Zelenskiy rasman Ukraina prezidenti. U yaqin vaqt ichida qasamyod qiladi

  • 17:38 / 30.04.2019
  • 122

Ukraina Markaziy saylov komissiyasi Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lganini rasman e'lon qildi.

U 73,23 foiz ovoz olgan holda g‘olib chiqqan. Amaldagi prezident Petro Poroshenkoni saylovchilarning 24,45 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Saylovda davomat 61,37 foizni tashkil etgan - unda Ukrainaning 18 million 491 ming 840 nafar fuqarosi ishtirok etgan.

Zelenskiyning inauguratsiya marosimi kunini Oliy Rada tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, marosim saylov natijalari rasman e'lon qilinganidan keyin 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida o‘tkazilishi kerak. Bu holatda qasamyod marosimi eng uzog‘i 30 may kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Bundan avvalroq, Zelenskiyning jamoasi Petro Poroshenkoni jamoasi Ukraina konstitutsiyaviy sudi raisi Stanislav Shevchukni iste'foga chiqarish orqali Vladimir Zelenskiyning inauguratsiyasini noma'lum muddatga ortga surishga harakat qilishda ayblagandi.

Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, yangi saylangan prezidentga inauguratsiya vaqtida vakolatlarni konstitutsiyaviy sud raisi topshiradi, biroq marosim vaqtida sud raisi bo‘lmasa ziddiyat yuzaga kelib, davlat rahbari vazifasiga kirishish noma'lum muddatga, jumladan konstitutsiyaviy sudga yangi rais saylangunga qadar qoldirilishi mumkin.

Zelenskiyning o‘zi esa MSKni saylov natijalarini e'lon qilishni qasddan kechiktirayotganini aytib, bundan maqsad yangi prezident Oliy Radani muddatidan avval tarqatib yuborishining oldini olish ekanini ma'lum qilgandi. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, parlamentni vakolati muddati tugashidan 6 oy oldin tarqatib yuborish mumkin. Bu holda oxirgi muddat 27 may bo‘ladi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, inauguratsiya marosimi avvaldan 28 may kuniga belgilab qo‘yilgan.

MSK prezidentning ayblovini inkor qildi va qonunga ko‘ra, byulletenlarni to‘liq hisob-kitob qilish uchun komissiyaga saylov kunidan keyin 10 kun muddat berilganini ro‘kach qildi.

Ukrainada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi 21 aprel kuni o‘tkazilgandi.

Teglar