Yozgi mutolaa uchun: Ko‘z uzmay o‘qiluvchi beshta bestseller asar

  • 18:40 / 31.05.2020
  • 170

Hozir eng buyuk “bashoratchi” ham bu yil yozda bizni nimalar kutayotganligi yoki bu safargi yozni qanday o‘tkazishimizni aytib berolmasa kerak. Koronavirus barcha rejalarning oyog‘ini osmondan qilib yubordi. Biroq shunga qaramay ham kitob olami bundan uncha zarar ko‘rmadi, bestseller asarlar doim miriqib mutolaa qilinadi. Ularning aksariyati ostonada eshik qoqib turgan yoz uchun juda mos keladi. Demak, ularning ro‘yxatini havola qilamiz...

“Ahdlar” (Заветы), Margaret Etvud

Iqtibos: “Har qanday shakl, har qanday belgi, bizning xohishimizga zid ravishda biz – tuzoq, o‘lja, yovuzlikning sof va begunoh ildizimiz. Tabiatning o‘zi shahvat ila erkaklarni mast qiladi va ular ikkilanib qoqilib, yiqilib, chizilgan chiziqdan chiqishadi”.
Kanadalik yozuvchi Margaret Etvud “Ahdlar” romani Gilead respublikasining shafqatsiz jamiyati haqidagi antio-utopik hikoyaning davomidir. Romanni o‘qigan o‘quvchi Gileadning paydo bo‘lish tarixini uch ayoldan – Lidiya, Agnes, Deyzi orqali bilib oladi. Romanning taqdimoti 2019-yilning sentabr oyida, Londonda o‘tkazilgan edi. Kitob matn va audioformatda chop etilgan. Kitob dunyo yuzini ko‘rgach esa Buker mukofotiga loyiq, deb topilgan.

“Oddiy odamlar” (Нормальные люди), Salli Runi

Iqtibos: “Marianna unga o‘z oilasi haqida aytib berdi. U nima deb javob qaytarishni bilmadi. U bor-yo‘g‘i qizni sevishini gapirishdan boshladi, xolos...”.
Agar siz zamonaviy adabiyotga qiziqsangiz, unda Salli Runi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U nafaqat iqtidorli yozuvchi, balki mashhur inson hamdir. Ushbu yangi kitob 2020-yilning aprelida sotuvga chiqarilgan va shu sabab bestseller ro‘yxatini Salli Runisiz tuzish qiyin. Ushbu asar ham Buker mukofotiga loyiq ko‘rilgan edi. Bu asarda biz sevadigan mavzu – sinfdoshlarning muhabbati, biri boy ammo yolg‘iz, ikkinchisi esa kambag‘al yigit haqida. Ularning ulkan muhabbati asarda ta’sirli ifodalangan.

“Yarim tovush” (Полутона), Sarina Bouen

Iqtibos: “Men uchinchi sinfdaligimda, mashina radiosida “Yovvoyi shahar” qo‘shig‘ini aytuvchi va onamga har oy chek yuborib turuvchi ikki xil odam aslida bir inson ekanligini bildim”.
Musiqa, ko‘z-yosh, sinov – bu kitobda hamma narsa bor! “Yarim tovush” Freddi Riks musiqalarini sevuvchi qiz haqidagi juda ta’sirchan hikoyadir. U o‘zi sevib, yoqtirib yurgan odam otasi ekanligidan boxabar bo‘ladi. Qiz otasini ko‘rishni doim istardi, ammo onasi buni berkitardi. Taqdir ota bolani uchrashtirdi...

“Parij aks-sadosi” (Парижское эхо), Sebastyan Folks

Iqtibos: “Timbo tarjimai holini o‘qib chiqib, Fransiya qarshiligi shunchalik kichkina ekanligiga ishonolmadim. Putman buni shunday izohladi: “Mahalliy aholining ko‘pchiligi natsistlarga qarshi...”.
“Parij aks-sadosi” britaniyalik yozuvchining haqiqiy topilmasidir. O‘quvchi bunda alohida inson va butun bir davlatning o‘tmishi haqida bilib oladi. Asosiy qahramonlar – Xanna va Tarik. Ular orasida hech qanday o‘xshashlik yo‘q. Ammo ularning ikkalasi ham o‘tmishini aniqlashtirishga intiladi. Ular nafaqat o‘z hayotiga qaytadan nigoh tashlaydi, balki urushda Parijning rolini tushunib yetishadi.

“Bruklinlik bema’nilik” (Бруклинские глупости), Pol Oster

Iqtibos: “Men 30 yoshdaman. 20 kilogramm ortiqcha vaznim bor. So‘nggi ikki hafta davomida men har kuni bitta tushni ko‘raman – tirbandlikda turibman. Balki men nohaqdirman, ammo nimanidir o‘zgartirish vaqti yetdi!”.
“Bruklinlik bema’nilik” AQShda taqdim qilingan edi. Kitob ilk marta rus tiliga tarjima qilingan. Hikoya markazida Natan Glass qahramoni turadi. U Bruklinga vafot etish uchun ko‘chib keladi. Taqdir erkakni qarindoshlari bilan tutashtiradi va uning rejalari o‘zgarib ketadi. Endi Natan “Insoniy bema’niliklar kitobi”ni yaratishga harakat qiladi. Unda Natanni o‘rab turgan odamlar, qarindoshlari haqida hikoya qilinadi. Masalan, u jiyani Tomning uzoq yillar taksi haydovchisi bo‘lib ishlagani-yu, ammo umuman boshqa narsa haqida orzu qilgani haqida xabar topadi. Kunlardan bir kun Tom o‘ziga “endi nimanidir o‘zgartirish vaqti keldi”, deydi. Roman nima bilan tugallanganini uni o‘qish orqali bilib olasiz.

Nargiza Utepova tayyorladi