Yangi ishga joylashdingizmi? Bilib qoʻyganingiz yaxshi…

  • 14:09 / 20.09.2021
  • 150

Umr oʻtkinchi, vaqt yugurik, odamzod esa bir yerga mangu muallaq emas. Qanchalik qadrdon, qanchalik yaxshi boʻlmasin, kun kelib, sevimli ish joyingizni, qadrdon jamoangizni tashlab ketishga majbur boʻlasiz.

Albatta, siz qanchalik oʻz ishingizning ustasi boʻlmang, yangi ishga oʻrganishingiz oson kechmaydi. Psixologlar taʼkidlaganidek, kuchli inson ortga qaramasdan, olgʻa intilishi kerak, ana shundagina u nimagadir erisha oladi. Ammo bir narsani unutmaslik kerak, xodimning yangi ish joyi bilan adaptatsiya jarayonlari bir qancha muddatni talab qiladi.

Ha, birinchi kun oson boʻlmaydi. Yangi xodimning yangi jamoaga naqadar tez moslashishi ichki muhitga ham bogʻliq albatta. Agar siz ham ana shunday jamoa aʼzolaridan yoki rahbarlaridan boʻlsangiz, hamkasbingizning birinchi kunida ofis boʻylab ekskursiya uyushtiring. Masalan, har bir xonani tanishtiring, qandaydir yordam kerak boʻlsa, kimga murojaat qilish kerakligini ayting.

Siz ham tashrif buyurgan ishxonaningizda ilk kundanoq qandaydir xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun, bilmaganlaringizni soʻrashdan sira tortinmang. Axir aytishadiku, bilmaganni soʻrab oʻrgangan olim deya. Yodingizda boʻlsin, har yerning oʻz tosh-tarozisi bor.

Unutmang, adaptatsiya jarayonlariga jiddiy eʼtibor berilmasligi natijasida ham biznes, ham xodim jabrlanishi mumkin. Sababi esa bitta, ikki tomonning ham jarayonni tushunmasligi.

Siz avvalgi ishxonangizda qanday boʻlgan boʻlishingizdan qatʼiy nazar oʻzingizni jiddiy tuting, kamroq gapiring, baʼzida biladigan narsalaringiz oldida bilmasvoydek mum tishlab turishingizga ham toʻgʻri keladi. Ammo, shuni unutmangki, izzat tilab koʻp demay, sihat tilab koʻp yemasangiz, nur ustiga aʼlo nur boʻladi.

Eʼzoza Turgʻunova