Yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar barpo etish masalasi koʻrib chiqilmoqda

  • 14:42 / 09.10.2019
  • 125

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi shahar va tuman markazlaridagi avtoturargohlarning holatini tekshirib, ulardagi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rgandi. Vazirlikning rasmiy telegram kanalida avtoturargohalar, xususan, yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar barpo etish haqida maqola e’lon qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yoʻlovchi va yuklarni manziliga oʻz vaqtida xavfsiz yetkazib qoʻyishni tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, sohada oʻz yechimini kutayotgan qator muammolarni bosqichma-bosqich ravishda hal etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hususan, yurtimizda yuk tashuvlari sohasida tadbirkorlik faoliyatini yuritish borasida qulay shart-sharoitlarning yaratilayotgani, milliy va xalqaro tashuvchilar uchun teng imkoniyatlarning taqdim etilgani, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish maqsadida yangi koridorlarning tashkil etilishi yurtimizning xalqaro logistika jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylantirmoqda.

Buning natijasida esa soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi yuk avtomobillari soni keskin ravishda oshib bormoqda. Bu esa oʻz navbatida zamon talablariga mos yoʻl boʻyi infratuzilmalarini yaratish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Ayni damdagi vaziyat esa yuk tashuvlari bilan shugʻullanuvchi korxonalar va haydovchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Xalqaro ahamiyatga ega yoʻl boʻyi hudularida yuk avtomobillari uchun avtoturargohlarning mavjud emasligi shular jumlasidandir.

Bugungi kunda Toshkent shahri hududida oʻz-oʻzidan yuzaga kelgan yuk avtomobillarining noqonuniy turar joylarini tartibga keltirish yoʻnalishida Transport vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida vujudga kelgan noqonuniy toʻxtash joylarining barchasi oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlarga koʻra ushbu joylarda aksariyat hollarda turli shaxslar tomonidan hech qanday ruxsatsiz xizmat koʻrsatilib, haq olinayotganligi, antisanitariya holatlari mavjudligi, haydovchilar va transport vositalar uchun ilk zaruriy sharoitlar yoʻqligi aniqlandi (transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish joyi, haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish joyi, haydovchilar uchun dam olish joylari, transport vositalarini yuvish joylari va hokazo).
Ushbu joylar asosida oʻrnatilgan tartibda jihozlangan (avtomobillarni texnik koʻrikdan va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish joylari, haydovchilar uchun zarur sharoitlar mavjud), qoʻriqlanadigan, aholiga yuk tashish xizmati bilan shugʻullanadigan transport vositalari uchun maxsus pullik avtoturargohlar tashkil etish masalasi boʻyicha Toshkent shahar hokimligiga takliflar kiritildi. Hozirgi kunda ushbu takliflar tegishli idora va tashkilotlar tomonidan oʻrganib chiqilmoqda.

Shu oʻrinda transport vazirligi avtomobil turargohlari, kempinglar va boshqa yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarni barpo etmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga vakolati doirasida yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi. Davlat xususiy-sherikligi asosida bu kabi loyihalarni amalga oshirish orqali oʻz istiqbolli biznesingizni yoʻlga qoʻyishga chaqiramiz.