Yoshingizga nisbatan katta ko‘rinishni istamaysizmi? Unda bundan boxabar bo‘lishingiz kerak...

  • 15:12 / 25.03.2020
  • 911

Har birimiz o‘z yoshimizga nisbatan yosh va chiroyli bo‘lishni istaymiz. Ba’zida esa buning uddasidan chiqolmaymiz ham. Ona tabiat baribir o‘zinikini oladi-da, deb taqdirga tan berishni tavsiya etmaymiz. Aksincha, yoshingizni katta qilib ko‘rsatuvchi omillardan chetroq bo‘lishingizni ta’kidlaymiz. Buning uchun esa...
 
1. Oqargan sochlar. Kimlardadir sochlar 30 yoshdayoq oqara boshlaydi. Yana kimlardadir to keksalikkacha sochlar rangi saqlanadi. Insondagi bu holat genga bog‘liq bo‘lib, afsuski unga qarshi hech narsa qilolmaymiz. Faqat oq sochlarni yashirish uchun ularni buyashga to‘g‘ri keladi. Lekin bu ishni iloji boricha o‘z vaqtida amalga oshirishga harakat qiling. Negaki, ko‘rinib qolgan oqargan sochlar yoshingizni kattaroq qilib ko‘rsatishi mumkin.

2. Parvarishlanmagan qo‘llar. Hech narsa xuddi qo‘llarchalik ayol yoshini katta qilib ko‘rsata olmaydi. Ular kimyoviy yuvish vositalari ishlatiladigan uy-ro‘zg‘or ishlaridan qattiq jabr ko‘rishadi. Qo‘llaringizni ehtiyotlash uchun uy yumushlarini maxsus qo‘lqoplarda bajarishga harakat qiling.

3. Osilgan yanoqlar hamda bo‘yindagi baqbaqa. Bu holat har narsaga qayg‘urib, xafa bo‘laverishga moyilligi bor ayollarga taalluqlidir. Xafagarchilik tufayli lab burchaklari pastga tushadi va vaqt o‘tib ularda teri osilishi yuzaga keladi. Boshni ko‘p egish odati va yuz bergan ko‘ngilsizliklarni hadeb o‘ylayverish bo‘yin terisida ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bundan tashqari, u baqbaqa yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

4. O‘ta yorqin rangdagi pardoz. Bo‘rttirib qilingan pardoz yoshni ulg‘aytiradi va yashirishga harakat qilingan mavjud kamchiliklarga butun e’tiborni qaratadi

5. Yaltiroq bezakli ko‘ylak. Bejizga 40 yoshdan keyingi davrni, nafislik davri deya atashmagan. Mazkur yoshda imkon qadar sokin rangdagi liboslarni kiygan ma’qul. Negaki, bu ayolni nafis va yoshroq qilib ko‘rsatishga yordam beradi. 

6. Teri salqishi. Yosh o‘tgani sayin qomatni saqlashga yordam beruvchi yoga, suzish yoki yugurish kabi mashg‘ulotlar bilan iloji boricha ko‘proq shug‘ullanish lozim. Bo‘shashgan va salqigan teri sizni yosh ko‘rsatmasligi aniq. 

7. Charchagan nigoh. 16 yoshlik vaqtingizni bir eslab ko‘ring. Siz uchun barchasi qiziq bo‘lganligi sabab ko‘zlaringiz porlab turardi. Agar hayotdan yaxshilik kutmasangiz, nigohlaringiz yoshingizga yosh qo‘shadi. Hayotni eng kichik quvonchlarigacha sevishni o‘rganing. U tortiq etgan barcha yaxshilik va sinovlar uchun minnatdor bo‘ling. O‘zingizni seving va ko‘proq tabassum qiling!

8. Yoshga mos kiyinmaslik. Yoshlarga xos bo‘lgan turli yozuvli va rasmli liboslardan bosh torting. Negaki, 40 yoshli ayol uchun bu holat xuddi tungi ko‘ylakdek yoki nevarangizning kiyimini kiyib olgandek ko‘rinish beradi. Agar quvnoqroq kiyimlarni yoqtirsangiz, ularni faqat uyda kiyganingiz ma’qul.

9. Qo‘pol ko‘rinishdagi poyabzallar. Baland poshnali, noqulay ko‘rinishdagi hamda to‘q rangdagi oyoq kiyimlari yoshni kattaroq qilib ko‘rsatadi. Shuning uchun, oyoq kiyimi tanlaganda ham e’tiborli bo‘ling.