YeChL 4-tur: “Barselona” uyida gol ura olmadi, Chelsidan “kambek” va qolgan natijalar

  • 11:15 / 06.11.2019
  • 63

Kecha Yevropa Chempionlar ligasi guruh bahslarining navbatdagi – 4-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.
  
“F” guruhidan joy olgan “Barselona” o‘z maydonida Praganing “Slaviya” klubini qabul qilib, nursiz durang qayd etdi – 0:0. 
Ushbu guruhning ikkinchi uchrashuvida “Borussiya Dortmund” jamoasi   Milanning “Inter”ini qabul qildi. Qiziqarli kechgan bahsda nemis jamoasi g‘alaba qozonib, o‘z hisobiga uch ochko yozib qo‘ydi. “Inter” raqib darvozasiga ikki bora to‘p yo‘llab, o‘z darvozasidan uch marta gol o‘tkazib yubordi – 3:2.  

“G” guruhidagi bahslar doirasida Sankt-Peterburgga safar uyushtirgan “RB Leypsig” mezbonlarni ranjitdi. Ular mehmonda o‘ynashiga qaramay, “Zenit” darvozasi tomon ikki marta aniq yo‘l topa oldi. “Zenit” esa bu gollarga javob bera olmadi – 0:2.  Shu tariqa “Leypsig” safardan uch ochko bilan qaytdi. “G” guruhidagi ikkinchi uchrashuvda esa Fransiyaning “Lion” jamoasi Portugaliyaning “Benfika” klubini qabul qildi. Unda fransuz jamoasi 3:1 hisobida g‘alabaga erishdi. 
“E” guruhi doirasidagi uchrashuvlarda “Napoli” “Red Bull”ni qabul qilib,  1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, YeChL’ning amaldagi g‘olibi – “Liverpul” “Genk” klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. 

“H” guruhi uchrashuvlari gollarga boy bo‘ldi. Unda Londonda “Ayaks”ni qabul qilgan Chelsi 4:4 hisobida durang qayd etdi. “Lill” klubini qabul qilgan “Valensiya” esa mehmonlar darvozasiga to‘rt bora aniq yo‘l topdi. “Lill” a’zolari bu gollarga bir marta javob qaytardi – 4:1. 

Eslatib o‘tamiz, Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichi to‘rtinchi tur doirasidagi qolgan uchrushuvlar bugun o‘tkaziladi.

Xabardor.uz