Yunon va rim faylasuflaridan 5 moliyaviy maslahat

  • 18:39 / 04.06.2018
  • 31808

Barcha davrlar uchun dolzarb dono maslahatlar.

1. Epiktet, «Enxiridion»

Dunyoda ba'zi narsalar bizning tasarrufimizda bo‘lsa, boshqalari - imkon doiramizdan tashqarida bo‘ladi. Taxmin, shijoat, sa'y-harakat, chekinish va hokazolar - bizning tasarrufimizda; tana, mulk, shon-shuhrat, rahbarlikka tayinlanish kabilar - bizning tasarrufimizda emas.

Epiktet

Biz o‘z xohish-istaklarimiz, fikrlarimiz va xatti-harakatlarimizni nazorat qilamiz. Qolgan barchasini, tashqi hodisalarga ta'sir ko‘rsatishga harchand urinmaylik, nazorat qila olmaymiz.

His-tuyg‘ular va xohish-istaklar girdobida qolganingizda yodingizda bo‘lsin: sizda ularga ergashish yoki ergashmaslik imkoni bor. Bu doim faqat o‘zingizga bog‘liq bo‘ladi. Bir lahzalik hissiyotlarga berilish yo berilmaslik o‘z qo‘lingizda.

Maslahatni qanday qilib hayotga tatbiq qilish mumkin?

Do‘konda biror keraksiz narsa xarid qilish istagi tug‘ilganda shu haqida o‘ylang. Taom tayyorlashga erinib, uyga ovqat buyurtma qilmoqchi bo‘lganingizda ham shu maslahatni yodga oling. Shuni unutmangki, sizning tanlovingiz sizning moliyaviy ahvolingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadi. Har qanday shunday qarorning o‘z qiymati bor.

2. Sofokl, «Antigona»

Foto: Kaptain Kobold

Dunyoda pulchalik axloqni buzadigan narsa yo‘q.

Sofokl

Pul — almashinuv vositasi. Maqsadga erishish yoki istagan narsani qo‘lga kiritish uchun pul yetmasa, bu umidsizlikka olib keladi. Ta'kidlash joizki, ko‘pchilik nafaqat orzuga yetishishda, balki shunchaki kun ko‘rishga ham pul yetishmagan vaziyatda qoladi. Bunday vaziyatda tejamkorlikka rioya qilish juda qiyin.

Maslahatni qanday qilib hayotga tatbiq qilish mumkin?

O‘zingiz uchun asosiy moliyaviy tamoyillarni ishlab chiqing va ularga rioya qiling. Masalan, qo‘lga kiritayotgan pulingizdan kamroq pul sarflash va barcha xarajatlarni nazorat qilish. Kundalik xatti-harakatlaringiz va xarajatlaringizni qancha ko‘p nazorat qilsangiz, katta maqsadlarga erishish imkoningiz shunchalik ko‘p. Pulni nima uchun tejayotganingizni aniq anglaganingizda o‘zingizni cheklash u qadar qiyin bo‘lmaydi.

3. Mark Avreliy, «O‘zingizning axloqiy tamoyillaringizga ishoning»

Foto: Ad Meskens

Donishmand kishilarning asosiy tamoyillarini - ularning nima ketidan quvib, nimani chetlab o‘tayotganini o‘rganing.

Mark Avreliy

Qanday qaror qabul qilish borasida ikkilanayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizning axloqiy tamoyillaringizga ishoning. Buning uchun eng avvalo o‘zingiz uchun nima muhim ekani, nimani eng ko‘p qadrlashingiz haqida o‘ylang. Bu qadriyatlar har qanday vaziyatda sizning qaror qabul qilishingizga yordam beradi. Ular o‘zingiz istagan hayot sari harakat qilishda ko‘mak beradi.

Maslahatni qanday qilib hayotga tatbiq qilish mumkin?

Shaxsiy qoidalarni tezda ishlab chiqishning uddasidan chiqa olmasangiz, donishmand kishilarning tamoyillarini o‘rganing. O‘zingiz hurmat qilgan kishilarning qadriyatlarini kuzating. Hammasini mulohaza qiling. Ehtimol, ular sizga ham to‘g‘ri kelar.

4. Platon, «Davlat»

Foto: Marie-Lan Nguyen

Ishbilarmonlar — zerikarli kompaniya, zero ularda pul qiymatidan tashqari hech qanday o‘lchovlar yo‘q.

Platon

Faqat pul ishlash maqsadida o‘z tamoyillari va munosabatlaridan voz kechadigan odamlar bilan muloqot qilish yoqimsiz. Xaridda oyoq tirab turadigan shubhali sotuvchilarni yoki o‘z biznesiga sarmoya kiritishga undovchi tanishlaringizni yodga oling. Bunday inson bo‘lmaslikka harakat qiling.

Maslahatni qanday qilib hayotga tatbiq qilish mumkin?

O‘z majburiyatlaringizni aniq tasavvur qiling va ularni buzmang. Yodingizda bo‘lsin: pullar faqat o‘z tamoyillaringizga muvofiq yashash uchungina kerak. Pullarga bo‘lgan mehr-muhabbatingizning sizning axloqiy tamoyillaringizga ta'sir qilishiga yo‘l qo‘ymang.

5. Epikur, «Xatlar»

Foto: Nobody60

Ozginaga qanoat qilmagan kishini hech narsa bilan qanoatlantirib bo‘lmaydi.

Epikur

Modadan ortda qolmaslikka harakat qilib, eng yangi narsalarni xarid qilishga harakat qilamiz, biroq bu xavfli yo‘l. Afsuski, zamonaviy madaniyat bu moyillikni rag‘batlantiradi. Iste'molchilarga tobora yangi va mukammal tovarlar taklif qilinmoqda.

Maslahatni qanday qilib hayotga tatbiq qilish mumkin?

Agar hayotingizning ayrim jihatlaridan norozi bo‘lsangiz, hechqisi yo‘q, bu rivojlanishga yordam beradi. Biroq bu norozilik tobora yangi narsalarga egalik qilish ehtiyojiga o‘tsa, siz hech qachon tinchlik va qoniqish his qilmaysiz. O‘zingizni o‘zingiz nazorat qilishni o‘rganing.

Teglar