hisoblanadi.

Ijodkor qator arxitektura-haykaltaroshlik ansambllari, jumladan, yulduzlar mavzusidagi Ona Zamin, Ikar, Ulugʻbek, Tsiolkovskiy, Qirolicha, Gagarin hamda kosmonavt, ikki karra Sovet Ittifoqi qahramoni Vladimir Jonibekov byusti kompozitsiyasi ustida ishlagan.