Yer uchastkalarini xususiylashtirish masalasi endilikda 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi

  • 08:26 / 14.08.2019
  • 275

Qonunga muvofiq, ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

Mazkur ariza Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Komissiyaning xulosasi hokimning yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish haqidagi qaror komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kunda qabul qilinadi va ushbu qaror ustidan ma'muriy sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun tegishli to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng 3 ish kuni ichida qabul qilinadi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma'lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.