Yaratilishida o‘zing ishtirok etmagan narsalarga aralashma... (hikoyalar)

  • 04:06 / 31.05.2018
  • 5694

“Tozalovchi” maymun

Bir donishmand yosh bolani hayvonot bog‘iga olib bordi.

– Anavi maymunlarni ko‘ryapsanmi?

– Ha.

– Hov anavi, har bir maymunning oldiga borib sinchiklab tekshirayotganini-chi?

– Ha.

– U “tozalovchi” maymun. U boshqa maymunlarni bitlab ketgan poda deb biladi va ularni “tozalash”ga harakat qiladi.

– Qolganlari-chi?

– Qolganlari esa oddiy maymunlar. Ayrimlarida bit bor, ayrimlarida yo‘q.

– “Tozalovchi”ning bitini kim teradi?

– Hech kim. Shuning uchun bu maymunlar ichida eng bitlab ketgan maymun uning o‘zidir.

Xulosa: hammadan kamchilik qidiradiganlar o‘z kamchiliklarini ko‘rishmaydi.

***

Taxta devor va mixlar

Bir bolaning fe'li juda yomon edi. Dadasi unga bir xalta mix berdi va har safar birortasini xafa qilganida taxta devorga bitta mix qoqishini aytdi.

Birinchi kuni bola devorga o‘ttiz yettita mix qoqdi. Keyingi kunlarda esa o‘z g‘azabini bosishni o‘rgandi va mix qoqishlar soni kamaya boshladi. Nihoyat u kun bo‘yi hech kimni xafa qilmagan kun keldi. Dadasi unga endi o‘z g‘azabini bosib hech kimni xafa qilmagan har bir kuni uchun devordan bittadan mixni sug‘urib olishni buyurdi.

Bir necha kunlardan keyin devorda bittayam mix qolmadi. Dadasi o‘g‘lining qo‘lidan ushlab devor oldiga olib bordi va dedi: "Ha o‘g‘lim, anchagina ter to‘kding, lekin qara, devorda qancha teshik paydo bo‘ldi. Bu devor endi hech qachon ilgarigidek bo‘lmaydi”.

Xulosa: Har safar kimnidir xafa qilganimizda, uning qalbida iz qoladi. Kimgadir yomon so‘z aytib, keyin kechirim so‘rashimiz mumkin, lekin aytgan so‘zimizning izi uning qalbida qoladi. O‘zgalar qalbiga mix qoqishdan saqlanaylik.

***

Kapalak

Bir kuni bir kishi kapalak g‘umbagini ko‘rib qoldi. U g‘umbakni qo‘liga oldi va bir necha soat kapalakning pilla iskanjasidan qutulishga bor kuchi bilan urinishini tomosha qilib turdi. Vaqt o‘tib borar, kapalak pillani tark etishga urinar, lekin buning uddasidan chiqolmasdi. Uning umuman kuchi qolmaganga va g‘umbak ichida qolib ketadiganga o‘xshardi...

Shunda kishi kapalakka yordam bermoqchi bo‘ldi. U qo‘liga qaychi oldi va pillani qirqdi. Kapalak uning ichidan osongina chiqib oldi, ammo uning tanasi zaif, qanotlari esa yoyilmas, tanasiga yopishib turardi. Kishi kapalakni kuzatishda davom etdi. U kapalak qanotlarini yoyib uchib ketishini kutardi.

Ammo bunday bo‘lmadi. Kapalak o‘sha holicha qoldi va o‘ldi.

Qattiq pilla va kapalakning kichkinagina teshikdan chiqish uchun bor kuchi bilan urinishi uning tanasi to‘g‘ri shakl olishi va kuchli tana yordamida qanotlarga kuch kelishi uchun zarur ekanligini, shundagina kapalak pilla ichidan chiqishi bilan qanot qoqishga tayyor bo‘lishini bu inson qaydan ham bilardi.

Xulosa: haqiqatan ham yordaming foyda keltirmaydigan bo‘lsa yoki bunga ishonching komil bo‘lmasa, hech qachon yordam berma. Yaratilishida o‘zing ishtirok etmagan narsalarga aralashma. Aks holda faqatgina zarar keltirasan.

Burgut va burgutcha

Qari burgut jarlik ustidan uchib borardi. Uning yelkasida o‘g‘ilchasi o‘tirardi. Burgutcha hali yosh bo‘lgani uchun bu jarlikdan uchib o‘tolmasdi. Burgutcha otasining yelkasida o‘tirganicha dedi:

– Dadajon! Hozir siz meni yelkangizda ko‘tarib uchyapsiz, katta bo‘lganimda men sizni yelkamda ko‘tarib yuraman.

– Yo‘q, o‘g‘lim, – dedi ota burgut g‘amginlik bilan. – Katta bo‘lganingda yelkangda o‘z bolangni olib yurasan.

***

Osma ko‘prik

Ikki qishloq o‘rtasida chuqur jarlik bor edi. Qishloqlar aholisi jarlik ustiga osma ko‘prik qurishdi. Uning ikki yonidagi arqonlar tutqich vazifasini bajarardi. Odamlar bu ko‘prik ustidan yurishga shunchalik usta bo‘lib ketishdiki, hattoki bolalar ham tutqichlarni ushlamasdan ko‘prik ustidan yugurib o‘tishardi.

Lekin bir kuni tutqich-arqonlar yo‘qolib qoldi. Ertalab odamlar ko‘prik oldiga kelishdi, ammo hech kim uning ustidan o‘tishga jur'at qilolmadi. Arqonlar borligida ularga suyansa bo‘lardi, ammo ularsiz ko‘prik ustidan odam o‘ta olmaydigandek edi.

Xulosa: Ota-onalarimiz bilan ham shunday bo‘ladi. Ular tirikligida bizga ularsiz ham kunimiz o‘tadigandek tuyuladi, ammo ularni yo‘qotishimiz bilan hayot birdaniga juda qiyindek tuyula boshlaydi.

***

Ota nasihati

Bir kuni eshik taqilladi va uy egasi eshikni ochdi. Ostonada qizi ko‘zlari yoshga to‘la turardi va uyga kirishi bilan dardini to‘kib-soldi: "Dadajon, ortiq bunday yashay olmayman, hayotim kundan-kunga qiyinlashib ketyapti. Charchadim, turmushim bunday davom etadigan bo‘lsa, hayotdan bezib o‘zimni biror narsa qilib qo‘yishim mumkin”.

Ota indamadi. U qizib turgan pechka ustiga uchta qozoncha qo‘ydi, har biriga suv quydi va biriga sabzi, ikkinchisiga tuxum, uchinchisiga shakar tashladi. Oradan o‘n daqiqa o‘tgach, u piyolaga shakarli suvdan quydi, sabzi va tuxumni idishga solib qizining oldiga qo‘ydi. Qizi piyolani qo‘liga olishi bilan ota so‘radi:

- Qizginam, bu narsalarda qanday o‘zgarish bo‘ldi?

- Sabzi qaynab yumshab ketdi. Shakar erib yo‘q bo‘lib ketdi. Tuxum qaynayverib qattiq bo‘lib qoldi.

- Sen faqat yuzaki qarayapsan, kel bunga boshqa tomondan nazar solamiz. Qattiq sabzi ko‘rinishi o‘zgarmagan bo‘lsa ham yumshoq holga keldi. Tuxum ham sabzi kabi ko‘rinishini o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, ichi qattiq holatga keldi. Shakar esa qaynoq suvga tushishi bilan erib ketdi va uni shirin holatga keltirdi.

Hayotda ham har birimiz bilan shunday holat yuz berishi mumkin. Kuchli insonlar taqdir sinovlari oldida zaiflashishi, nimjonlar esa qaddini tiklab, kuchli insonga aylanishi mumkin.

- Shakar-chi, u bizni nimaga o‘rgatadi? – so‘radi qiz.

- Bundaylar hayotdagi eng yorqin insonlardir. Ular bir qarashda o‘ta murakkab bo‘lgan har qanday holatga moslashishadi, har bir muammoga yechim topishadi va ishlov berish orqali og‘ir vaziyatni yoqimli vaziyatga aylantira olishadi. Ular hayot qiyinchiliklariga ham go‘zallik baxsh eta olishadi.