"Yulduzchalar jamoasi"

  • 04:50 / 10.11.2014
  • 2982

Darvozabon

Jo van der Sar - 16 yosh, "Ayaks" Kichkina Jo otasi kabi futbolchi bo‘lishni, bo‘lganda ham, aynan darvozabon bo‘lishni ixtiyor etgan. Yosh darvozabon bolaligidanoq "Ayaks" maktabida tarbiyalandi va yetarli darajada tarbiyalangach, quyi ligadagi "Nordviyk" jamoasida ham o‘zini sinab ko‘rib, tajriba to‘pladi. O‘tgan yozda u yana "Ayaks"ga, otasi yoniga qaytdi. Edvin o‘g‘liga bor mahoratini, ayniqsa, penalti qaytarish sirlarini o‘rgatmoqda.

Himoya:

Nil Kioun - 19 yosh, "Reding" Uning otasi Martin Kioun, o‘z faoliyatining katta qismini "Arsenal"da o‘tkazib, jahonga tanilgan edi. O‘z davrida Angliya terma jamoasiga ham muntazam ravishda chaqirib turilgan futbolchi, o‘z kar'yerasini "Reding"da yakunlaydi. Tabiiyki, o‘g‘lining kar'yerasi ham shu joyda boshlanadi. Hozirda u jamoaning yoshlari tarkibida markaziy himoyada harakat qilmoqda.

Kristian Maldini - 18 yosh, "Milan" "Milan"da 3-raqam Maldinilar sulolasiga tegishli. Chezare va Paolo Maldinilar uzoq yillar davomida shu raqamli libosda jamoa sharafini himoya qilib kelishgan. Hozirgi kunda, ijara asosida "Breshia"da to‘p surayotgan Kristian, vaqti kelib otasi va bobosining joyida harakat qilishiga ishonch bildirsak bo‘ladi.

Diyego Poyyet - 19 yosh, "Vestxem" Gustavo Poyyet o‘zining eng yaxshi davrlarini faoliyati tugab borayotganida o‘tkazgan, ya'ni, 30 yoshida "kashf etilgan". U "Saragosa"dan "Chelsi"ga o‘tganida aynan 30 yoshda edi. Uning o‘g‘li esa hozirdanoq o‘zini ko‘rsata boshladi. "Vestxem" uni mavsum avvalida "Charlton"dan 500 ming funt-sterling evaziga xarid qildi va APL o‘yinlarida ham maydonga tushirmoqda. Hozirgi kunda "Sanderlayend"ni boshqarayotgan Gustavo Poyyet o‘g‘li haqida juda yaxshi fikrlar bildiradi: "U futbol ichida yashaydi, uxlaganda ham, nafas olganda ham futbol ichida, u o‘z hayotini o‘yinlarsiz tasavvur ham qila olmaydi".

Yarim himoya

Jastin Klyuvert - 15 yosh, "Ayaks" Sobiq hujumchining o‘g‘li chap qanot yarimhimoyachisi bo‘lishni tanlagan. Jastin Gollandiya o‘smirlar jamoasida o‘zining yorqin o‘yinlari bilan ham mutaxassislar nazariga tushgan. U otasi kabi markaziy hujumchi emas, vinger bo‘lsa-da, otasi kabi texnikaga, otasi kabi tezlikka va otasi kabi gol sezish qobiliyatiga ega. Bosh bilan o‘ynaganda ham otasini eslatib turadi.

Enso Zidan - 19 yosh, "Real Madrid" Buyuk Zidanning o‘g‘lining familiyasi Zidan emas, balki, Fernandes, lekin, uning futbolkasiga shunchaki "Enso" deb yozib qo‘yilgan. Va uni hech kim Enso deb emas, "Kichkina Zidan" deb chaqiradi. Chunki, Enso otasining barcha fintlarinipuxta o‘zlashtirib, internetda tarqalgan videoroliklar orqali mashhur bo‘lib ketdi. Uning jonli o‘yinlarini ham yoshlar o‘rtasidagi YeChL uchrashuvlarida kuzatish mumkin.

Yanis Xadji - 15 yosh, "Vitoriul Konstanta" Kichik Xadji hozircha otasi Georgi Xadji 2009 yilda tashkil qilgan kamtargina rumin klubida shug‘ulanmoqda. U otasi kabi pleymeyker ampluasida harakat qiladi, jarima zarbalarini ijro etishda ham otasidan o‘rnak olgan.

Hujum

Devante Koul - 19 yosh, "Manchester Siti" Devante o‘tgan asr oxiri va yangi asr boshida "MYu" da porlagan Endi Koulning o‘g‘li bo‘ladi. U yetti yoshidan "Siti" akademiyasida futbol sir-asrorlarini o‘rganishni boshlagan. O‘tgan yili yoshlar o‘rtasidagi YeChL da “shaharliklar” jamoasi safida 5 ta o‘yinda ishtirok etib, 6 ta gol urishga erishdi. Bu mavsumda esa, "Barnsli" klubida ijara asosida o‘ynamoqda.

Jovanni Simeone - 19 yosh, "River Pleyt" Jovanni Simeone yaqin kelajakda "Atletiko" jamoasida o‘ynay boshlash maqsadida ekanini yashirib o‘tirmaydi. Bu juda mushkul ko‘rinishi mumkin, lekin, yosh Simeone otasining nazariga tushish uchun bor kuchi bilan intilmoqda. U allaqachon Argentina chempionatida muxlislar yoqimtoyiga aylanib ulgurgan bo‘lsa, yaqinda milliy terma jamoada ham debyut qildi. Uning maydondagi laqabi - "samuray".

Romarino - 21 yosh, "Braziliyense" Romarioning o‘g‘li haqida otasi kabi futbol olamiga yorib kirdi deya olmaymiz. U hozirgi kunlarda Braziliyaning quyi ligasida, "Brazilense" bilan yuqori ligaga chiqish uchun harakat qilmoqda. Uning jamoadagi birinchi uchrashuvini kuzatish uchun otasi Qatardan yetib bordi va o‘nlab qarindoshlari bilan birga o‘tirib, o‘g‘lining o‘yinini kuzatdi. O‘sha o‘yinda "Brazilense" "Brazilia"ni qabul qilib, 0:2 hisobida yutqazgan va kichik Romario zaxiradan maydonga tushirilgan edi. Romarinoning asosiy xususiyati - o‘ziga xos fintlaridir. Biz uni Yevropada kutamiz.

Rivaldino - 19 yosh, "Moji Mirim" Rivaldo va Rivaldino o‘tgan yili bir jamoada, Rivaldoning xususiy jamoasida birgalikda harakat qilishgan edi. Kichik Rivaldo ham to‘p bilan muomala qilishda otasidan qolishmasligini ko‘rsatib qo‘ygan. Hozirda u jamoaning asosiy hujumchisi hisoblanadi.

ramziy-termajamoa

Teglar