Xokkey. O‘zbek sportida yana bir umidli iste'dod

  • 17:04 / 05.10.2016
  • 5553

O‘tgan asr 70-yillarida qishki Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan xokkey sporti Markaziy Osiyoda keng tarqala boshladi. O‘sha davrlarda tuzilgan Toshkentning “Binokor” klubi qanchalik kuchli va mashhur bo‘lganini katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. Ushbu maqolani o‘qiyotganlar orasida “Binokor”ning o‘yinchilarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar ham bordir balki. Hozirda ushbu jamoa faxriylari yangi yosh avlodni voyaga yetkazishmoqda. Qilingan ishlar qisqa vaqt mobaynida o‘z samarasini beryapti. Yozda Qozog‘istonning “Armada” jamoasi yoshlari poytaxtimizga tashrif buyurib, Toshkentdagi tengqurlari bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishgan edi. O‘sha o‘yinlarda o‘zining texnikasi va harakatlari bilan ajralib turgan 7 yoshli Salohiddin Azimov ushbu “Armada” mutasaddilari e'tiboriga tushdi va jamoaning o‘rtoqlik uchrashuvlariga taklif etildi.  

Ayni damda ko‘pgina klublar qatori “Armada” ham yangi mavsumga tayyogarlik ko‘rmoqda. Klub mavsum oldidan Qizilo‘rda yoshlar jamoasi bilan 2 ta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. O‘zidan kattalar bilan o‘ynashiga qaramasdan, toshkentlik yosh klyushka ustasi ikkala uchrashuvda jami 8 ta gol urib, sheriklariga 3 ta golli uzatma ham berdi. Bu esa jamoasining g‘alabasiga katta poydevor bo‘ldi va Salohiddin har ikki uchrashuvda ham eng yaxshi o‘yinchi, deb topildi.

Salohiddin hozirda poytaxtimizdagi 41-maktabda endigina 1-sinfda o‘qishni boshladi. Kelishuvga binoan, xokkeychimiz “Armada” yoshlar (U-12) jamoasi o‘yini bo‘lgan paytlari Qozog‘istonga borib keladi. Qolgan payt Toshkentda darslaridan so‘ng mashg‘ulot qilishda davom etadi.

Xokkey ishqibozlari o‘tgan asr oxiri va yangi asr boshlarida “Rus raketasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Pavel Bureni yaxshi bilishsa kerak. Hozirda Rossiya xokkey federatsiyasida faoliyat olib borayotgan Bure Salohiddinning o‘yinlari tushirilgan videoni ko‘rgach, TsSKA maktabiga taklif qildi. Buning uchun yana 3 yil kerak. Ushbu maktabga xokkeychilar 10 yoshdan qabul qilinadi. Ishonchimiz komilki, yaqin yillar ichida bunday iqtidorli yoshlar yurtimizda ko‘plab kashf etiladi va o‘zbek xokkeychilarini ham Olimpiya o‘yinlarida ko‘ramiz.

Manba: Spors.uz

Teglar