Yuta shtatidagi chiroyli sun'iy ko‘llar nima uchun yaratilgan?

  • 11:22 / 22.04.2019
  • 1275

Inson qo‘li bilan yaratilgan sanoat manzaralari ham ayrim vaqtlarda kishida hayrat hissini uyg‘otishi mumkin. Amerikaning Yuta shtatidagi kaliy tuz koni bunga bir misol.

Bu kon Kolorado daryosi vodiysida joylashgan bo‘lib, undan 1965 yildan beri foydalanib kelinadi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yerda 2 milliard tonnaga yaqin kaliy rudasi bor. Shuning uchun zaxira 125 yillik faoliyat uchun yetadi. Ushbu makonda kaliy xloridi va boshqa mineral tuzlari sun'iy bug‘lantiruvchi ko‘llar yordamida qazib olinadi. Kaliy tuzlarini bunday usulda qazib olish – uzoq va mehnat talab qiladigan jarayon. Parmalangan quduqlarga kaliy tuzlarini eritish uchun qaynoq suv haydaladi. Bunday usulda olingan eritma yuzaga chiqarilib, bug‘lanadigan ko‘llarga quyiladi.

Tuzli ko‘llarning maydoni 1,5 kv.km.ga yaqin va eritma tuproqqa singmasligining oldini olish uchun ularga maxsus suv o‘tmaydigan material bilan ishlov berilgan. Bug‘lanish bosqichiga qarab ko‘llardagi eritmalar turli rangda bo‘ladi. Suv bug‘lanishini oshirish va shu yo‘l bilan tuzni olish jarayonini tezlashtirish uchun qo‘shilgan maxsus bo‘yoqlar sabab ko‘l to‘q yashil-ko‘k rangga kiradi. Biroq ayrim hollarda ko‘llar qizil va sariq tusga kiradi. Bu esa eritmada muayyan turdagi suv o‘tlarining mavjudligi bilan izohlanadi. Qush parvoz qiladigan balandlikdan bug‘lantiruvchi ko‘llar juda chiroyli ko‘rinadi.

Ortiqcha namlikni bug‘lantirish jarayoni 9 oyga yaqin vaqt oladi. Undan so‘ng qolgan mineral tuzlar yig‘ilib, keyingi qayta ishlash jarayonlariga yuboriladi. Kaliy tuzlari qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan mineral o‘g‘itlarning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Bundan tashqari, ular sanoatning boshqa sohalarida ham qo‘llaniladi.

Teglar