Yaponlar keraksiz gadjetlarni Olimpiya medallari yasash uchun topshirishmoqda

  • 14:27 / 09.03.2019
  • 3516

2020 yilda Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari tarixga eng ekologik nomi bilan kirib ulgurdi. Gap shundaki, g‘olib sportchilarga topshiriladigan barcha medallar keraksiz elektronika buyumlarini qayta ishlash natijasida olingan metallardan yasaladi.

Yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan kompyuter texnikasi, smartfon va boshqa yuqori texnologik qurilmalar utilizatsiyasi borasida bir qator muammolar mavjud. Chiqindilarning bu turi tarkibida mis, qo‘rg‘oshin, oltin, kumush va qimmatli eritmalar yuqori darajada. Shuning uchun ularni yerga ko‘mish atrof-muhitning zaxarli metallar bilan ifloslanishiga olib keladi. Shuning uchun bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Boshqa tomondan esa qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar shu kabi qurilmalarni ishlab chiqarish uchun ikkilamchi xomashyoga aylanishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda muddatini o‘tab bo‘lgan elektronikadan qimmatli qismlarni ajratib olish bilan shug‘ullanishmaydi. Ular to‘planib, qayta ishlash uchun Xitoy yoki Afrika davlatlariga yuboriladi. Albatta, bu yerda texnikani ajratish va undan qimmatli qismlarni olishning sodda usullaridan foydalaniladi. Shuning uchun ham bunday utilizatsiyaning foydasidan zarari ko‘proq.

Tokiodagi bo‘lajak olimpiada tashkilotchilari yaroqsiz gadjet va elektronikani utilizatsiya qilish muammosini yana bir bor yodga solish, shuningdek mamlakatni elektron chiqindidan qisman xalos etishga qaror qilishdi. Jamoat tashkilotlari ham g‘oyani faol tarzda qo‘llab-quvvatladi va butun mamlakat bo‘ylab keraksiz smartfon va boshqa elektron chiqindilarni to‘plash punktlari ochildi. Aksiya davomida 50 tonnadan ortiq chiqindi to‘plandi. Ulardan bir necha tonna kumush va bronza hamda oltin olindi.

Bu kabi tashabbus shubhasiz musobaqalar tashkilotchilarining ijobiy imijini yaratadi va boshqalar uchun ham yaxshi namuna bo‘ladi. Axir bunday chiqindilarni professional utilizatsiya qilish nafaqat sayyorani zaharli chiqindidan xalos qiladi, balki ushbu metallarni an'anaviy usul bilan qazib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘ni ham tejaydi.

Teglar