Yanvar-iyun oylarida korrupsiyada ayblangan mansabdorlar soni ma’lum bo‘ldi

  • 15:22 / 23.09.2021
  • 104

2021-yil 23-sentyabr kuni  Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning axboroti eshitildi.

Agentlik rahbarining ma’lum qilishicha, 2020-yilda 1 723 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2021-yil 6 oyi davomida korrupsiya holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 1 676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi hamda 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarmida ochiq sud jarayonlarida ko‘rib chiqilgan 55 ta jinoyat ishi o‘rganib chiqilgan. Ushbu jinoyat ishlarining 15 tasi firibgarlik, 18 tasi o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, 2 tasi poraxo‘rlik, 20 tasi boshqaruv tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlardir.

Agentlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, korrupsiyaga oid, birinchi navbatda O‘zbekiston milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarning aksariyati davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq. Jumladan, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimi samaradorligi to‘laqonli bo‘lmaganligi oqibatida maqsadsiz yoki sun’iy oshirilgan narxlarda xaridlarni amalga oshirish, talon-torojliklar ko‘rinishidagi xavf-xatarlar hamon saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, davlat xaridlari jarayonidagi ayrim davlat buyurtmachilarining tanish-bilishchilik asosida ijrochilarni tanlashlari yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish holatlari sodir bo‘layotganligi, xarid g‘olibini aniqlash jarayonida ma’lumotlarning yetarlicha ochiqlanmayotganligi va sohada “inson omili” yetarlicha bartaraf qilinmaganligi aniqlangan.

Eshituv davomida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda o‘z yechimini kutib turgan bir qator muammolar ham borligi ta’kidlandi.