Yolg‘onchiga “shon-sharaf” yoxud Mariya Zaxarovaning “Shon-sharaf” ordeni bilan mukoftlangani haqida…

  • 15:29 / 22.05.2020
  • 1030

Bir hafta burun xalqimiz boshiga tuhmat toshini otgan Mariya Zaxarova kecha, 21-may kuni “Tashqi siyosiy kursning realizatsiyasiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun” “Shon-sharaf” ordeni bilan mukoftlandi.

Rossiya hukumatining bu qaroridan sira ham ajablanmadim. Ammo, tarix bir tuki qilt etmay takrorlanayotganidan o‘ksidim, xolos. Putin urg‘u bergan “tashqi siyosiy kursning” ikki yuz yillik tajribasi bor. Bizda esa... Minoralarimizning tili yo‘q. Ming yillik chinorlarimizning bag‘ri kuygan. Zirabulog‘u Niyozbek ustida charx urgan qarg‘a o‘zbekning pok yerini bulg‘agan, qizg‘aldoqzor tomini toshlagan, oshiga zahar tashlagan istilochining qahramon bo‘lganidan bo‘zlarmidi?! 

Evoh! Bu ne ko‘rgulikki, zolimlarning ko‘ksi to‘la mukofot, mazlumlarning boshida sangi malomat. Mustabid musulmon yurtda mag‘rur, mazlum o‘z uyida muttaham!.. 

Ikki boshli burgut paymonasi qayerda to‘lgan bo‘lsa, o‘sha joy ziyoratgohga aylanganiga bir misol keltirsak.

General Chernyayev qo‘mondonligidagi istilochilar 1865-yilning 15-iyuniga o‘tar kechasi Toshkentni zabt etadi. Professor Hamid Ziyoyev “O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlar tarixi” kitobida toshkentliklar yurt himoyasi uchun jonini berganini aytib o‘tadi.

Istilochilardan biri o‘z esdaliklarida bunday yozadi: “Himoyachilar qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. Har bir qadam yer qaqshatqich jang evaziga qo‘lga kiritildi. Sartlar tomlar, daraxtlar ustiga chiqib olgan, ko‘chalarga barrikada – g‘ov qurgan edi. Bir ko‘chadagi to‘siqni o‘t-olov va qurol bilan amallab yengib o‘tsak, keyingi muyulishda yana xuddi shunday qarshilikka duch kelardik. Xalq oilasi va Islom dini himoyasi uchun mislsiz shijoat bilan jang qilar, askarlarimizga qarshi nafaqat qurol, kamon, oybolta, hatto g‘azab bilan tugilgan mushtini ham ishga solar edi”.

Xunrezlik Kamolon mavzesidagi 3-son bolalar musiqa va san’at maktabi, 34-umumiy o‘rta maktab, qolaversa, Darxon, Tutzor, Qarshi, Kattabog‘, Kirkiy deya ataladigan ko‘chalar joylashgan yerda sodir bo‘lgan. Toshkent zabt etilgandan bir yil o‘tib, 1866-yili jangda halok bo‘lgan rus zobitu askarlari ko‘milgan yer – “Kamolon” qabristoni yaqinida pravoslavlarning kichik bir ibodatxonasi quriladi. “Chasovnya”ga borish uchun metroning “Milliy bog‘” bekatidan chiqib, yo‘l bo‘yidagi “8-d” raqamli ko‘p qavatli uy yonidan – Oftob ko‘chasi bo‘ylab uch yuz qadamdan oshiqroq yurilsa, bas. Xalq tilida “o‘risminora”, “o‘rismozor” deb yuritiladigan ushbu ibodatxona “Oftob” va “Oq oltin 2-tor ko‘cha”larining kesishmasida joylashgan. Har ikki ko‘cha mana shu joygacha enish bo‘lib kelgani sababli, chorraha chuqurlikda joylashgandek tuyuladi. 

Ha, bir yarim asr avval bu joylar shahar tashqarisi hisoblangan. Uzoqdan Xo‘ja Alambardor masjidining minora va gumbazlari ko‘rinadi. Toshkent tarixini o‘rgangan olimlardan O‘ktam Sultonov Xo‘ja Alambardor mozori qal’a devoridan 300 qadam narida bo‘lganini yozgan.

Chor ma’murlaridan yodgorlik “chasovnya” bugun obod: asliday turibdi, ammo yurt himoyachilarining na nomi, na nishoni bor... 

Ikkinchi misol, marhum adib-arbob Sharof Rashidov vafotidan keyin oyoq osti qilingan O‘zbekiston hayoti bilan bog‘liq. 1984–1988-yillarda O‘zbekiston SSR prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Oleg Gaydanov Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov guruhi bilan bir kovakka qatnagan. Bu jinoiy to‘da faoliyati fosh bo‘la boshlagach, SSSR Bosh prokuraturasi Gaydanovni “O‘zbek ishi” uchun munosib taqdirlab, O‘zbekistondan to‘ppa-to‘g‘ri Syelinograd viloyati prokurorligiga yuboradi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori etib tayinlanadi.

Eshak “Boshim omon bo‘lsa, dengizdan suv ichaman” deb aytar ekan. Bu maqol o‘zlarining yovuz rejalariga yetishish uchun umr va vakolatlari uzun bo‘lishini istagan manfurlarga nisbatan aytilgan. Respublika tuhmat toshi ostida majaqlanib, bechora xalq o‘t-olov ichida yonayotgan 1984–1988-yillarda, Aleksey Buturlin O‘zbekiston prokurori bo‘lgan. Bu janob ham jafokash xalqqa ko‘rsatgan jabru zulmi uchun taqdirlanib, Toshkentdan Moskvaga – Rossiya Federatsiyasi prokuroriga o‘rinbosar bo‘lib uchadi. 

Sham o‘chishdan avval bir yorqinlashganidek, qatag‘on ham oxirida avj qiladi. “Troyka”ning yana bir vakili – Eduard Didorenko 1984–1989-yillar O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, amalda butun bir tizimning yakkayu yagona xo‘jayini edi. Bu yiltirbosh general ham O‘zbekistondagi zafarli yurishlari uchun siylanganlardan. Avvaliga Ukrainaning Lugansk viloyati ichki ishlar boshqarmasiga boshliq etib tayinlangan Didorenko nafaqaga chiqqach, umrining oxirigacha Lugansk Ichki ishlar davlat universiteti rektori bo‘lib ishlaydi. Ukrainaning qator orden va medallari bilan taqdirlanadi, Oliy Rada deputati, professor, akademik darajasiga erishadi. O‘nlab monografiya va darsliklar muallifiga aylanadi. 

Uchinchi misol, matbuotchi Mariya Zaxarovaning salaflari bilan bog‘liq.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligining 1989-yil 4-avgust sonida “Ogonyok”, senga ne bo‘ldi?” degan so‘rov-iltijo bosilib chiqadi. Kreml dastyori bo‘lgan “Ogonyok” oynomasi o‘zbek jurnalistlari uchun dunyoda tengsiz minbar, yaktogina mahorat maktabi, eng demokratik, xolis va haqqoniy nashr bo‘lib ko‘rinar, qisqasi, o‘zbek sovet jurnalistikasining “makka”si edi. Aslida, hamkasblarimiz yukunib yurgan paytlarda ham bu nashr o‘z ishini imi-jimida bitirib, til tagida til saqlab kelar, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi ustidan haqoratomuz materiallarni, shovinistik qarashlarni jozibali sarlavhalar bilan niqoblar edi. Va nihoyat, niqob yirtiladi. “Ko‘lanka” (“Zatmeniye”) maqolasi o‘zbek ziyolilarining sabr kosasini toshiradi. Matbuot xodimlari, qalamkashlar shamolga suyanib kelgan edi, shamol g‘uv etdi-yu o‘tdi-ketdi. O‘zganing bo‘yiga qarab to‘n bichganlar, sarobning jimir-jimiriga mahliyo bo‘lganlar boshi xam bo‘ldi. Yuqoridagi emranish – murojaatning paydo bo‘lish sababi shu. To‘g‘risini aytganda, bunday saralavha g‘irt mutelik ifodasi edi. Iltijo qilmasak, shayton malaylari jonni qabz qiladi, deya qo‘rqdik, shekilli. Ehtimol, bu jirkanch jarchilar kirdikori o‘sha paytdayoq kimlargadir ayon bo‘lgan-u, dami ichida yurgan bo‘lishi mumkin. Bilmadim, bir narsa deyish qiyin. Agar “Ogonyok”ning 1989 yil 29-sonigacha bo‘lgan oxirgi 4-5 yillik taxlamlarini ko‘zdan kechirsangiz, jurnal nuqul O‘zbekiston va o‘zbeklar sha’nini yerga uruvchi maqolalar chop etganini ko‘rasiz. Boshqa biron-bir respublika haqida bunday tuhmat materiallarni uchratmaysiz. 

Darvoqe, O‘zbekistonda vaziyatni keskinlashtirishga, xalqlar o‘rtasida olov chiqarishga uringan “Ko‘lanka” maqolasi muallifi, “Ogonyok” jurnali muharriri Anatoliy Golovkov “Mulohaza uchun vaqt”, “Ko‘lanka”, “Yarim yemirilish” maqolalari uchun SSSR Jurnalistlar uyushmasining “Yilning eng yaxshi jurnalistik ishi uchun” mukofoti bilan taqdirlanadi. 

Ana shunaqa!

Biz bu uch misolni istibdod o‘zgalarni siylamasligiga bir dalil sifatida keltirdik, xolos. Xalq bilib aytgan – sulton suyagini xor qilmas. Tarix guvoh: kim O‘zbekistonga tosh otgan bo‘lsa, martabasi oshib, yelkasidagi yulduzchalari yiriklashgan.
Hazir bo‘p turing. Erta-indin Moskovdan yana kimdir o‘zbekka ta’na qilsa, bilingki, u ham “Shon-sharaf”ga ko‘milgay!
Biz shamai izhorlardan yuragi bezillagan xalqmiz. Orzumiz yurt erki o‘zida bo‘lsin! 
Yo, Parvardigor! Bizni o‘z holimizga tashlab qo‘yma! Mazlumning mukofotini o‘zing ber!.. 


Olim TOSHBOYEV, 
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Teglar