Xorazmda “Biz OITSga qarshimiz, sogʻlom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida yugurish va badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazildi

  • 14:20 / 01.12.2019
  • 29

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va Sport Vazirligi

Maʼlumki, 1988-yildan boshlab dunyo boʻylab 1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni deb eʼlon qilingan. Har yili ushbu sana dunyo ahli uchun sogʻlom hayot tarzini ilgari surish va uning targʻiboti borasidagi eng muhim kunlardan biriga aylangan.

Shu jihatdan, barcha davlatda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham OITSga qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ushbu balodan asrash, ular orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xorazm viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat markazidagi “Yoshlik” sport majmuasida oʻtkazilgan yugurish va badantarbiya mashgʻuloti ham ana shu saʼy-harakatlar sirasiga kiradi. “Biz OITSga qarshimiz, sogʻlom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida uyushtirilgan mazkur tadbirda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi apparati, boshqarmaning shahar va tumanlar boʻlimlari, sport maktablari va oʻquv muassasalarining mutasaddilari, ishchi-xodimlari hamda sportchilardan iborat 200 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Tadbir avvalida boshqarma boshligʻi Shokir Madaminov soʻzga chiqib, global muammoga aylanib borayotgan ushbu xastalikning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish, aholi oʻrtasidagi targʻibot tadbirlarini kuchaytirish va uning samaradorligini oshirish borasida fikr mulohazalarini bildirib oʻtdi.