Xonadondagi sovutgichda saqlanayotgan giyohvandlik moddasi fosh qilindi

  • 11:17 / 16.06.2020
  • 300

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
 
Tadbir davomida fuqaro R.S. “Lasetti” rusumli transport vositasi haydovchisiga polietilen paketga o‘ralgan giyohvandlik vositasini berayotgan chog‘da tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
 
“Shundan so‘ng, tadbir davom ettirilib, fuqaro R.S. ning vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada xonadondagi sovutgichda ham “gashish” giyohvandlik moddasi yashirilganligi maʼlum bo‘ldi”, deyiladi DBQ xabarida.
 
Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida qonunbuzardan  jami 294,29 gr. “gashish” giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
 
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.