Xorijda yashab kelgan 23 nafar o‘zbekistonlik bemor haqida ma’lum qilindi. Ular orasida vafot etganlar ham bor

  • 13:34 / 07.04.2020
  • 292

Bugun, 7-aprel kuni AOKA huzurida tashkil etilgan shtabda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Avazbek Xadjimetov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda koronavirus tarqalishiga qarshi olib borilayotgan ishlar yuzasidan vazirlik matbuot kotibining axboroti o‘qib eshittirildi. 

Vazirik vakili ba’zi davlatlarda koronavirus tarqalishi keng ko‘lamli tus olayoganini ta’kidaydi.

“Afsuski, xorijdagi fuqarolarimiz orasida ham ushbu kasallikka chalinish holatlari yuz bermoqda”, deydi u.

Tashqi ishlar vazirligi taqdim qilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda xorijda bo‘lib turgan 23 nafar  O‘zbekiston fuqarosida ham koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati aniqlangan.
Jumladan, Avstriya (1), Armaniston (1), AQSH (10), BAA (1), Koreya Respublikasi (1), Pokiston (5), Rossiya (1), Tailand (1) va Qozog‘istonda (2) bo‘lib turgan o‘zbekistonlik fuqarolarda ushbu kasallik qayd etilgan.

“Xorijdagi 23 nafar fuqarolarimizda ushbu kasallik aniqlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan”, deydi vazirlik vakili.

Shuningdek, O‘zbekistonning mazkur davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari ushbu O‘zbekiston fuqarolari va ularning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turganligi va zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganligi ta’kidlandi.

“Shu o‘rinda, xorijdagi barcha fuqarolarimizdan koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy hokimiyat talablariga to‘liq rioya etish, jamoaviy tadbirlarda qatnashmaslik, gavjum joylarga tashrif buyurmaslik va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy so‘raymiz”, dedi Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Avazbek Xadjimetov.