Yuragingiz dov beradimi? Dunyodagi eng qo‘rqinchli attraksionlar

  • 15:04 / 08.05.2019
  • 5346

Odatda, istirohat bog‘lariga odamlar hordiq chiqarish uchun borishadi. Ammo quyidagi attraksionlarga chiqishga hammaning ham yuragi dov bermaydi.

1. Zip World at Penrhyn Quarry, Buyuk Britaniya

Foto: shropshirestar.com

Attraksionga tashrif buyurganlar jarlik ustiga tortilgan uzunligi bir yarim kilometrli trosda soatiga 151 kilometr tezlikda harakatlanadi. Aytishlaricha, pastdagi tog‘lar va ko‘l manzarasidan shu tarzda bahra olish mumkin ekan. Albatta, agarda qo‘rquvdan ko‘zlar yumib olingan bo‘lmasa.

2. «Ulkan kanon», AQSh

Foto: traveler.es

Ulkan halinchaklar «Glenvud Kaverns» istirohat bog‘ida joylashgan. Attraksion balandligi 400 metrli tog‘ yonbag‘rida bo‘lib, uning tezligi soatiga 80 kilometrni tashkil etadi.

Halinchakda uchish 60 soniya davom etadi va unga chiqmoqchi bo‘lganlar ehtimoliy jarohat va hatto o‘lim uchun parkni javobgar qilmaslik haqidagi shartnomaga imzo chekishlari lozim.

3. Takabisha, Yaponiya

Foto: lifehacker.ru

Fuji-Q Highland parkidagi balandligi 43 metrli Amerika tepaliklari attraksioni 121 darajali og‘ish burchagiga ega bo‘lib, vagoncha yo‘lovchisi vaznsizlik holatida bo‘ladi. Eng katta og‘ish burchagiga ega bo‘lgan bu attraksion Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.

4. Dodonpa, Yaponiya

Foto: themeparkguide.org

Fuji-Q Highland parkidagi yana bir attraksion ham Amerika tepaliklaridir. U 2001 yilda ochilgan va o‘sha paytda eng tez attraksion sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan. Vagonchalar soatiga 172 kilometr tezlikda harakatlanadi.

5. Sling Shot, Kipr

Foto: getty images

Bu attraksionda sizni ulkan ayrili cho‘zmada havoga uloqtirishadi. Qurilmaning balandligi 35 metrga teng.

6. Big Shot, AQSh

Foto: youtube /@the world around us

Attraksion Stratosphere Las Vegas mehmonxonasi tomida joylashgan. Tashrif buyuruvchilar 329 metr balandlikka olib chiqiladi, so‘ngra birdaniga pastga tushiriladi.

7. Insanity, AQSh

Foto: dreamstime

Stratosphere Las Vegas dagi yana bir qo‘rqinchli attraksion Insanity charxpalagi ko‘rinishdan oddiygina. Faqat u 300 metr balandlikda aylanadi. 

8. X-Scream, AQSh

Foto: lasvegasjaunt.com

Vagoncha Stratosphere Las Vegas tomidagi relslar bo‘ylab harakatlanadi va tom chetidan chiqib to‘xtaydi. Vagoncha ostidagi bo‘shliqdan yurak orqaga tortib ketadi.

9. Formula Rossa, BAA

Foto: intaminworldwide.com

Ferrari avtomobili 2,8 soniya ichida tezligini soatiga 100 kmga yetkazadi, Ferrari World parkidagi vagonchalar tezligi esa 4,9 soniya ichida  soatiga 240 kmga yetadi. Ular Monsa avtodromi bilan bir xil qurilgan yo‘l bo‘ylab harakatlanadi, masofa 2,2 km.

10. White Cyclone, Yaponiya

Foto: rollercoastertraveller.com

Yog‘ochdan qurilgan Amerika tepaliklari tashrif buyuruvchini 15 qavatli bino bilan teng balandlikka olib chiqadi, umumiy masofa esa deyarli 2 kilometrga teng. 

11. Kingda Ka, AQSh

Foto: tripsavvy.com

Nyu-Jyersidagi bu attraksionning balandligi 139 metr. Yo‘lovchilar eng yuqori nuqtaga vertikal holda ko‘tariladi va shu tarzda pastga tushadi.

12. EdgeWalk, Kanada

Foto: dreamerjobs.com

Tomda yurishni xush ko‘ruvchilar attraksioni. Siz teleminoraning 116-qavatidagi maydon chetida yurishingiz mumkin. Maydon chetlari hech qanday panjara yoki to‘siq bilan o‘ralmagan.

13. Insano, Braziliya

Foto: travel.allwomenstalk.com

Balandligi 14 qavatli uy bilan teng suvli tepalik deyarli to‘g‘ri burchak ostida bo‘lib, kishi pastga juda katta tezlikda tushadi. Pastda esa kichkinagina basseyn kutib oladi.

Tepalikdan pastga tushish o‘rtacha 5 soniya vaqtni oladi, bu vaqt butun hayotingiz ko‘z oldingizdan o‘tishi uchun yetarli.

14. Leap of Faith, BAA

Foto: hotelgate.com

Deyarli tik holatdagi suvli tepalikning balandligi atigi 27 metr. Ammo pastda sizni akulalar suzib yuradigan basseyn kutib turadi. To‘g‘ri, siz shaffof tunnel ichida bo‘lasiz.

15. The High Fall, Germaniya

Foto: freizeitparkinfos.de

Erkin qulash minorasining balandligi 61 metr. Attraksion bir vaqtning o‘zida 30 kishini ko‘tarishi mumkin. Nomidan tushunarliki, tashrif buyuruvchi eng yuqori nuqtadan pastga sakraydi va bor ovozi bilan qichqiradi.

Teglar