XX asr o‘rtalaridagi eng badavlat kishi, 200dan ziyod kompaniyadan iborat imperiya egasi

  • 09:54 / 19.12.2016
  • 20641

XX asr o‘rtalarida AQShning eng badavlat kishisi bo‘lgan Pol Getti haqida eshitganmisiz? vc.ru 200dan ortiq kompaniyadan iborat imperiyani barpo qilgan, Yaqin Sharqda neft qazish uchun birinchilar qatorida ruxsat olgan, shuningdek o‘zining xasisligi va ko‘p sonli ishqiy sarguzashtlari bilan mashhur bo‘lgan neft magnatining tarjimai holi bilan bo‘lishdi.

50-yillar oxirida Pol Getti AQShning eng badavlat kishisi sifatida e'tirof etildi. Neft magnati va bu biznesni Yaqin Sharqqa ko‘chirgan ilk amerikaliklardan biri bo‘lgan bu shaxsni butun dunyo tanir edi. Bu mashhurlikning boisi faqat biznesdagi yutuqlar bo‘lmagan, albatta. Getti o‘zining xasisligi, san'at asarlarini to‘plashga bo‘lgan qiziqishi, shuningdek ko‘plab ishqiy sarguzashtlari bilan ham el og‘ziga tushgan. Bularning barchasi tadbirkorni o‘z davrining eng mashhur shaxslaridan biriga aylantirdi. 

 

Pol Getti hayotining ilk bosqichi

Jon Pol Getti 1892 yilda Minneapolisda tavallud topgan. Uning otasi Jorj Getti millioner bo‘lgan. To‘ng‘ich Getti fermerlar oilasida dunyoga kelgan, biroq amakisining maslahati bilan ota-onasi uning ta'lim olishiga imkon berishdi. Jorj matematika o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qilgan. Tez orada uning hayotiy rejalari o‘zgardi. U universitetda Sara Risher bilan tanishib qoladi va unga uylanishga qaror qiladi. Umuman olganda, Sara bunga qarshi emasdi, biroq u kambag‘al o‘qituvchining xotini bo‘lgisi yo‘q edi. Shu bois Sara Jorjga shart qo‘yadi - u huquqshunoslik sohasida ta'lim olishi kerak edi!

Bo‘lg‘usi neft magnati oilaning to‘ng‘ichi emasdi. Uning opasi Gertruda bolaligida, Pol tug‘ilgunga qadar hayotdan ko‘z yumgan bo‘lib, ota-onasi bu fojiadan o‘ziga kelishi juda qiyin bo‘lgan. Diniy oilada tarbiya topgan Jorj e'tiqod bilan ovundi. 

Bo‘lg‘usi milliarder maktabda o‘qib yurgan kezlarida darslikda Trayan haykalini ko‘rib qoladi va unga o‘zini o‘xshatadi. U umrining oxirigacha o‘zini buyuk imperator reinkarnatsiyasi, deb hisoblaydi. Aksariyat manbalarda keltirilishicha, bu Gettining o‘ziga va u qabul qilgan qarorlarga kuchli ta'sir ko‘rsatgan. 

Pol moddiy tomondan qiyinchilik ko‘rmagan - otasi juda yaxshi pul topgan, neft qazib chiqarish bilan shug‘ullana boshlaganidan keyin esa oila yanada boyib ketgan. Shunga qaramay, Getti o‘zini yolg‘iz his qilgan. Ba'zi manbalarda keltirilishicha, qizining o‘limidan so‘ng uning ota-onasi Polga haddan ziyod bog‘lanib qolmaslikka harakat qilishgan.

Gettining sevimli mashg‘uloti kitob mutolaasi bo‘lgan, u aksariyat vaqtini kitob o‘qish bilan o‘tkazardi. Jorj Getti o‘g‘liga nisbatan qatiqqo‘l bo‘lgan, hatto 11 yoshida o‘g‘lini harbiy maktabga jo‘natgan.

Tarjimai hol mualliflarining fikricha, u harbiy sohaga qiziqmasligi va buning uchun kerakli xislatlarga ega emasligini namoyish etgan. Pol avvalgidek kitob o‘qishni kanda qilmagan va shu qadar ko‘p narsadan xabardor bo‘lganki, ba'zan o‘qituvchilarini shoshirib qo‘ygan. 

O‘qishdan keyin ota-onasi Polning hayotini rejalashtirib berishgan. Ular Polni Los-Anjyelesda iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olish, keyin esa Berkli yuridik fakultetini tugallash uchun jo‘natishadi. Getti universitetda ta'lim olishga qiziqmagan, u 17 yoshida universitetni tashlab ketadi. O‘sha paytlar Pol biznesni yo‘lga qo‘yish bilan emas, tungi sarguzashtlari bilan tanilib borardi. Chuqur xristianlashgan oila uchun bunday turmush tarzi katta janjalga olib kelishiga oz qoldi, biroq tez orada vaziyat biroz yumshadi. 

Jorj Getti oila a'zolari bilan birga Yevropa bo‘ylab sayohatga yo‘l oladi. Bu Polda katta taassurot qolidradi. Getti Oksford universitetini tugallashga qaror qiladi. Bo‘lg‘usi tadbirkor o‘z maqsadiga erishadi. 

Manbaga ko‘ra, u 1913yilga qadar Oksfordda bo‘lib, "Iqtisodiyot va siyosatshunoslik" mutaxassisligi bo‘yicha diplom oladi. 

 

Gettining birinchi millioni

Universitetdan keyin Getti dunyo bo‘ylab sayohatga yo‘l oldi va bir vaqtning o‘zida otasi bilan urishib qoladi. Otasi uning sayohatini ahmoqona deb hisoblab, uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qildi va bundan avval sovg‘a qilgan Minneoma Oil kompaniyasi aksiyalarini qaytib oldi. Keyinchalik onasining urinishlari natijasida ziddiyatga barham beriladi.

1914 yilda Pol o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab qoladi. Jorj Getti o‘g‘liga Oklaxomadagi neft konlari bilan shug‘ullanish taklifini beradi va 10 ming dollar investitsiya bilan ta'minladi. 

Getti birinchi marta o‘zini tadbirkor rolida sinab ko‘radi va 1916 yildayoq ilk millionini qo‘lga kiritadi. 

Shundan keyin Pol ota-onasining Janubiy Kaliforniyadagi uyiga qaytdi va bu yerda ham tungi hayot tarzini davom ettirdi. Bu safar ota-onasi unga ta'sir o‘tkaza olishmaydi. Natijada Elsi Ekstr ismli ayol Poldan homilador bo‘lib, uni sudga beradi. 

Getti Ekstrga 10 ming dollar berib, vaziyatni to‘g‘rilashga qaror qiladi. Shundan so‘ng ayol bolasi bilan birga ko‘rinmay ketadi - OAV buni Polning faoliyati bilan bog‘lashgan. Pol shahardan ketib, vaqtinchalik turmush tarzini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. 

Getti biznesga qaytadi va otasiga kompaniya faoliyatini Kaliforniyagacha kengaytirishni taklif qiladi. Avvaliga Jorj uning rejasiga qarshi chiqmoqchi bo‘ladi, lekin oxir-oqibat rozi bo‘ladi va adashmaydi. Kompaniya faoliyatini kengaytirish natijasida Minneoma Oil o‘z kapitalini ikki barobarga oshirdi. Yangi kompaniya George Getty Oil Company nomini oldi. Pol ishchilar bilan suhbatlashib, ko‘p vaqtini biznesga ajratadi.

Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin Getti yana Yevropaga sayohat qilish imkonini qo‘lga kiritib, mehnat ta'tillarini shu yerda o‘tkazishga odatlandi. Ota-onasi uning bunday hayot tarzidan qoniqmay, uni uylantirishga qaror qilishdi. 1923 yilda Pol Janett Demontga uylandi. Bir farzandli (Jordj Franklin Getti II) bo‘lgach, uch yillik turmush barham topadi. O‘n yillik oxiriga borib, Getti yana ikki marta uylanishga ulguradi. 

Otasining kasalligi tufayli Getti bir necha marotaba uning o‘rnini egallashiga to‘g‘ri keladi. 

1923 yilda Jorj falajga yo‘liqadi va Pol kompaniya rahbari lavozimiga o‘tiradi. Bu davr mobaynida u yana bir neftni qayta ishlab chiqaruvchi kompaniyani yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab qoladi va uning fikricha, kompaniyaning noto‘g‘ri tashkillashtirilgan boshqaruviga o‘zgarishlar kiritishga harakat qiladi, otasining hamkorlariga qo‘pol munosabatda bo‘ladi. 

Boshqaruvga qaytgan Jorjga o‘g‘lining xatti-harakatlari yoqmaydi va u biznesni kengaytirish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlamaydi. 1927 yilda Pol ikkinchi marta otasining o‘rniga o‘tiradi. Buning uchun u Yevropa sayohatini to‘xtatishiga to‘g‘ri keladi. 

Jorj o‘g‘liga bitim taklif qiladi — kompaniyaning 30 foizdan ko‘proq aksiyasini 1 million dollarga sotib, oilaviy kompaniya daromadining tushishini to‘xtatish. 1928 yilda Pol buning uddasidan chiqadi. 

1930 yilda Jorj Getti hayotdan ko‘z yumdi. Vasiyatga ko‘ra, bir necha o‘n million dollar turmush o‘rtog‘i Saraga qoladi. George Getty Oil Company boshqaruvini direktorlar kengashiga, 350 ming dollar - nevarasiga va atigi 250 ming dollar o‘g‘liga vasiyat qilinadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, Jorj o‘g‘lining oilaviy kompaniyani boshqara olishiga ishonmagan. 

 

Shaxsiy imperiyaning yaratilishi

Direktorlar kengashi Polning kompaniya prezidenti va kengash raisi bo‘lishiga rozilik beradi, lekin u bilan hisoblashib o‘tirish niyatidan yiroq bo‘ladi, buning uchun tadbirkorning nazorat paketi yo‘q edi axir. Shunday bo‘lsa-da, nazorat paketi onada bor edi, Polning esa onasi bilan munosabatlari juda yaxshi bo‘lgan. U asta-sekin kompaniya ishlariga sho‘ng‘iy boshlaydi va Sara Getti o‘g‘liga ishonadi. 

Pol otasining biznesini dunyoning eng yirik neft konsernlaridan biriga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi, ammo buning uchun tezkorlik bilan harakat qilish talab etilardi. Pol onasini 3 million dollar kredit olish va unga qarzga berib turishga ko‘ndiradi. 

U bu pullar yordamida o‘sha payt past bahoga sotilayotgan Mexican Seaboard neft qazib chiqaruvchi kompaniyani o‘z nazoratiga olmoqchi bo‘ladi. Yirik aksiyalar paketini qo‘lga kiritgan Pol Yevropaga otlanadi va bu bilan jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi. U yo‘qligida Mexican Seaboard aksiyalari bahosi shiddat bilan tusha boshlaydi. Direktorlar kengashi vahimaga tushadi, bank esa kredit to‘lovini qaytarishni talab qiladi hamda Saraga aksiyalarni sotib, kompaniyani 1 million dollarlik yo‘qotishdan asrab qolishni tavsiya qiladi.

Bunday muvaffaqiyatsiz tajriba shunga olib keldiki, Getti kelishuvlarda onasining kapitalidan foydalanish g‘oyasidan voz kechadi va o‘zining ishga yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi. Shu ondan boshlab u George Getty Oil Company’dagi o‘z ulushi va moliyaviy holatiga tayana boshlaydi. Uning keyingi bitimi Pacific Western xaridi bo‘ldi. U Kaliforniyaning eng yirik neftni qayta ishlovchi kompaniyalaridan biri edi. Getti uni qo‘lga kiritish vaqtida o‘zining bor mablag‘ini ishga solib tavakkal qiladi, lekin bu kelishuv muvaffaqiyatli bo‘ladi. 

Mashhur Tidewater Associated Oil Company - Polning biznesdagi keyingi qadami bo‘ldi. Kompaniya butun AQSh hududida o‘zining neftni qayta ishlovchi biznesiga ega edi. Uning kapitali taxminan 200 million dollarni tashkil qilgan. Agar inqirozga yuz tutmaganida Getti uni qo‘lga kirita olmagan bo‘lardi. 1932 yilda neft gigantining aksiyalari 2,5 dollargacha tushib ketdi.

1932 yilning martida Getti Tidewater Associated’ning 50 foizdan ziyod aksiyasini qo‘lga kiritdi. Gigantga to‘liq egalik qilish uchun deyarli 20 yil kerak bo‘ldi va bu taxminan 90 million dollarga tushdi. Bunga erishish uchun u onasini kapitallarni birlashtirishga va oilaviy biznes boshqaruvini to‘liq uning tasarrufiga o‘tkazishga ko‘ndirdi. Sara Getti buning evaziga 4,5 million dollarli qarz veksellarini talab qildi. Bu esa tadbirkorning Tidewater Associated uchun kurashiga to‘sqinlik qilardi. Uning yirik aksiyalar paketi o‘sha paytda Standard Oil nazorati ostida edi. Standard Oil aksilmonopoliya qonunchiligi tufayli o‘z ulushini Mission Corporation’ga sotishga majbur bo‘lgan. 

Getti tezroq uni qo‘lga kiritishga harakat qilgan, biroq bundan avval u yana bir onasi bilan kelishishi kerak edi. Bu paytga kelib Pol onasiga 4,5 million dollar berishi kerak bo‘lgan, zero bank krediti Saraning nomiga olingandi. 

Sara uning nomiga fond ochilganidan keyingina o‘g‘lining iltimosini bajaradi. Fond Saraning nevaralari va keyingi avlodlarni ta'minlash maqsadida tuzilgan. Bu reja Polning global rejalari ish bermagan taqdirda ularning oilasini himoya qilish uchun ham zarur edi. 

Pol fond tashkil etishga dastlab sovuqqon munosabatda bo‘ldi, biroq oxir-oqibat bundan faqat foyda ko‘rdi. 

Pol Mission Corporation va Tidewater kompaniyalari boshqaruvini to‘liq qo‘lga olish uchun faol harakat qilishda davom etdi. 1938 yilda uning shaxsiy kapitali 12 million dollarga yetadi, 40-yillar boshida esa Mission Corporation, shuningdek Tidewater’ning katta qismi uning tasarrufiga o‘tadi. Getti qiyin ahvolda qolgan neft kompaniyalarini qo‘lga kiritishda davom etdi, shu bois unga “Kalxat” laqabi beriladi. 

1941 yilda AQSh Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi. Getti o‘sha payt o‘zini kutilmagan tomondan namoyon qiladi — 50 yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘ngillilar qatorida armiyaga yoziladi. Uni xizmatga olishmadi, shunday bo‘lsa-da, vatanparvarlik hissi uni tark etmadi. 1935 yilda Getti samolyot ishlab chiqaruvchi Spartan Aircraft’ni qo‘lga kiritgan edi. Urush boshlanishi bilan u kompaniyaning shtab-kvartirasi joylashgan Talsu shahriga ko‘chib o‘tadi. 

Harbiy samolyotlarni ishlab chiqarish Getti uchun yangi yo‘nalish edi va shu bois u kecha-yu kunduz ishlashiga to‘g‘ri keldi. Bombardimonlardan qo‘rqqan Getti o‘ziga bunker qurdirdi va o‘sha yerda yashadi. Getti razvedkachi-samolyotga buyurtma olishga muvoffaq bo‘ladi va urush nihoyasiga yetgunga qadar shu orqali pul topadi. 

Urushdan keyin Getti kompaniya faoliyatini g‘ildirakli uylarni bunyod qilishga qaratadi. G‘oya omadli kelgan bo‘lsa-da, u bu biznesdan zerika boshladi va oxir-oqibat yana neft biznesiga qaytdi. 

 

Yaqin Sharqda konsessiya olish

1948 yilga kelib, tadbirkor Yaqin Sharqdagi neft konlariga qiziqib qoladi. U mintaqaning tabiiy boyliklari haqida yaxshi ma'lumotga ega bo‘lgan, lekin AQSh tadbirkorlari konsessiyalarni qo‘lga kiritishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bir qator qiyinchiliklar va muammolar tufayli dunyoning bu mintaqasida ishlashdan qochishardi.

1948 yilda Kuvaytda katta “Great Burgan” neft koni ochiladi. Tez orada Kuvayt va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi sahro chizig‘i Polning e'tiborini tortadi. U bu yerlarda yana bir yirik neft manbasi borligi haqidagi mish-mishlarni eshitgandi, shu bois bu orzusini amalga oshirishga kirishdi.

Bu hududga Gettining bir o‘zi yo‘l olishi xavfli edi, shuning uchun u o‘ziga yordamchi izlay boshlaydi. Saudiya Arabistonda ishlashga ulgurgan, hozir esa Pacific Western’da ishlovchi Pol Uolton Gettiga yordamchi bo‘ladi. U joyni atroflicha o‘rganib chiqib, u yerda neft topish imkoni 50 foizni tashkil qilishini ma'lum qiladi. 

Shundan so‘ng Getti Kuvayt va Saudiya Arabistoni hukmdorlari bilan konsessiya olish borasida kelisha boshladi. Ular bundan birgalikda 20 million dollar hamda neftning har bir barrelidan 40 foiz ulush olishga kelishishadi. 

Gettining mashinalari va mutaxassislari bu hududda faoliyat yuritar ekan, u ikki mamlakat hukmdorlariga har yili 1 million dollar to‘lashga va'da beradi. 

Ushbu hududda neftni izlash ishlari mashaqqatli marafonga aylandi va 1953 yilda, nihoyat, mutaxassislar ulkan neft manbaini topishga muvaffaq bo‘lishadi va shu bilan ishbilarmonning umidlari ushaladi. 

Getti qisqa muddatda neft tashish jarayonini yo‘lga qo‘yishi, neftni qayta ishlovchi zavodlari sonini kengaytirish va bu biznesni nafaqat AQSh, balki butun dunyoda yuritishiga to‘g‘ri kelardi. U shaxsiy tanker flotini qurdirdi, zero ishbilarmon transport kompaniyalariga u qadar ishonmas edi. Tankerlarning umumiy qiymati Gettiga 200 million dollarga tushdi. 

Uillmingtonda (AQSh) neftni qayta ishlovchi yana bir zavodning qurilishi va Kaliforniyadagi korxonaning modernizatsiyasiga 260 million dollar ketdi. 

Bundan tashqari Yaponiya, G‘arbiy Yevropa, jumladan Italiyada kompaniyaning zavodlari quriladi. Shuningdek Liviya va Jazoirda ham neft qazish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. 1957 yilda Fortune jurnalida Pol Getti AQShning eng badavlat kishisi sifatida e'tirof etildi. 

50-yillarning oxirida Getti o‘z imperiyasini kengaytirishda davom etdi. Umrining oxirida uning biznesi 200 kompaniyaga kengaydi. Bu vaqtga kelib, uning o‘g‘illari ham biznesga qo‘shila boshladi. Gettining 5 nafar o‘g‘li bo‘lgan. U namunaviy ota bo‘lmagan va o‘g‘illariga ancha sovuqqon munosabatda bo‘lgan. U hech kimning biznes-xatolarini kechirmagan. 

 

Milliarderning hayot tarzi va g‘aroyib odatlari

60-yillar davomida Getti Yevropa bo‘ylab faol sayohat qildi. U Italiya va Fransiyada yashamoqchi bo‘ldi, oxir-oqibat esa Angliyada qoldi. 

U ko‘chmanchi hayot tarziga qaramay, telefon qo‘ng‘iroqlari va direktorlari orqali o‘z imperiyasini boshqargan va Getty Oil’da nimalar bo‘layotganidan doim xabar olib turgan. Getti Angliyada misli ko‘rilmagan mablag‘ sarf etiluvchi bazmu ziyofatlari bilan tezda tanilib ketdi.

Shunga qaramay, Getti dunyoning eng xasis kishilaridan biri sifatida e'tirof etilgan. U o‘z imperiyasini qurgan bo‘lsa-da, uni hech kim bilan bo‘lishmoqchi emasdi. Uning barcha villa va saroylari san'at asari namunasi edi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, hisobsiz mol-mulki bo‘lgan Pol Getti kiyim-kechaklarini o‘zi yuvar edi, sababi oddiy – u buning uchun ortiqcha pul sarflashni xohlamasdi. 

U spirtli ichimliklar, kommunal xizmatlar uchun ham pulini tejardi. Bundan tashqari, Gettining uyiga tashrif buyuruvchi mehmonlar uning telefonidan qimmat xalqaro qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishlari yoqmasdi. Shu bois u o‘z uyida avtomat-telefon budkasini o‘rnatadi va mehmonlar qo‘ng‘iroq uchun o‘zlari pul to‘laydigan bo‘lishadi. 

Bundan tashqari, Getti pochta yozishmalarida ham o‘ta tejamkorlikni namoyon etadi. U ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘ymaslik uchun odatda unga xat yo‘llagan insonning qog‘ozining o‘zida javob yozib, imkon qadar o‘sha konvertda qaytarar edi.

Getti kamdan-kam intervyu bergan, suratga tushishga ijozat bermagan va hattoki ba'zi suratlari ommaga tarqalmasligi uchun ularni sotib olgan. Getti umrining oxirigacha o‘zini Satton-Pleys gersogi deb tanishtirgan, aslida bunday bo‘lmagan. 

Getti plastik jarrohlikka mehr qo‘ygan. Manbaga ko‘ra, u kamida besh marta plastik jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. Bundan tashqari ishbilarmon oq sochlari bilan kurashib, ularni malla-kashtan rangga bo‘yagan. Bu uning qiyofasiga yanada ajib ko‘rinish bergan. 

Gettining ko‘plab ishqiy sarguzashtlariga to‘xtalmay iloj yo‘q. U o‘z hayoti davomida besh marta oila qurgan va son-sanoqsiz ishqiy sarguzashtlar qahramoniga aylangan.

Pol Getti san'at namunalarini to‘plashga juda qiziqqan. U Rembrant va boshqa rassomlarning asarlari, qadimiy Rim haykaltaroshlik namunalari, Eron gilamlari, mebel va gobelenlarni qo‘lga kiritgan. Tadbirkor moliyaviy tomondan qiynalib qolgan oqsuyak va kolleksionerlarni topgan, shu bois shedevrlar Gettiga arzonga tushardi. 

1974 yilda Getti muzeyiga asos solingan. U bugunga qadar Kaliforniya va G‘arbiy qirg‘oqdagi eng yirik badiiy san'at asarlari muzeyi hisoblanadi. 

Getti xayriya ishlariga sovuqqon munosabatda bo‘lgan. U agar xayriya qashshoqlik muammosini yo‘q qila olganda edi, boyligining 99,5 foizini shunga bag‘ishlagan bo‘lishini ta'kidlagan. Uning fikricha, xayriya tashkilotlari insonlarni passiv pul qabul qilishga o‘rgatib qo‘yadi. 

 

Ishbilarmon hayotining so‘nggi yillari

70-yillarning boshida Getti Britaniya iqlimidan biroz charchaydi, boz ustiga shifkorlar unga bu yerda yashashni tavsiya qilishmaydi. U Kaliforniyaga qaytmoqchi bo‘ladi, biroq buning uchun avval o‘z villasini qurishga qaror qiladi. 

1976 yilda unga prostata saratoni tashxisi qo‘yildi va u shu yilning o‘zidayoq Satton-Pleysda hayotdan ko‘z yumadi. Gettining o‘limidan so‘ng uning merosxo‘rlari 4 milliard dollarni o‘zaro bo‘lishib olishadi.

Pol Gettining o‘limidan keyin uning o‘g‘illari otasi barpo etgan biznesni sotib yuborishadi.

Ishbilarmonning biznesdagi muvaffaqiyatiga na uning shubhali hayot tarzi, na inqirozlar va na urush to‘sqinlik qila olmadi. 

Teglar