Yuridik xizmat xodimlari ustidan kelib tushayotgan shikoyatlar muhokama qilindi

  • 13:56 / 12.09.2019
  • 216

Foto: xabardor.uz

Bugun Adliya vazirligida “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tayyorlash: muammo va kamchiliklar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xabardor.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar norma ijodkorligi faoliyatini faollashishiga olib keldi.

2018-yilda 2621 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihadari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Bu 2016-yilga nisbatan 151 foizga ko‘pdir. Shu bilan birgalikda, aytilishicha mazkur yo‘nalishda muammolar ham mavjud.

Masalan, Adliya vazirligiga kiritilayotgan loyihalar sifati talab darajasida emasligi, 2018-yilda 725 ta loyiha Reglament talabiga rioya etilmasdan Adliya vazirligiga kiritilganligi tufayli huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan kiritilganligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha yuridik xizmatlardagi vakant o‘rinlar soni 2016-yilda 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi paytga kelib bu ko‘rsatkich soni 4 baravarga kamayib, respublika bo‘yicha o‘rtacha 6 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birgalikda seminarda qayd etilishicha yuridik xizmatlar xodimlari ustidan kelib tushayotgan shikoyatlar salmog‘i oshgan.

Ayrim yuridik xizmat xodimlari tomonidan fuqarolarni ovora qilish ular bilan qo‘pol muomalada bo‘lish hollariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Xususan, 2019-yilning o‘tgan davrida adliya organlariga yuridik xizmat xodimlari ustidan 36 ta shikoyatlar kelib tushgan. Qayd etilishicha bu kabi salbiy holatlar huquqshunoslar tomonidan oddiy kasb etika qoidalariga rioya etilmayotganligidan kelib chiqmoqda.

Ma’lum qilinishicha bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan “Yuridik xizmat xodimlarining kasb va etika qoidalari” ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjat o‘z navbatida huquqshunoslarning mas’uliyati va kasbiy samaradorligini yanada oshishiga xizmat qiladi.